Sport | 19:50 / 22.01.2020
14273
10 daqiqa o‘qiladi

«Real» braziliyaliklarni to‘plashda davom etmoqda. Reyniyer – yangi Kaka yoki yangi Kroos?

Madridliklar klub kelajak jamoasini qurishda davom etadi. Navbatdagi xarid ham Braziliyadan - yarimhimoyachi Reyniyer.

Madridliklar klub kelajak jamoasini qurishda davom etadi. Navbatdagi xarid ham Braziliyadan — yarimhimoyachi Reyniyer.

Yangi darakchi
«Qirollik klubi» prezidenti Florentino Peres nolinchi yillar boshida afsonaviy «galaktikos»ni barpo etgandi. Figu, Zidan, Bekhem, Roberto Karlos, Ronaldo va Ouen - qaymoqranglilar futbolkasidagi yulduzlardan ko‘z qamashardi. Qatorasiga uch bor YeChL g‘olibi bo‘lgan Keylor Navas o‘rniga Tibo Kurtua olib kelinganidayoq klub prezidenti yana eng yaxshilarni sotib olishga kirishgani ma'lum bo‘lgandi.

Hozirda Peres kelajakka boqmoqda va «Real»ga yosh iste'dodlar olib kelinmoqda. Klubning seleksiya xizmatining asosiy yo‘nalishlaridan biri - Braziliyaga qaratilgan, futbol vatanidan ikki yarim yil ichida 3 nafar yosh futbolchi jami 120 million yevro sarflab olib kelindi. Vinisius Junior va Rodrigo Goesga 45 million yevrodan, endilikda «Flamengo»ning sobiq yarimhimoyachisiga aylangan 17 yoshli Reyniyer uchun 30 million yevro.

Madriddagilar undagi iste'dodni 2018 yildayoq payqashgandi. Reyniyer Dubaydagi U16 jamoalari o‘rtasidagi turnir to‘purari bo‘lgan – 5 o‘yinda 9 gol va 8 assist, –  finalda «Flamengo» «Real»ni mag‘lub etgan. Reyniyer o‘yinning so‘nggi daqiqalarida golli pas uzatgan, «Flamengo» hisobni tenglashtirgan (1:1), penaltilar seriyasida esa brazillar ustun kelishgan - 4:2. Uni e'tiborsiz qoldirishning iloji yo‘q edi.

Uning transferi avvalroq hal bo‘lgandi, ammo transferni e'lon qilish uchun 18 yoshga to‘lishini kutishga to‘g‘ri keldi. Xabarlarga ko‘ra, «qaymoqranglilar» ushbu talantli futbolchi uchun raqobatda «Atletiko», «Barselona», «Yuventus», «Milan» va «Manchester Siti» kabi klublarni ortda qoldirgan.

«Flamengo» bosh murabbiyi Jorjye Jyezush ta'biri bilan aytganda, ispan superklubi yangi Kakani qo‘lga kiritdi. Portugaliyalik murabbiy uning yirik gavdali bo‘lsa-da ajoyib driblingga egaligi, maydonni yaxshi ko‘rishi va aqlli qarorlar qabul qilishini, kutilmagan paslar uzatishini e'tirof etgan. Uning jamoadoshi Filipe Luis ham murabbiyning fikrlariga qo‘shiladi va Reyniyerda katta salohiyat borligini aytadi. Futbolchining o‘zi esa bolaligidan Zinedin Zidanning o‘yinlaridan hayratlanganini aytgan.

Reynerning ustunliklari nimada?

Reyniyer sportchilar avlodidan. Hujumkor yarimhimoyachining otasi Mauro Brazilia – Braziliya futzal terma jamoasi a'zosi bo‘lgan, 1985 yilgi jahon chempioni. Shu tufayli, uning texnik tayyorgarligi bu darajadaligidan hayron bo‘lmasa ham bo‘laveradi. Mutaxassislar «Real»ning yangi futbolchisi bosim ostida ham to‘pni o‘zida saqlab tura olishi, oldinga ishonch bilan harakatlanishi va birga-bir vaziyatlardan unumli foydalanishini qayd etishgan. U raqibning bo‘sh hududlariga ajoyib ochiladi, zarba berish nuqtasiga kesik ravishda aqlli uzatmalar beradi. Shu bilan birgalikda mehnatkash va tezkor. Umuman, Reyniyerda yuqori darajada to‘p surish uchun barcha zarur jihatlar mavjud.

Braziliyada Reyniyerni Kakaga qiyoslashadi. Yosh yarimhimoyachining bo‘yi yetarlicha baland (185 sm), u maydonda ham yaqin o‘tmish afsonasi kabi harakatlarni amalga oshiradi. Uning qobiliyatlariga uch yil muqaddam Ziko ham yuqori baho bergandi, aynan u tufayli Reyniyer «Fluminense»dan bu klubning azaliy raqibi bo‘lmish «Flamengo»ga kelgandi. 

Kelajak uchun investitsiya
Jyezush avvalroq klub eng yaxshi futbolchilaridan birini atigi 30 million yevroga qo‘yib yubora olmasligini bildirgandi. «Benfika»da futbolchilar asl narxidan qimmatroqqa sotilardi, «Flamengo» esa o‘z futbolchilarining haqiqiy bahosini bilmayapti», — deydi portugaliyalik mutaxassis.

Albatta, Jyezush hissiyotga berilib ketgan, axir aynan u o‘smir futbolchiga yulduzlar bilan to‘lgan jamoada o‘ynashga imkoniyat bergandi. Albatta, ixtiyoringda tajribali Diyegu, mavsumni ajoyib o‘tkazayotgan De Arraskaeta va Brunu Enrike kabi chempionlar bo‘lgan vaqtda 17 yoshli yigitchani asosiy tarkibga kiritishning o‘zi bo‘lmaydi. Lekin yigitcha ishonchni oqladi, iyunda debyut qilgan Reyniyer «Fla» Libertadores Kubogida g‘alaba qozonishiga o‘z hissasini qo‘shdi.

Shubha yo‘q, o‘smir futbolchi samarali o‘yin ko‘rsatdi. 14 o‘yinda u 8 marta boshlang‘ich tarkibga kirdi va deyarli har 89 daqiqada bittadan samarali harakatni amalga oshirdi (6 gol va ikki uzatma). Ammo tushunish kerakki, uning yonida tajribali futbolchilar bor edi, «Flamengo»ning hozirgi tarkibi chempionatdagi boshqa raqiblardan bir bosh baland. Hozircha Reyniyer astronomik summa to‘lanishi uchun yoshlik qilardi.

30 million yevro — Braziliya chempionatidagi bunday samarador futbolchi uchun ham mutlaqo normal narx. U o‘tgan yakshanba kuni 18 yoshga to‘ldi va dushanba kuni «Real» uning transferini e'lon qildi. Biznes tilida aytganda — kelajak uchun investitsiya kiritildi, u bilan 6,5 yillik shartnoma imzolandi.

Bu mavsumda Reyniyer bir necha marta hujumning chap qanotida harakat qildi. Ammo Braziliya U17 jamoasi ustozi Dalla Deaning hisoblashicha, u kelajakda Toni Kroosning o‘rnini egallaydi.

«U menga o‘nlik futbolchilarni eslatadi, u o‘yinni tashkillashtiruvchi futbolchi. Ammo u bu bilan cheklanmaydi: o‘zi gol uradi, golli paslarni ham qizg‘onmaydi, vaqti kelsa tayanch yarimhimoyachisi ham bo‘la oladi. «Real»ning odatiy sxemasida u Kroos o‘rnida harakatlanishi mumkin», – degandi murabbiy.

«Real»ning yangi konturlari

Reyniyerni darhol «Santyago Bernabeu»da ko‘rishni kutganlar ayrim sabablarga ko‘ra sabr qilishlari kerak bo‘ladi. Birinchidan, hozirda «Real» tarkibida YeIga kirmagan mamlakatlar uchun ajratilgan uchta vakansiya ham band. Bu joylar Eder Militao, Vinisius Junior va Rodrigo tomonidan band etilgan. Sarflangan pullar esa klubning istiqboli uchun, madridliklar «limit» muammosini ham hal qilishi kerak bo‘ladi.

Shu tufayli iste'dodli yaponiyalik Kubo «Malorka»ga ijaraga berilgan. Reyniyer – so‘nggi 3 yil ichida «Real» tomonidan sotib olingan beshinchi braziliyalik bo‘ldi. Vinisius va Rodrigodan tashqari Rodrigo Farofa («Kastilya») hamda Augusto («Leones»da ijarada) ham bor. Ularning barchasi 18 yoshga to‘lishi bilanoq tarkibga qo‘shib olingan.

Peres 2013 yilda Neymarni qo‘ldan chiqargach, bor e'tiborini braziliyalik talantlarga qaratdi. Avvaliga Abner, Villian Joze va boshqa futbolchilar ishonchni oqlashmadi. Ammo uch yil muqaddam klub skaut Paulo Enrikeni yolladi – u 2016 yilgi Olimpiadada g‘olib bo‘lgan Braziliya jamoasi murabbiylar shtabida bo‘lgan, shuningdek, «Kruzeyro» va «Manchester Yunayted» klublarida ishlagan. Paulo faqat Braziliya bo‘yicha ishlaydi, u Reyniyer kabi talantlarni 13-14 yoshidanoq kuzatishni boshlaydi.

Reyniyer mavsumning ikkinchi qismini «Espanol»da o‘tkazishi haqida ham gap-so‘zlar bo‘lgandi. Ammo  olimpiya saralash turniri yakunlangach, futbolchi «Real»ning ikki jamoasiga jo‘natiladigan bo‘ldi. Shu kunlarda Kolumbiyada 2020 yilgi Tokio Olimpiadasiga Janubiy Amerika mintaqasida saralash bosqichi o‘tkazilmoqda. Reyniyer Braziliya U23 tarkibidagi eng yosh futbolchi, lekin u avvalroq Braziliya yoshlar milliy jamoasi sardori bo‘lgan va 10 o‘yinda 5 gol urgandi. O‘z vaqtida «Kastilya»da Vinisius ham tajriba oshirgandi, ushbu braziliyalik ayni vaqtda ispan fuqaroligini olish harakatida.

Reyniyer vaqti kelib «Real»ning asosiy tarkib futbolchisiga aylanadi. Braziliyalik yangi mamlakatga moslashishi kerak, Peres esa xotirjam - yangi yulduzni undan hech kim olib qo‘ya olmaydi. 

Hozircha Madridda yangi orzular jamoasining birinchi qismi yozilmoqda. Hozircha, 22 yoshli Yovichning ham, uning tengdoshi Militaoning ham omadi kelmayapti. Lekin yarimhimoya chizig‘ida 21 yoshli Valverde o‘zini ko‘rsatmoqda. Agar og‘ir jarohat bo‘lmaganida bu mavsum 23 yoshli Asensioniki bo‘lgan bo‘lardi. Lekin u albatta qaytadi. Qolaversa Dortmundning «Borussiya»sida porlayotgan Hakimi bor. Yillar o‘tib Madrid hujum chizig‘ida «brazil uchburchagi» javlon urishi tayin, bu uchlik miyasi esa Reyniyer bo‘ladi.

Mavzuga oid