Jahon | 12:20 / 26.11.2019
81914
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident samolyoti hamon Nazarboyevda: Qozog‘istonning haqiqiy rahbari kim?

Foto: REUTERS/Jonathan Ernst

Prezident samolyoti yoki Qozog‘istondagi birinchi raqamli bort hali ham Nursulton Nazarboyevning tasarrufida. Bu haqda REX AA xabar bermoqda.

Qozog‘istonning haqiqiy prezidenti kim?

«Vorisiga amalini topshirganidan keyin, janob Nazarboyev To‘qayevga prezidentlik borti - 250 million dollarga baholangan Airbus A330-243 Prestige laynerini ham berishi kerak edi. Ammo bu yuz bermadi. Natijada, Qozog‘istonda noyob holat yuzaga keldi, mamlakatda bir vaqtning o‘zida ikkita prezident samolyoti ishlatilyapti. Ulardan birida sobiq davlat rahbari, ikkinchisida esa yangi prezident parvoz qilmoqda», - deb yozadi OAV.

ACS aviatsiya charter xizmati jurnalistlari ushbu masala bo‘yicha kichik tekshiruv o‘tkazdi. Ularning aniqlashicha, yuqorida aytib o‘tilgan, UP-A3001 bort raqamiga ega hamda Nursulton Nazarboyev tomonidan maqom jihatidan eng muhim davlat tashriflari vaqtida foydalanilgan Airbus A330-243 Prestige layneri sobiq davlat rahbari ixtiyorida qolgan.

Airbus A330-243 Prestige

Bundan tashqari, bunday bort raqamiga ega havo kemasi, 2019 yil oktabr oyi oxiridagi ma'lumotlarga qaraganda, davlatning birinchi shaxsi va rasmiy delegatsiyalar a'zolari parvozini ta'minlaydigan «Berkut» davlat aviakompaniyasi balansida emasligi ma'lum bo‘ldi.

Layner «Qozog‘iston - Hukumat» operatori flotida qayd etilgan. Agar, Elboshi va Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi Nursulton Nazarboyevning faoliyati to‘g‘risidagi xabarlar aviatsiya harakatlarini kuzatish uchun mo‘ljallangan onlayn-monitoring manbalari ma'lumoti bilan taqqoslansa, unda UP-A3001 bort raqami bo‘lgan layner sobiq prezident tasarrufida qolganini ko‘rish mumkin.

Qosim-Jomart To‘qayev va Nursulton Nazarboyev

Yangi prezident-chi? Qozog‘iston prezidenti sifatida Rossiyaga birinchi davlat tashrifi paytida Qosim-Jomart To‘qayev butunlay boshqa layner - Airbus A321-211(CJ)dan foydalangan - bu havo kemasi shundan beri uning birinchi bortiga aylandi. Aynan ushbu samolyot bugungi kunda «Berkut» davlat aviakompaniyasining balansida.

Hozirda aviakompaniya flotida 11ta samolyot mavjud bo‘lib, ular orasida yuqorida aytib o‘tilgan Airbus A321-211(CJ)dan tashqari, Airbus A320-214(CJ) Prestige, Boeing 757-200, SRJ-200, Bombardier Challenger 850, ikkita Mi-8 vertolyoti (borish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlar uchun), bitta Il-76 va to‘rtta An-2 bor. Davlat aviakompaniyasi hukumat delegatsiyalari, shuningdek, davlatning birinchi shaxsi parvozlarini amalga oshiradi.

Shu tariqa, Qozog‘istonda g‘ayrioddiy vaziyat yuzaga keldi - mamlakatda aslida hokimiyat almashinuvi ro‘y berdi, ammo buni faqat uning bo‘linishi tarzida ko‘rish mumkin. Ya'ni, respublikada hozir ham amaldagi prezidentda, ham sobiq davlat rahbarida birinchi raqamli samolyot bor, deb yozadi OAV.

Mavzuga oid