O‘zbekiston | 14:18 / 05.11.2019
16293
3 daqiqa o‘qiladi

Yil oxirigacha internet xizmatlari narxi 15-20 foizga arzonlashishi kutilmoqda

2019 yil oxirigacha internet xizmatlari narxi 15-20 foizga arzonlashishi kutilmoqda. Bu haqda 4 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Qahramon Yo‘ldoshev ma'lum qildi.

Uning aytishicha, 2019 yilning 9 oyida operator va provayderlar uchun internet tarmog‘iga ulanish xizmatlari narxi 29 foizga arzonlashdi va hozirgi kunda 1 mbit uchun 70 ming so‘mni tashkil qilmoqda. Albatta bu chegara emas.

Vazir o‘rinbosarining bildirishicha, o‘tgan yili «O‘zbektelekom» tomonidan yirik loyiha amalga oshirilgan bo‘lib, unga ko‘ra xalqaro paketli kommutatsiya markazining o‘tkazuvchanlik qobiliyati 10 barobar kengaytirilgan. Hozir o‘tkazuvchanlik qobiliyati 1,2 gigabit tezlikka teng.

«Internet xizmatlari narxining tushishida bir-biriga bog‘liq bo‘lgan ko‘p omillar bor. Bugungi kunda respublikadagi yirik operator va provayderlar tomonidan xizmatga bo‘lgan talabdan kelib chiqib markazning foydalanish foizi ortib bormoqda. Yuklama ortib borishi bilan birga teng ravishda sotib olinayotgan internet kanallarining hajmi ham ortib boradi. Shu munosabat bilan operatorlardan olinayotgan narxning qiymati ham tushirib boriladi.

Aytmoqchimanki, agar 2019 yilning 9 oyida 29 foiz arzonlashgan bo‘lsa, yil yakunigacha internet xizmatlari narxi 15-20 foizga arzonlashishi kutilmoqda», deya AKT vaziri o‘rinbosari Qahramon Yo‘ldoshevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazir o‘rinbosari internet xizmatlariga kundan-kunga talab ortib borayotganini inobatga olib, vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham to‘xtalib o‘tdi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

«Tarmoq shunaqa jadal sur'atlar bilan rivojlanyaptiki, yaqin bir necha yil ichida xalqaro paketli kommutatsiya markazining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish loyihasining keyingi bosqichini davom ettirmasak, talabni qondira olmay qolishimiz ehtimoli ham bor. Shuning oldini olish uchun hozirgi kunda yana ikkinchi bosqichdagi texnik loyiha ustida ish olib borilmoqda», deydi Qahramon Yo‘ldoshev.

Matbuot anjumanida, shuningdek, O‘zbekistonda mobil aloqa yetib bormagan 478ta aholi punkti borligi, 2020 yilning oxirigacha raqamli infrastrukturadan foydalanuvchilar ulushini o‘rtacha 65 foizga olib chiqish kutilayotgani va 1 aprelidan 1 noyabrga qadar qariyb 29 mln mobil qurilma UZIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqida ham ma'lumot berildi.

Mavzuga oid