Kreml qachon barpo qilingan? Kun.uz bilan qo‘riqxona-muzeyga fotosayohat
Moskovskiy Kreml — Rossiya poytaxti Moskva Kremli shahar markazidagi qal'a bo‘lib, shaharning eng qadimgi qismida qad rostlab turadi. U shaharning asosiy ijtimoiy-siyosiy, tarixiy-madaniy majmuasidir. Bugungi kunda Kreml Rossiya Federatsiyasi prezidentining rasmiy qarorgohi hisoblanadi.
Kreml Moskva daryosining yuqori so‘l sohilida, Borovitsk tepaligida joylashgan. Uning reja tarxi noto‘g‘ri uchburchak bo‘lib, 27,5 gektar maydonni egallaydi.
Umuman, Moskva shahri haqidagi ilk eslatmalar tarixiy manbalarda 1147 yilga oiddir. Bugungi kunda qo‘riqxona-muzey ham hisoblanadigan Kreml hududida ilk qal'a 1156 yilda barpo etilgan. O‘shanda devor uzunligi 850 metrni, maydoni 3 gektarni tashkil etgan. Bundan tashqari, istehkom atrofi eniga 16-18 metr, chuqurligi kamida 5 metr bo‘lgan zovur bilan o‘ralgan.
1264 yildan e'tiboran Kreml Moskva knyazlari qarorgohi hisoblangan. 1272 yilda knyaz Daniil Aleksandrovich Spasopreobrajyenskiy cherkovini barpo qilgan. XIV asrda Kremlda 5ta ibodatxona qurilgan.
1366—1368 yillarda knyaz Dmitriy Donskoy Kremlning yog‘och devorlarini mahalliy oqtoshdan qayta barpo qiladi. Shu vaqtdan boshlab, tarixiy manbalarda «Moskva belokamennaya» so‘zlari uchraydi.
XV asrning ikkinchi yarmida hukmronlik qilgan Ivan III davrida Moskva Kremli qayta qurilgan. Romanovlar oilasi hukmronligi bilan Kreml hududida cherkovlar va boshqa bino va inshootlar qurilishi faol ravishda olib borilgan. Ammo, Petr I davriga kelib, Moskva Kremli o‘z ahamiyatini yo‘qota boshladi. Petr I Sankt-Peterburg shahrini poytaxtga aylantirgach, qal'a doimiy podshoh saroyi maqomini yo‘qotdi. XVIII asrga kelib, Kreml qurilishi o‘zgacha tus oldi. 1701 yilda Kreml kulini ko‘kka sovurgan yong‘indan so‘ng, Pyotr istehkom ichkarisida yog‘ochdan binolar qurishni taqiqladi.
Ta'kidlash o‘rinliki, Kremlning tarixiy-madaniy merosiga sovetlar davri juda katta talofat yetkazgan.
Konstantin Mixaylov «Yo‘q qilingan Kreml» kitobida yozishicha, «XX asr boshida Moskva Kremli ansambli deyarli yarmiga yo‘q qilingan». O‘tgan asr boshida istehkomda 54ta turli xil bino-inshoot bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda uning yarmidan ko‘pi, 28tasi mavjud emas. 1918 yilda bevosita Lenin rahbarligida qator tarixiy ahamiyatga molik binolar buzib tashlangan.
1922 yili cherkov boyliklarini olish maqsadida Kreml soborlaridan 300 pud kumush (1 pud – 16,38 kg), 2 pud oltin, minglab qimmatbaho toshlar musodara qilingan.
1990 yili Kreml YuNeSKO butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi. 1991 yildan Rossiya prezidentining rasmiy qarorgohi deb e'lon qilindi.
Mavzuga oid
19:17 / 26.12.2024
Ozarboyjon samolyoti Rossiya raketasi sababli halokatga uchragan – Euronews
11:34 / 26.12.2024
Qora dengizni qoplagan mazut dog‘ining koinotdan ko‘rinishi - foto
11:27 / 26.12.2024
Rossiyada fuqarolar pul o‘tkazmalari ustidan nazorat kuchaytiriladi
10:30 / 26.12.2024