Sport | 12:19 / 20.11.2019
41678
8 daqiqa o‘qiladi

Kutilmagan iste'fo. Pochettino nega ketdi?

Odatda, terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffus paytida klublarda hammasi tinch bo‘ladi, lekin seshanba kuni Angliyada haqiqiy «bomba» portladi. «Tottenhem» bosh murabbiy Maurisio Pochettinoni iste'foga chiqardi. Ha, ikki tomonlama kelishuv asosida shartnomani tugatish emas, aynan iste'fo ro‘y berdi.

Levi nima deydi?

«Bizning bu o‘zgarishlar tomon yurishimiz oson bo‘lmadi va bu qaror shoshilinch tarzda qabul qilingan yechim emas» – dedi «shporlar» xo‘jayini Deniyel Levi, - «afsuski, jamoaning chempionatda o‘tgan mavsum oxirlaridagi va ushbu mavsum boshidagi natijalari hafsalani pir qiladigan darajada bo‘ldi.

Rahbariyat uchun bu juda og‘ir qaror, zero biz Maurisio va uning shtabi bilan birgalikda juda ajoyib onlarni boshdan kechirdik. Lekin klub manfaati uchun shu yo‘ldan borishga majburmiz.

Maurisio va uning shtabi «Tottenhem» tarixiga kirdilar. Biz o‘z stadionimizda o‘ynay olmagan juda qiyin damlarda ham u sinovlarga dosh berdi, bizga ijobiy natijalar va onlarni olib kelgandi».

Aslida bunday yangiliklar oldidan matbuot turli mish-mish va insaydlarga to‘lib ketar, hamma iste'foning qachon yuz berishi-yu, yangi nomzodlar ustida muhokama qilishardi. Lekin bu safar unday bo‘lmadi, iste'fo yuz bergan kunning boshlanishida Telegraph nashri «Tottenhem» Pochettinoni ketkazmoqchi emasligini, buning ustiga unga to‘lanishi kerak bo‘lgan 12,5 million funt tovon puli ham katta summa ekanini yozgandi. Lekin hammasi o‘zgarib ketdi, tovon puli esa, endi to‘lanadi.

Iste'foga yetaklagan natijalar

Natijalar bilan qarasak, Pochettinoning ketishi u qadar hayratlanarli emas, «Tottenhem» nafaqat ushbu mavsumni, balki o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmini ham juda yomon o‘tkazdi. Faqat Chempionlar Ligasidagi natijalar vaziyatni biroz boshqacha ko‘rsatib turgandi, xolos.

«Tottenhem» APLdagi so‘nggi 24 o‘yindan atigi 25 ochko oldi – agar chempionat fevralda boshlanganda, hozir klub ligada o‘z o‘rnini saqlab qolish uchun kurashayotgan bo‘lardi. Bu mavsumda londonliklarda 12 o‘yindan keyin 14 ochko bor va jamoa Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi beriladigan o‘rinlardan (11 ochko) ko‘ra, «xavfli zona»ga (6 ochko) yaqinroq turibdi. «Bavariya»dan Chempionlar Ligasida qabul qilib olingan 2:7 hisobidagi mag‘lubiyat esa, juda og‘ir zarba bo‘ldi.

Bir necha manbaning aytishicha, Pochettino klubning transfer kampaniyasidan norozi bo‘lgan. Argentinalik mutaxassis tarkibni tubdan yangilamoqchi bo‘lgan, Sebalos va Koutinoni shaxsan chaqirgan. Ammo rahbariyat faqat bitta yirik transfer bilan cheklandi – 60 million yevroga Ndombele olib kelindi. Murabbiyga kerak emasligi aytilgan Eriksen, Rouz va Alderveyreld sotib yuborilmadi.

Avgust oyida Pochettino beqaror vaziyatdan nolidi, chunki ba'zi futbolchilarning ketish yo ketmasligi aniq emasdi. Masalan, himoya markazini yana Vertongen va Alderveyreld bilan boshlasa, shartnomasi atigi bir yil qolgan bu futbolchilar transfer oynasi so‘ngida sotib yuborilishi mumkin edi. Xuddi shunday Eriksen ham, yozda ko‘p marta jamoani tark etmoqchi ekanini aytgandi.

Telegraph nashrining yozishicha, so‘nggi paytlarda Pochettino futbolchilar bilan masofa saqlay boshlagan, ular esa, xalqaro o‘yinlar bilan bog‘liq ta'til paytida bir-birlariga yangi murabbiy kim bo‘lishi haqida xabar yozib yurishdi.

Pochettino – tarixda eng yaxshisi

Pochettino bilan birga «Tottenhem»ni yana uch yordamchisi – Xesus Peres, Migel D’Agostino va Toni Ximenes ham tark etmoqda. Independent ma'lumotiga qaraganda, umumiy tovon puli 20 million funtni tashkil qiladi va bundan 12,5 millionini Maurisio Pochettino oladi.

To‘g‘ri, Pochettinoning so‘nggi natijalari yaxshi emas, lekin shuni qayd etish lozimki, u APL davridagi (1991 yildan buyon) «Tottenhem»ning eng yaxshi murabbiyidir. Uning davrida klub to‘rt marta YeChL yo‘llanmasini beruvchi o‘rinlarni egalladi. Usiz esa, atigi ikki marta shunday natijaga erishilgan, xolos. Pochettino «Tottenhem» ustozi sifatida 202 o‘yin o‘tkazdi – bu ham rekord. Bu o‘yinlarning 56 foizida g‘alaba qozondi. Faqat Tim Shervudning (59 foiz) ko‘rsatkichi yaxshiroq, ammo Shervud jamoani atigi 1,5 yil boshqarganini ham unutmaslik kerak. Albatta, Chempionlar Ligasi finaliga chiqish ham, «Tottenhem» uchun juda yuqori cho‘qqi. 

Mourino APLga qaytdi

Dastlab Sky Spors jurnalisti Fabritsio Romano bo‘shab qolgan o‘ringa eng yaqin da'vogar Joze Mourino ekani haqida yozdi.

Bir hafta oldin, agar Pochettino mavsum o‘rtasida klubni tark etsa, uning o‘rniga Mourinodan tashqari, Massimiliano Allegri ham da'vogarlik qilishi aytilgandi. Yozda esa, klub «Bornmut» ustozi Eddi Hau, «Leypsig»da ishlayotgan Yulian Nagelsmann, shuningdek, Angliya terma jamoasi ustozi Garet Sautgeyt variantlarini ham ko‘rib chiqishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi.

Daily Mail esa, bu lavozimga ayni vaqtda «Napoli»ni boshqarayotgan Karlo Anchelotti kelishi mumkinligini yozdi. Ayni vaqtda kelib londonliklar klubi 1 yildan buyon ishsiz bo‘lgan Joze Mourinoni rasman yangi bosh murabbiy etib tayinladi.

Pochettino?

Yaqin yaqinlarda ham, masalan «Manchester Yunayted» Pochettinoni qo‘lga kiritish uchun bir necha milliondan voz kechishi mumkinligi ham aytilardi. Ammo aynan hozir Sulsherning holati u qadar aniq emas. «Tottenhem»da ro‘y bergan holatlar esa, manchesterlik bosslarni vaziyatga yanada ehtiyot bo‘lib yondashishga undashi mumkin.

«MYu» va APLdan tashqari aynan Maurisioga mos bo‘lgan loyihalar bor, masalan, Italiyaning «Milan» klubi. Bir qator yosh va tushunarsiz iqtidorlardan bir jamoa qura olish salohiyati aynan «Milan» uchun ayni muddao. Shuningdek, u yana Ispaniyaga qaytib, «Sevilya», «Valensiya» kabi qiziqarli ishlarni qabul qilishi mumkin. «Barselona»da Valverdening kursisi qimirlab turgan bo‘lsa-da, o‘z vaqtida «Espanol»ni boshqargan Maurisio hech qachon «Barselona»da ishlamasligini aytgandi. Shuningdek, Zidanning «Real»dagi o‘rni ham u qadar mustahkam emas.

Xullas, variantlar ko‘p. Katta ehtimol bilan Maurisio yozgacha dam olishni ma'qul ko‘radi va o‘shanda o‘zini qiziqtirgan va mos variantlar ustida bosh qotirib ko‘radi. «Tottenhem»dagi olti yil unga bunday variantlar ko‘p bo‘lishini kafolatlaydi, ishonavering.

Internet materiallari asosida

Mavzuga oid