Mozambikda «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasining jangchilari o‘ldirildi – OAV
Rossiyaning “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasining 5 yollanma jangchisi Mozambikda isyonchilarning hujumidan keyin halok bo‘ldi. Bu haqda anonim manbalarga iqtibos keltirgan holda Carta de Mocambique nashri xabar berdi.
“Vagner” peterburglik tadbirkor, OAVda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning “shaxsiy oshpazi” deb ataluvchi Yevgeniy Prigojinga tegishli ekani aytiladi.
Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, voqea 27 oktyabrda Kabu-Delgadu viloyatida yuz bergan. Ta'kidlanishicha, isyonchilar pistirma uyushtirib, yollanma jangchilar va mamlakat kuch tuzilmalari xodimlari ketayotgan avtomobilga o‘t ochishgan. Oqibatda Mozambik aksilterrorchilik kuchlarining 20 xodimi ham halok bo‘lgan.
Ta'kidlanishicha, halok bo‘lgan jangchilarning boshlari tanalaridan judo etilgan bo‘lgan. Ma'lum qilinishicha, isyonchilar har bir o‘ldirilgan “dushman” uchun 70 dollarga yaqin pul olishadi va buni isbotlash maqsadida yuqoridagi kabi yo‘l tutishadi.
Rossiya tashqi ishlar vazirligida rossiyaliklarning o‘ldirilgani haqidagi axborotga izoh berilmagan.
Mozambik shimolida 2017 yildan beri hukumat qo‘shinlari va jihodchilar o‘rtasida janglar davom etib keladi. Rossiya va Mozambik o‘rtasida harbiy-texnik hamda harbiy hamkorlik haqidagi kelishuvlar amal qiladi.
“Vagner” norasmiy harbiy tuzilma bo‘lib, uning yollanma jangchilari Afrikaning bir nechta davlatlari, jumladan Kongo, Sudan, Liviya, Madagaskar, Angola, Gvineya, Gvineya-Bisau, Mozambik, Zimbabve va Markaziy Afrika Respublikasida xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishlari ta'kidlanadi. Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, “Vagner” jangchilari, Donbass, Suriya, Sudandagi harbiy harakatlarda ham ishtirok etishgan.
Mavzuga oid
14:36 / 23.12.2024
Mozambikda siklon 100 ga yaqin kishini hayotdan olib ketdi
17:22 / 25.11.2024
Malida «Vagner»ning bir necha jangchisi o‘ldirildi
15:35 / 25.11.2024
Malida «Vagner» XHKning bir necha yollanma askarlari o‘ldirildi
22:12 / 25.09.2024