Fan-texnika | 11:02 / 20.01.2020
10231
2 daqiqa o‘qiladi

SpaceX sinov vaqtida Falcon 9 raketasini ataylab portlatib yubordi (video)

Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi Crew Dragon boshqariluvchi fazoviy kemasi favqulodda tizimini sinovdan o‘tkazdi. Sinov vaqtida kemani orbitaga olib chiqadigan Falcon 9 raketa-tashuvchisi ataylab portlatib yuborildi. 

Raketaning birinchi pog‘onasi portlatilgach, bortida ikkita maneken bo‘lgan Crew Dragon kemasi raketadan favqulodda ajralishga buyruq olgan. Shundan keyin 8 ta zaxira dvigateli SuperDraco ishga tushib, kemani xavfsiz masofaga olib ketgan. Bu Falcon 9 raketasi Kanaveral burnidagi kosmodromdan start olgandan 84 soniya keyin 22 km balandlikda yuz bergan. Portlashdan keyin beshikast qolgan kema Atlantika okeanida qo‘ndirilgan.

Bortdagi manekenlar yordamida kemaning favqulodda pasayishi vaqtidagi zo‘riqishlar ko‘rsatkichlari o‘lchangan.

Crew Dragon Xalqaro koinot stansiyasiga fazogirlarni yetkazish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ayni vaqtda NASA kemada odamlar bilan birga sinov o‘tkazishga ruxsat bermagan. Hozircha XKSga fazogirlar Rossiyaning “Soyuz” kemalarida yetkazilmoqda. NASA kemadagi har bir o‘rin uchun Rossiyaga 80 mln dollardan ko‘proq pul to‘lamoqda.

Ta'kidlanishicha, ushbu sinov fazogirlarning Crew Dragon’dagi ilk parvozi yo‘lidagi oxirgi qadam bo‘ldi. Parvoz bir necha oydan keyin amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid