Jamiyat | 17:10 / 26.11.2019
116974
11 daqiqa o‘qiladi

«Taksichilik osonmi?» - Andijon-Toshkent yo‘nalishida qatnovchi haydovchilar muammosi

Andijon viloyatidan Toshkent shahriga bormoqchi bo‘lsangiz ikki transportdan birini tanlaysiz: poyezd yoki taksi. Qaytishda ham shunday tanlov. Poyezd poytaxtga kuniga ikki marta qatnaydi. Bu transportlarda qatnash narxi deyarli bir xil. Qiyin yo‘nalish. Qamchiq dovonidan o‘tish kerak.

Yo‘lovchilar ko‘proq taksida yurishni ma'qul ko‘rishadi. Buning asosiy sababi taksichi sizni uyingizdan ham olib ketishi mumkin. Yana vokzalgacha emas, siz istagan manzilga - Yunusobodmi, Chilonzormi va hatto Qoraqamish dahasiga ham olib borib qo‘yadi.

Andijon shahrida Toshkent tomon boruvchi taksilar turadigan va xalq orasida «Toshkent pitak» nomi bilan mashhur bo‘lgan ikki manzil bor. Ularning biri Yangi shahardagi «Avtovokzal»da, ikkinchisi, «Uzumzor» ko‘chasida joylashgan.

Toshkentdan qaytishda esa Qo‘yliqdagi avtoturargoh. Norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, «Andijon-Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha qatnaydigan taksilar soni 500dan ziyodroq.  Ular kuniga o‘rtacha ming nafarga yaqin yo‘lovchi tashiydi.

Kun.uz’ga mazkur yo‘nalishda qatnovchi haydovchilardan murojaat tushdi. Ma'lum bo‘lishicha, andijonlik taksichilar Toshkent viloyati hududiga kirgach, ularni o‘sha hudud Transport boshqarmasi xodimlari va YHX xodimlari to‘xtatib, litsenziya so‘rab, jarima solib, mashinalarini jarima maydoniga olib kirib qo‘yayotgan ekan.

Avtoturargohga borib haydovchilar bilan suhbatlashdik.

«Uzoq yillardan beri poytaxtga qatnayman. Muammo shundaki, shu kunlarda dovondan o‘tib, Toshkent viloyatiga kirishimiz bilan YHX xodimlari va o‘sha hudud «Daryotrans» xodimlari yo‘lni to‘sib, litsenziya so‘rashyapti. Bizda litsenziya yo‘q. Sababi, Andijon Transport boshqarmasiga kirsak, xodimlari «Andijon-Toshkent» yo‘nalishi yo‘qligini, bizga litsenziya bera olmasliklarini aytishyapti. Jarimaga tortishyapti. Asosan o‘sha yerning o‘zida bir million so‘m atrofida pul to‘lab qutulyapmiz.

Ba'zi ukalarimizning ishini esa sudgacha oshirishdi. Nahotki, mana shu yo‘nalish bo‘yicha qonuniy, bizning imkoniyatlarimizdan kelib chiqib ish tashkil qilib bo‘lmasa? Bizga ruxsat beradigan korxona ochishsa, litsenziya olib, mana shu joyda kunlik to‘lovni qilib, qo‘limizda hujjatimiz bilan yo‘lga chiqsak bo‘lardi. Yo‘nalishda taksi ko‘p. Bir kishi bir oyda nari borsa o‘n marta qatnaydi. 2012 yili toshkentlik tadbirkorlar mana shu yo‘nalish bo‘yicha javobgarlikni zimmasiga olib, 200 dollardan pul yig‘ishgan. Qo‘limizga qog‘oz ham berishgan. Keyin nima xato qilishdi bilmadik, «qamalib ketishdi», deyishdi. Yana muammolar tug‘ildi», deydi taksichi Sirojiddin Mansurov.

Ishi sudga oshirilgan haydovchilardan biri bilan gaplashdik.

«O‘tgan haftada Qo‘yliq atrofida «GAI» to‘sdi. Hujjatlarimni so‘radi. Tekshirib, o‘sha joyda birga turgan «Daryotrans» xodimiga hujjatlarimni berdi. «Yo‘lovchi tashiyapman. 70 ming so‘mdan Andijondan to‘rt odam oldim, litsenziyam yo‘q. Berishmayapti», dedim. Ishimni sudga ishirishdi. Avtomashinam besh kun Bektemir tumanidagi jarima maydonida turdi. Besh kun yurdim. Sudda sharoitimni aytdim. Ikki «oklad» jarima to‘lab qutuldim. «Daryotrans» xodimi «Aka, jarimani to‘lab ketavermaysizmi? O‘zingizga muammo orttirdingiz», deydi. Nima, ularning ishi faqat jarima to‘latishmi?», deydi haydovchi G‘olibjon Ergashev.  

Shohjahon Isroilov ham yo‘lda to‘silib jabr tortganlardan ekan.

«Meni «Rohat» postida to‘sishdi. Mashinada yo‘lovchilar bor edi. «Daryotrans» xodimlariga Andijondagi tashkilot vakillariga uchraganim, lekin litsenziya berishmayotganini aytdim. «Bu e'tirozni sudda aytasan», deyishdi. Tirikchiligimiz «kira» qilish, boshqa ish yo‘q. Toshkentda sarson bo‘lganim qoldi. Bir oy oldin ham ushlashganida bir yarim million so‘m jarima to‘lagandim», deydi u.

30 nafarga yaqin taksichi o‘z dardlarini bildirib o‘tishdi. Ulardan yoshi ulug‘rog‘i «Hozirgi me'yoriy hujjatlarga asosan «patent-litsenziya» qilsak yo‘lkira narxi ham ko‘tarilib ketadi», degan fikrni aytdi.

11 yildan beri Andijondan poytaxt tomon qatnaydigan Hamidullo aka Sadirov boshqacharoq izoh berdi.

«Taksichilarga Toshkentga har kuni yo‘lovchi bo‘lavermaydi. Haftada zo‘rg‘a bir-ikki marta chiqadiganlar bor. Hozir mashinani sariqqa bo‘yab hujjatlarni to‘g‘rilasak, 4 million so‘mga yaqin pul ketar ekan. Har kuni yo‘lovchi naqd bo‘lmasa. Sharoitimizni o‘rganishsin, me'yoridagi litsenziya miqdorini aytishsin. Yoki MChJ tuzib, umumiy litsenziya olib, kunlik yoki reysimizga qarab ma'lum summani to‘laydigan sharoitni qilish kerak», deydi u.

Viloyat transport boshqarmasida

Transport vazirligi Andijon viloyat hududiy boshqarmasiga borib, muammoli vaziyat yuzasidan savollar berdik. Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Adhamjon Tolakov masalaga izoh berdi.

«Bugungi kunda Toshkent shahriga qatnayotgan yo‘lovchilarimiz xususiy avtomobil egalari bilan buyurtma asosida kelishib manziliga ketishyapti. Bu «Yo‘nalishsiz taksi» ko‘rinishi.

Ayni paytda Toshkentdan Andijonga, Andijondan Toshkentga tasdiqlangan yo‘nalish yo‘q. Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 18 maydagi 139-sonli qaroriga asosan amalga oshiriladi. Ushbu qarorning birinchi ilovasida yo‘nalishsiz taksilarga belgilangan talablar bor. Bular transport vositasi bo‘yalishi kerak bo‘lgan ranglar, ekipirovkalar, haydovchi va avtomashinaga qo‘yiladigan talablar bo‘lib, mana shu talablarga rioya qilgan holda bizga ariza bilan murojaat qilgan har bir haydovchiga va korxonaga o‘z vaqtida litsenziyalarni beryapmiz. Lekin, mana shu qaror talabiga ko‘ra jihozlanmagan avtotransport egalariga litsenziya berilmaydi. Ayni paytda Andijon viloyatida 5 mingdan ziyod avtotransport egalari me'yor bo‘yicha hujjatlar tayyorlab, mashinani sariqqa bo‘yab taksi xizmatida faoliyat yurityapti.

Toshkent-Andijon yo‘nalishi bo‘yicha 2016 yili bir korxona vaqtinchalik tender bitimi tuzib kelgan edi. Yo‘nalishda avtotransport vositasining qatnovni boshlash joyi, tugatish joyi, yo‘lkirasi miqdori, transport vositalari rusumi, davlat raqami ko‘rsatilgan bo‘ladi. Biroq tashuvchi tender bitimidan chiqib ketdi.  Yo‘nalishdan chiqib ketishlar, narx belgilanganidan ko‘p qo‘yilishi aholi e'tirozlariga sabab bo‘ldi va tender bitimi tugatildi.

Haydovchilarga shuni aytmoqchiman. Agar 139-qarorga asosan qayta jihozlanmasdan, litsenziyasiz faoliyat ko‘rsatayotgan haydovchilarni inspektorlarimiz nafaqat Toshkent viloyati hududida, balki, vodiy viloyatlarida aniqlasa ham «Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksning 176-moddasi, 3-qismiga asosan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi. Haydovchilar bizning tashkilotga uchrab transport vositalarini 139-sonli qaror asosida qayta jihozlab, tegishli hujjatlarni to‘g‘rilab ariza bilan murojaat qilishsa litsenziya olishadi va respublikamizning barcha hududlarida faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo‘lishadi», deydi Adhamjon Tolakov.

Mutasaddi ayni paytda aholiga transport xizmat ko‘rsatuvchilar uchun bir qator ijobiy yangiliklar loyihasi tayyorlanayotganini bildirdi.

Hozir «Andijon-Toshkent» yo‘nalishida bizga murojaat qilgan taksichilar o‘sha 139-sonli qaror talabi bo‘yicha avtomobilini qayta jihozlab, hujjat to‘g‘rilasa «qanchaga tushishi»ni tahlil qilib ko‘rdik. Ma'lumotlar Andijon transport boshqarmasidan olingan.

  1. Notarius orqali transport korxonasi bilan shartnoma tuzish – 400 ming so‘m;
  2. Avtomobilni sariq rangga bo‘yash – 800 mingdan 1 million so‘mgacha;
  3. YHXdan sariq rangga bo‘yalgani uchun «texpasport» almashtirish va «TT» seriyali raqam olish 750 ming so‘m;
  4. Lisenziya to‘lovi viloyat ichida bazaviy hisoblash miqdorining 2 barobari, Respublika bo‘ylab esa 5,5 barobari miqdorida to‘lov (bir yilda bir marta);
  5. Har oyda korxonaga 600 ming so‘mdan to‘lov;
  6. Ijara shartnomasi uchun har oyda 50-60 ming to‘lov.

Bularning ichiga avtomashina sariq rangga bo‘yalishi natijasida uning bozor qiymati jiddiy arzonlab ketishini (avtomashinalarning ikkilamchi bozorida bo‘yalgan transport vositalari narxi tushib ketadi) qo‘shmadik.

Ko‘rib turganingizdek, taksi haydovchisi bo‘lish uchun juda murakkab qog‘ozbozliklar va tashkiliy jarayonlardan o‘tish, katta to‘lovlar qilish lozim bo‘lar ekan.

«Andijon-Toshkent» yo‘nalishidagi haydovchilar har kuni mijoz topib, pul ishlayvermasliklarini ta'kidlab o‘tishdi.

Nafaqat, «Andijon-Toshkent» yo‘nalishi, balki, umuman aholiga transport xizmati ko‘rsatish bo‘yicha yangi qaror loyihasini e'lon qilish, bu boradagi jamoatchilik fikrini o‘rganib, yengilliklar kiritish vaqti yetib kelmadimikan?

Axir Vazirlar Mahkamasining 139-sonli qarori bilan belgilangan murakkab jarayonlar sabab qanchadan-qancha litsenziyasiz haydovchilar faoliyat yuritib, davlat g‘aznasiga mablag‘ tushmayapti. Davlat g‘aznasi ham ko‘pini o‘ylab, ozidan mosuvo bo‘lmoqda.

Jurnalist Elmurod Ermatov
Tasvirchi Ahrorbek Yoqubjonov

Mavzuga oid