O‘zbekiston | 10:10 / 23.10.2019
58907
4 daqiqa o‘qiladi

Ahmed Aliyev: «Biz prezident atrofida birlashishimiz kerak»

21 oktabr kuni yetti yil «Jasliq» qamoqxonasida mahbuslikda bo‘lgan «Aliyev zargari» (Gold Center) zargarlik kompaniyasi rahbari Ahmed Aliyev Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumani davomida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan minnatdor ekanligini bildirdi.

Foto: Gazeta.uz

«Men o‘zbek xalqining farzandiman. Shu yerning nonini yeyapman, bu mening xalqim, xalqimni judayam hurmat qilaman va sevaman. Men Xudo yorlaqagan va muqaddas O‘zbekiston zaminidagilar baxtli yashashini istayman. Ular ertalab turib kechgacha qamoqqa olib ketishadimi-yo‘qmi deb o‘ylab qo‘rqmasliklarini, erkaklarimiz o‘z oilalarini tashlab ularni boqish uchun ishlab pul topgani chet ellarga ketmasliklarini, O‘zbekistonda barqarorlik bo‘lishini istayman. Buning uchun birinchi navbatda bizga nima kerak? Biz birlashishimiz kerak. Xalq prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev atrofida birlashishimiz darkor. 

Men hozir aytadigan gaplar O‘zbekiston maxsus xizmatlari yoki kimningdir buyrug‘i bilan aytilmayapti. Bu so‘zlar tilimdan emas, yuragimdan, qon tomayotgan yuragimdan chiqyapti. Bugungi kunda mening shaxsiy fikrimcha, Prezident farmonlari va islohotlari sabotaj qilinmoqda. Prezident ko‘zlagan maqsadlarini amalga oshira oladimi? Keling, shu mavzuda gaplashamiz. Avvalgi va bugungi davrni solishtiramiz. O‘sha davrlarda men mana bunday matbuot anjumani o‘tkaza olarmidim? Yo‘q! So‘z erkinligi bor hozir. Hozirda jurnalistlarni ta'qib qilishyaptimi? Yo‘q! 

Davom etamiz. Markaziy Osiyoning qaysi davlati bilan yaxshi munosabatda edik? Keling, to‘g‘risini aytamiz. Hech biri bilan yaxshi munosabatda emasdik.  Bugun esa nafaqat do‘stona, balki qardoshlarcha munosabatdamiz. Hozir temir yo‘llar ochiq, yangi aviatsion reyslar, qo‘shma korxonalar ochilmoqda. Bu yerda 25 yil yashab fuqarolik ololmagan odamlar fuqarolik oldi. Yangi tibbiy uskunalar sotib olindi, xorijlik shifokorlar kelib maslahatlar berishmoqda. Uyga muhtojlarga uylar berilmoqda.

Men Toshkentda deyarli sakkiz yil bo‘lmadim. Hozir shaharda olib borilayotgan qurilishlardan hayratdaman. Bu kim uchun? Xalq uchun! 

«Jasliq»dagi qamoqxonada o‘tirganimda, televizor orqali Shavkat Miromonovichning chiqishini, uning «pogonli bo‘rilar»ni ishdan olib tashlashini ko‘rgan, insoniylik, yaxshilik, sudlar ishiga aralashmaslik haqidagi gaplarini eshitgan mahbuslarning ko‘zlaridan oqqan yoshlar yuzlarini yuvganini ko‘rganman. Noqonuniy qamalgan, farzandlari qanday o‘sayotganini ko‘rishdan mahrum bo‘lgan qanchadan-qancha insonlar ozodlikka chiqdi. Shavkat Mirziyoyev ko‘plab insonlar ko‘zlaridagi yoshlarni aritdi», deydi Aliyev.

Ahmed Aliyev matbuot anjumani davomida «Jasliq» qamoqxonasidagi sharoit va mahbuslar duch kelgan qiynoqlar haqida ham gapirib bergandi.

Eslatib o‘tamiz, Ahmed Aliyev 2012 yili hibsga olingan, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 23 ta moddasi bo‘yicha ayblov e'lon qilingan. 2013 yili esa u uyushgan jinoiy guruh tuzishda aybdor deb topilib, 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. 2019 yil sentyabrida esa jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi «Aliyev ishi»ni qayta ko‘rib chiqib, uni sud zalidan ozod qilgan edi.

Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, uning qamalishiga bir tomondan iqtisodiy, boshqa tomondan esa siyosiy sabablar bo‘lgan. Uning o‘zi qamalishida siyosiy sabablarni asosiy rol o‘ynagan deb hisoblaydi.

Mavzuga oid