Jahon | 19:30 / 03.01.2020
36459
2 daqiqa o‘qiladi

«Al-Quds» bo‘linmasiga Sulaymoniy o‘rniga yangi qo‘mondon tayinlandi

Eron oliy yetakchisi oyatulloh Ali Xominaiy Iroqda AQSh harbiylari aviazarbasida halok bo‘lgan Qosim Sulaymoniy o‘rniga brigada generali Ismoil G‘anini Islom inqilobi soqchilari korpusining «Al-Quds» bo‘linmasiga qo‘mondon etib tayinladi. Bu haqda Eronning Tasnim axborot agentligi xabar berdi. 

Ismoil G‘ani

«Al-Quds» bo‘linmasiga qo‘mondonlik qilishni muqaddas mudofaa [Eron-Iroq urushi] vaqtida Islom inqilobi soqchilari korpusining atoqli qo‘mondonlari qatoriga kirgan va «Al-Quds» ning shahid ketgan qo‘mondoni bilan uzoq yillar birga xizmat qilgan brigada generali Ismoil G‘aniga topshiraman, deyilgan Xominaiy farmonida. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, Ismoil G‘ani bungacha Sulaymoniyning o‘rinbosari bo‘lgan. 

Qosim Sulaymoniy 2 yanvar kuni kechki payt Bag‘dod aeroportidan Iroq poytaxti tomon harakatlanayotganda AQSh harbiylari tomonidan berilgan raketa zarbalari oqibatida halok bo‘ldi. U bilan birga Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi Iroq shia guruhlari qo‘mondoni o‘rinbosari Abu Mahdiy al-Muhandis va yana 10 kishi halok bo‘lgan.

Eronda Sulaymoniy halok bo‘lishi munosabati bilan uch kunlik motam e'lon qilindi. Xominaiy generalning o‘ldirilishi javobsiz qoldirilmasligiga va'da bergan.

Mavzuga oid