Jamiyat | 12:24 / 20.12.2019
8226
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda vagondan bug‘doy o‘g‘irlayotgan fuqarolar ushlandi

Foto: postda.uz

2019 yilning 7 dekabr kuni 18:00lar atrofida Jizzax viloyati IIB Transportda xavfsizlikni ta'minlash bo‘limi xodimlari Zarbdor tumani temiryo‘l bekatida vagondan bug‘doy o‘g‘irlayotgan ikki fuqaroni ushlashdi. O‘g‘rilar voqea joyidan qochishga urindilar.

Postda.uz'ning yozishicha, surishtiruv davomida ulardan biri Zarbdor tumanining Lalmikor mahallasida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan O‘.N., ikkinchisi esa shu tumanning Yangi hayot mahallasida istiqomat qiluvchi, 1987 yilda tug‘ilgan E.S. bo‘lib chiqdi.

E.S. muqaddam ham o‘g‘irlikka qo‘l urgan va ikki marta ma'muriy javobgarlikka tortilgan. O‘.N. esa huquqbuzarlik sodir etayotgan payti mast bo‘lgan va ushlangan chog‘ida jamoat joyida o‘zini nomaqbul tarzda tutgan.

Holat Zomin tumani ma'muriy sudida ko‘rib chiqildi va O‘.N.ga 5 sutka ma'muriy qamoq jazosi hamda 669 ming miqdorida jarima tayinlandi. Bundan tashqari, u 167 ming 250 so‘m miqdorida qamoq xarajatlarini to‘laydi.

Xuddi shunday, E.S.ga ham 5 sutka ma'muriy qamoq jazosi hamda 1 million 115 ming so‘m jarima jazosi belgilandi. U ham qamoq xarajatlarini qoplaydi. G‘alla davlat egaligiga o‘tkazildi.

Mavzuga oid