O‘zbekiston | 11:30 / 11.09.2022
19366
2 daqiqa o‘qiladi

Qamchiqdagi YTH 9 ta avtomobil ishtirokida sodir bo‘lgani ma’lum qilindi

Volvo yuk mashinasi o‘z yo‘nalishidagi sakkizta transport vositasini urib ketgan.

Foto: Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati

IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Qamchiq dovonidagi yirik YTH yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, Volvo yuk avtomobili o‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan Matiz, Cobalt, Isuzu yuk mashinasi, Nexia-2, Cobalt, MAN yuk mashinasi, Cobalt va Spark’ni urib yuborgan.

Oqibatda 3 ta Cobalt, Spark hamda yuk avtomobillarida yong‘in kelib chiqqan, voqea joyida 3 nafar fuqaro vafot etgan. Avtomobillar salonida bo‘lgan 7 nafar yo‘lovchi tan jarohati olib, Toshkent viloyati, Angren shahri hamda Namangan viloyati, Pop tumanidagi Markaziy shifoxonaga yuborilgan.

Ushbu YTH yuzasidan Namangan viloyati Pop tuman IIB huzuridagi TB tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Bundan oldinroq FVVning ushbu hodisa yuzasidan berilgan xabarida shifoxonaga yotqizilgan bemorlardan biri vafot etgani aytilgandi.

Mavzuga oid