O‘zbekiston | 12:07 / 13.02.2020
4316
3 daqiqa o‘qiladi

Geodeziya va kartografiya faoliyati yangi tahrirdagi qonun bilan mustahkamlanmoqda

Parlament Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan bir qator yangi qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Ulardan biri «Geodeziya va kartografiya faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bo‘lib, u bilan 22 yil muqaddam qabul qilingan, bugungi kun talablariga mutlaqo javob bermaydigan amaldagi qonunni yangi tahrirda qabul qilish ko‘zda tutilmoqda.

Ta'kidlanganidek, qonun loyihasi orqali bugungi kun tendensiyalari va shartlariga to‘la mos keladigan geodeziya va kartografiya sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asosi mustahkamlanmoqda.

Loyiha geodeziya va kartografiya faoliyatining mohiyatini, xususan, sun'iy yo‘ldosh tizimlaridan foydalanishda hamda kartografiya-geodeziya kadastrini yuritishda axborot-kommunikatsiya, raqamli texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq masalalarni ham o‘zida aks ettirgani bilan ahamiyatli.

Majlisda mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida soha faoliyatida bir qator o‘zgarishlar yuz berishi aytib o‘tildi. Xususan, materiallar va ma'lumotlarning to‘liqligi, ishonchliligi, xarita va planlarni yaratish hamda yangilashda raqamli texnologiyalarni qo‘llash ta'minlanishi qayd etildi.

Shu bilan birga, geodeziya va kartografiya faoliyatini tashkil etishda maxsus vakolatli hamda davlat hokimiyati organlarining ushbu sohadagi vakolatlari aniq belgilab beriladi.

Ayni maqsadda amaldagi qonunning 12 ta moddasi o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan to‘ldirilib, 33 ta yangi modda kiritilmoqda.

Taklif etilayotgan loyiha orqali amaldagi tahrirda mavjud bo‘lgan havolaki normalar chiqarib tashlanmoqda. Bu bir qator masalalarning amaliyotda huquqiy yechimini topishi hamda qonunning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashini ta'minlashga xizmat qilishi ta'kidlandi.

Qonun loyihasiga geodeziya va kartografiya faoliyatida qo‘llaniladigan an'anaviy 22 ta tushuncha hamda 6 ta prinsip kiritilishi sohada yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishda muhim ahamiyat kasb etishi aytib o‘tildi.

Mazkur qonun loyihasi deputatlar tomonidan konseptual jihatdan birinchi o‘qishda ma'qullandi.

Mavzuga oid