O‘zbekiston | 09:05 / 21.12.2019
46518
2 daqiqa o‘qiladi

Qamchiq dovonida transport vositalari harakati vaqtinchalik to‘xtatildi

Foto: KUN.UZ

Gidrometeoroligiya xizmati markazining bergan ma'lumotiga ko‘ra, 2019 yil 21 dekabr kuni A-373 «Toshkent-O‘sh» avtomobil yo‘lida qor ko‘chkisi xavfi mavjud bo‘lganligi bois, Qamchiq dovoni Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining kuch va vositalari tomonidan avtotransport vositalarining harakati vaqtinchalik to‘xtatilgan.

Toshkent viloyatining Ohangaron va Angren shaharlari hamda Namangan viloyatining Pop tumanida avtotransport haydovchilari va yo‘lovchilarni qabul qilish bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qamchiq dovonidan o‘tishga ulgurmagan avtotransport haydovchilari va yo‘lovchilarni Toshkent viloyatining Ohangaron va Angren shaharlari hamda Namangan viloyatining Pop tumanidagi mavjud umumovqatlanish shoxobchalariga joylashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ular uchun barcha sharoitlar (issiq ovqat, ichimlik suvi, dam olish joylari) yaratilgan.

Bildirilishicha, qor qatlami yig‘iladigan joylar holati mustahkam emas, qor ko‘chishi xavfi mavjud.

FVV Qamchiq dovoni bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumotlar kun davomida berib borilishini ma'lum qildi.

Mavzuga oid