Sport | 22:08 / 03.02.2020
16062
2 daqiqa o‘qiladi

Nike krossovkasi doping deb topildi

Xalqaro yengil atletika federatsiyalari uyushmasi Nike kompaniyasi qoidalarga zid tarzda poyabzal ishlab chiqarishini ma'lum qildi. Buning natijasida kompaniya krossovkasidan foydalangan sportchilar boshqalardan ko‘ra ko‘proq g‘alabaga erishadilar.   

2019 yil 12 oktyabrda keniyalik sportchi Eliud Kipchoge dunyoda birinchi bo‘lib 42 km 200 metrlik marafon masofasini 2 soatdan kamroq vaqtda yugurib o‘tdi. Ta'kidlanishicha, Kipchoge bu yugurish vaqtida Nike’ning aynan u uchun ishlab chiqilgan va oddiy xaridorlar sotib olomaydigan AlphaFly krossovkasida bo‘lgan.

Eliud Kipchoge

Shuningdek, keniyalik marafonchi bir yil avval Nike Vaporfly krossovkasida Berlindagi marafonda g‘olib bo‘lgan. Mutaxassislarning hisoblab chiqishicha, yugurish bo‘yicha bosh musobaqalar sovrindorlari bo‘lgan 36 sportchidan 31 nafari aynan shu krossovkadan foydalangan. 

Shundan keyin uyushma tadqiqot o‘tkazib, Nike poyabzalida bo‘lgan sportchilar haqiqatan ham boshqa brendlarnikiga qaraganda 4 foiz tezroq yugurishlarini aniqlagan.

Buning siri krossovkaning g‘ovak material va uglerod tolali plastinalardan tayyorlangan yengil taglikka egaligidadir. Bu komponentlar prujinalash effektiga egaligi va yuqori bardoshligi sababli yugurish vaqtida kuch sarfini kamaytirishga imkon beradi.

Ekspertlarning fikricha, musobaqalarda qo‘llanuvchi poyabzallarga hamma egalik qila olishi lozim. Bundan tashqari, krossovkalar sportchiga biror-bir ustunlik bermasligi kerak.

Shu sababli uyushma 40 mmdan qalinroq va bittadan ko‘proq plastinali tagliklarni taqiqlashga qaror qildi. Bundan tashqari, 2020 yil 30 aprelidan boshlab sportchilarga rasmiy marafonlarga o‘sha vaqtda erkin savdoda 4 oydan ko‘proq vaqt mobaynida sotuvda bo‘lgan krossovkalardagina chiqishga ruxsat beriladi. Keniyalik sportchi foydalangan AlphaFly krossovkasi esa yuqoridagi mezonlarga to‘g‘ri kelmagan va shu sababli uni “texnologik doping” deb topishgan.

Shuningdek, joriy yilda Tokioda o‘tadigan yozgi Olimpiada yakunlanguniga qadar sport poyabzallari yaratishda yangi texnologiyalar qo‘llashga vaqtinchalik taqiq joriy qilindi. 

Mavzuga oid