O‘zbekiston | 23:58 / 22.01.2020
4601
3 daqiqa o‘qiladi

2019 yilda noqonuniy daraxt kesish holatlari qanchaga kamaygani ma'lum qilindi

O‘zbekiston sharoitida har bir kishiga yashil qoplama hajmi o‘rtacha 55 kvadrat metr to‘g‘ri kelishi kerak. Toshkent shahri hududida 90 yillar boshida odam boshiga shu normaga mos miqdorda yashillik to‘g‘ri kelgan.

Bu haqida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Abdushukur Hamzayev 22 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Abdushukur Hamzayev

Noqonuniy tarzda qancha daraxt kesiladi?

2018 yilda 700taga yaqin noqonuniy daraxt kesish holati aniqlangan. Bu o‘rmon xo‘jaligiga 1 milliard so‘mga yaqin zarar keltirgan.

2019 yilda esa bunday holatlar 200taga kamaygan: 500ga yaqin noqonuniy daraxt kesish holati aniqlangan.

«Shunga qaramay, yetkazilgan moddiy zarar 2019 yilda ham 1 milliard so‘mni tashkil qildi», – deya ma'lumot berdi O‘rmon qonunchiligi talablarini nazorat qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi Samgin Madaminov.

Qayd etilishicha, hozir o‘rmonlar respublika umumiy maydonining 7 foizini tashkil etadi, 2024 yilga qadar esa 11,2 foizga yetkazilishi maqsad qilingan.

O‘zbekistonda yiliga qancha daraxt ekiladi?

O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Hojimurod Tolipov bergan ma'lumotga ko‘ra, ko‘chat ekish oyliklarida respublika bo‘yicha har yili taxminan 140-145 million dona nihol ekiladi.

«Lekin ko‘p joylarda mahalliy hokimiyat yoki tashkilot o‘sish sharoitini hisobga olmasdan ko‘chatlarni ekishadi, oqibatda ular qurib qoladi.

Yoki ekilgan ko‘chatlarning taqdirini butunlay esdan chiqarishganlari tufayli qancha daraxtlarning qurib qolganini o‘zim kuzatganman», – dedi Hojimurod Tolipov.

Uning aytishicha, o‘rmon xo‘jaligi tizimida ekiladigan daraxtlarning salkam 99 foizi sug‘orilmaydigan dasht yerlarga o‘tqaziladi.

Hojimurod Tolipov

Har yili O‘zbekiston o‘rmonlaridan qancha yog‘och ishlab chiqariladi?

Ma'lum qilinishicha, o‘rmonchilik tizimida aholini arzon va sifatli yog‘ochlar bilan ta'minlashga ham e'tibor qaratiladi.

Bunda tez o‘suvchi daraxtlardan (masalan, teraklar) iborat plantatsiyalar tashkil etiladi va ular 5-10 yil muddat oralig‘ida kesib olinadi.

Bunday plantatsiyalardan har yili o‘rtacha 30 ming kub ishbop yog‘och va shox-shabba tayyorlanadi.

Istisnoli holatlarda esa biror kasallik tarqalmasligi yoki yong‘in kelib chiqmasligi uchungina daraxtlar kesilishi mumkin.

Mavzuga oid