O‘zbekiston | 21:00 / 14.02.2020
35931
2 daqiqa o‘qiladi

Yana bir vazir o‘rinbosari rektor bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘rinbosari Botir Shukurillayevich Usmonov Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori lavozimiga tayinlandi.

Botir Usmonov / Xalqaro press-klub

Hukumat qaroriga muvofiq, Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Shuhrat Ahmadjanovich Mutalov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod qilingan.

2001 yildan buyon mazkur institutda turli lavozimlarda ishlagan Shuhrat Mutalov 2017 yil iyunidan buyon institutga rahbarlik qilib kelayotgandi. Ayni vaqtda u qaysi lavozimda faoliyatini davom ettirishi to‘g‘risida ma'lumot yo‘q.

Shuhrat Mutalov

Uning o‘rniga Botir Shukurillayevich Usmonov institut rektori lavozimini egallagan. 

Botir Usmonov 1968 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, 1993 yilda Qozon davlat texnika universiteti, 1999 yilda Andra universiteti (Hindiston), 2001 yilda Hamburg texnika universitetini tamomlagan.

2013-2016 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining fan bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan, 2016-17 yillarda V.M.Lomonosov nomli Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali «Amaliy matematika va informatika» kafedrasi dotsenti bo‘lgan, 2017 yili Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor, 2017-2019 yillarda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor bo‘lgan. 2019 yildan hozirgacha O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

Bundan avvalroq Xalq ta'limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov Toshkent davlat pedagogika universitetiga, Maktabgacha ta'lim vaziri o‘rinbosari Sobitxon Turg‘unov esa Namangan davlat universiteti rektori lavozimiga tayinlangani xabar qilingandi.

Mavzuga oid