O‘zbekiston | 12:06 / 16.12.2019
9548
2 daqiqa o‘qiladi

DXA tomonidan yana bir tartib soddalashtirildi

Foto: Davlat xizmatlari agentligi

Davlat xizmatlari agentligi tomonidan yana bir tartib soddalashtirildi. Bu haqda agentlik xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, shu vaqtga qadar fuqarolar o‘zlariga tegishli bo‘lgan qurilishi tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish hamda ushbu mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun Davlat xizmatlari markazlariga alohida-alohida ariza bilan murojaat qilib, 2 marta to‘lov amalga oshirilar va natijasi 11 ish kunidan ortiq vaqt mobaynida kutishga majbur edilar.
 
Bu holat fuqarolarning kamida ikki yoki uch marta Davlat xizmatlari markazlariga kelishlariga va oqibatda ortiqcha vaqt sarflab, qo‘shimcha xarajat qilishlariga sabab bo‘lar edi.
 
Endilikda, Davlat xizmatlari markazlari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 11 iyundagi 478-son qaroriga asosan qurilishi tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish hamda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bir vaqtda, bitta ariza berish orqali amalga oshiriladi.
 
Buning uchun fuqarolar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qurib bitkazilgan bino va inshootlarini foydalanishga qabul qilish uchun ariza bilan murojaat qilishlari kifoya.
 
Ushbu arizaga asosan vakolatli idoralar bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasini tasdiqlaydi hamda kadastr idorasi ushbu mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, natijasi bo‘yicha dalolatnoma va davlat reyestridan ko‘chirma beradi.
 
Bu bilan davlat xizmatini ko‘rsatish muddati 2 ish kuniga qisqaradi va qo‘shimcha to‘lov undirilishiga barham beriladi.

Mavzuga oid