Jamiyat | 11:40 / 25.12.2019
23064
5 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda tez tibbiy xizmat xodimiga tajovuz qilindi

Gulistonda chaqiruv bilan xonadonga borgan shifokorning o‘zi yordamga muhtojlik sezib, tibbiy ekspertiza muassasasiga murojaat qilgan.

Sirdaryo viloyati Guliston shahrida tez tibbiy xizmat xodimiga tajovuz qilindi. Bu haqda Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, 23 dekabr kuni soat 15:40da shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmatiga qo‘ng‘iroq bo‘lib, yordam so‘rab murojaat qilingan. Chaqirilgan manzilga yetib kelgan tez yordam xodimlari soat 15:45da belgilangan tartibda bemor bolani ko‘zdan kechirgan. Biroq mast holda bo‘lgan ota xizmat vazifasini bajarayotgan shifokor B.K.ni haqoratlab, unga tan jarohati yetkazgan.

«Shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmati shifokorlariga bemorlar va ularning yaqinlari tomonidan g‘ayriqonuniy ravishda tajovuz va tahdid qilish bilan bog‘liq xabarlar ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarining bosh mavzusiga aylanib ulgurdi.

Bunday qonunbuzarliklarga yetarlicha chora ko‘rilmayotgani, shifokorlarning huquqi himoya qilinmayotgani to‘g‘risida jurnalistlar va blogerlar ko‘plab maqolalar chop etgandi.

Misollarga murojaat etgudek bo‘lsak, 2017-2019 yillar mobaynida birgina shoshilinch va tez tibbiy yordam tizimi shifokorlariga bemorlar va ularning yaqinlari tomonidan 266 marotaba zo‘ravonlik qilish, tan jarohati yetkazish kabi noqonuniy harakatlar sodir etildi. 

Bundan 340 nafardan ko‘proq tibbiyot xodimlari jabr ko‘rdi. Ushbu vaziyatda bor-yo‘g‘i 40ta holatda huquq tartibot idoralari tomonidan jazo chorasi qo‘llanildi. 

109ta holatda esa yarashtiruv bilan ish tugallandi. 128ta holatda shifokorlarga tahdid qilgan shaxslarga nisbatan qonuniy jazo ko‘rish masalasi hal etilmay qolib ketdi.

Biroq, huquq-tartibot organlari xodimlari bilan shunday holat ro‘y bersa-chi, aybdor qonun oldida qat'iy javob beradi.

Vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimiga nisbatan qilingan shunday tajovuz, huquq tartibot idorasi xodimlariga qilingan tajovuzdan yengil hisoblanadi.

Misol uchun ijtimoiy tarmoqlarda xabar qilingan ma'lumotlar asosida aytadigan bo‘lsak, yaqinda Buxoroda yo‘l patrul xizmati inspektorining ko‘krak nishoni, radioaloqa vositasi va jyezl tayog‘ini tortib olgan fuqaro 10 oyga qamaldi. 

Bundan bir muddat oldin Navoiyda tez tibbiy yordam shifokorini haqoratlab, tahqirlagan shaxsga Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tegishli idoralarga murojaat qilingandan so‘nggina 15 sutka qamoq va ozgina jarima qo‘llanildi. Natijada javobgar osongina qutilib ketdi. Ana sizga jumboq.

Ammo, lekin bunday holat esa sog‘liqni saqlash tizimida hamon uchrab turibdi. Sirdaryoda bo‘lgan vaziyatga to‘xtalsak. 

Guliston shahrining 1-mavzesi, S.Alimov ko‘chasida joylashgan xonadon sohibi (ism-sharifini shartli ravishda ko‘rsatilmadi) farzandining tobi yo‘qligi bois 23 dekabr kuni soat 15 dan 40 daqiqa o‘tganda Shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib, yordam so‘rab murojaat qiladi. 

O‘sha kuni 15 dan 45 daqiqa o‘tgach, mazkur xizmat xodimlari belgilangan manzilga borib, belgilangan tartibda bemor bolani ko‘zdan kechiradi. 

Shirakayf bo‘lgan ota xizmat vazifasini bajarayotgan shifokor B.K.ni haqoratlab, unga tan jarohati yetkazadi. Oqibatda shifokorning o‘zi yordamga muhtojlik sezib, tibbiy ekspertiza muassasasiga murojaat qiladi. Natija esa yana o‘sha-o‘sha... 

Shoshilinch va tez tibbiy xizmat xodimi yordam qo‘lini cho‘zib turgan bir vaqtda mijozlari tomonidan qilingan bunday hurmatsizlik qaysi mantiq, qaysi qonunlarimizga to‘g‘ri keladi?

Yuqoridagi kabi noqonuniy xatti-harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish, shifokorni asosiz haqoratlardan himoya qilish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ko‘magida «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasiga kiritilib birinchi o‘qishda qabul qilingandi. 

Bundan esa soha xodimlari xursand bo‘lishgandi. Lekin ularning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi. Loyiha ikkinchi o‘qishda deputatlarimiz tomonidan qayta ishlash uchun qaytarildi.

Bir so‘z bilan aytganda, shoshilinch va tez tibbiy xizmat xodimlari, shifokorlar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida biron bir huquqiy asos yaratilmas ekan, bemor va uning yaqinlari tomonidan shifokorlarga nisbatan g‘ayriqonuniy xatti harakatlar davom etaveradi. 

Bunday harakat va holatlarga chek qo‘yish uchun bugungi kunda ​biror huquqiy asos kerak bo‘lyapti», deyiladi O‘zA xabarida.

Mavzuga oid