Jahon | 20:45 / 18.11.2019
11739
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ukrainaga Kerchda ushlangan kemalarni qaytardi 

Foto: REUTERS

Rossiya 2018 yil noyabrda Kerch bo‘g‘ozida rossiyalik chegarachilar tomondan ushlangan uchta kemani Ukrainaga qaytardi. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vazirligida ma'lum qilindi.    

“Shuni yana bir bor ta'kidlashni istardikki, 2018 yil noyabrda harbiylarga ig‘vogar harakatlarni amalga oshirishga buyruq bergan rasmiy Kiyevning harakatlari nafaqat Rossiya suverenitetiga, balki ongli ravishda hayotlari xavf ostiga qo‘yilib, qoidabuzarlikni amalga oshirishga undalgan ukrainalik fuqarolarga qarshi jinoyat hisoblanadi”, deyilgan vazirlik xabarida va Rossiya kelgusida ham o‘z chegaralari yonida har qanday ig‘vogar harakatlarni qattiqqo‘llik bilan oldini olishi ta'kidlab o‘tilgan.   

Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Yelena Zerkal “Nikopol”, “Berdyansk” va “Yani Kapu” kemalari Odessaga yo‘l olayotganini ma'lum qilgan.

Noyabr boshida Ukraina tashqi ishlar vazirligi Rossiyaga ushlangan kemalarni qaytarish talabi bilan nota yo‘llagandi. 

May oyida esa BMTning xalqaro tribunali dengiz huquqshunosligiga ko‘ra Rossiya zimmasiga Ukrainaga kemalari va dengizchilarini qaytarish majburiyatini yuklagandi. Sentyabrda Rossiya va Ukraina o‘rtasida mahkumlarni almashish doirasida Kerchdagi voqea vaqtida qo‘lga olingan 24 ukrainalik dengizchi vataniga qaytarilgandi.

Ukraina kemalari Azov dengizida ushlangandi. Rossiyaning ta'kidlashicha, kemalar Rossiya suv hududlariga noqonuniy ravishda kirgan.

Mavzuga oid