Fan-texnika | 23:19 / 16.02.2020
11745
2 daqiqa o‘qiladi

Mikrofonlar orqali yashirincha tinglashga qarshi bilaguzuk ishlab chiqildi

Chikago universiteti olimlari - er-xotin Ben Chjao va Xizer Chjen mikrofonlar orqali yashirincha tinglashga qarshi bilaguzuk ishlab chiqishdi. Ularning fikricha, moslama suhbatlar maxfiyligini saqlashga imkon beradi.  

Foto: New York Times

Olimlar ushbu moslamani sotishni niyat qilishmagan va shu sababli uning sxemasini mustaqil yig‘ish uchun e'lon qilishgan. Gadjet uchun ketadigan komponentlar narxi 20 dollarni tashkil qiladi. Ta'kidlanishicha, ushbu bilaguzuk keyinroq yaxshiroq dizayn bilan yuqoriroq narxda sotuvda paydo bo‘lishi mumkin.  

E'tiborlisi, ushbu qurilma er-xotinning Amazon’ning Alexa ovozli yordamchisiga ega aqlli karnayi xavfsizligi borasidagi bahsi negizida yuzaga kelgan. Xizer Chjen ushbu qurilmaning ishlash joyida joylashtirilishiga qarshi bo‘lgan, chunki bunda karnay tomonidan ovoz yozib olinib, Amazon servisiga jo‘natilishi ehtimoli yuzaga kelgan.

Er-xotin ushbu bahsni atrofdagi mikrofonlarni bo‘g‘uvchi qurilma yordamida hal qilishdi. Bilaguzuk uchun biroz qo‘polroq chiqqan moslama ishchi holatda 24 ta dinamik yordamida yuqori chastotali shovqin hosil qiladi.

24-26 KGs chastotada tarqaluvchi shovqin katta yoshli odamlarga eshitilmaydi, uni ba'zi bolalar va hayvonlar eshitishi mumkin. Mikrofonlar uchun bu shovqin suhbatni (signalni) yozishga va tushunishga imkon bermaydigan xalaqitlar hosil qiladi. Mikrofonlar aynan shu shovqinni qayd qiladi va natijada yozuvda faqat yuqori chastotali shovqin hosil bo‘ladi.

Qurilma, shuningdek, smartfonlarda dastur orqali yashirincha tinglash muammosiga ham barham beradi. Bundan tashqari, u aqlli karnaylar va boshqa shu kabi qurilmalar tomonidan nutqning ushlab olinishiga qarshilik qiladi. 

Olimlarning g‘oyasiga ko‘ra, foydalanuvchilar o‘zaro suhbatlar vaqtida mikrofonlarni yoki ular bilan jihozlangan qurilmalarni o‘chirib qo‘yishlari shart emas. Buning uchun ular bilaguzukni ishga tushirishlari kifoya qiladi.

Mavzuga oid