O‘zbekiston | 14:21 / 19.02.2020
9103
2 daqiqa o‘qiladi

Hisor davlat qo‘riqxonasining qo‘riqlanma zonasi belgilandi 

Umumiy yer maydoni 2 000,0 gektar bo‘lgan Hazrati Sulton platosi, Suvtushar daryosining bir qismi, dinozavr izlari va Amir Temur g‘ori obektlari qo‘riqxona hududidan uning qo‘riqlanma zonasiga o‘tkazildi

Foto: hisor.uz

Vazirlar Mahkamasining “Hisor davlat qo‘riqxonasining qo‘riqlanma zonasini belgilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligining:

Hisor davlat qo‘riqxonasining unga tutash hududlardagi umumiy yer maydoni 11 231,3 gektar bo‘lgan qo‘riqlanma zonasini belgilash;

umumiy yer maydoni 2 000,0 gektar bo‘lgan Hazrati Sulton platosi, Suvtushar daryosining bir qismi, dinozavr izlari va Amir Temur g‘ori obektlarini qo‘riqxona hududidan uning qo‘riqlanma zonasiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Belgilanishicha:

qo‘riqxonaning qo‘riqlanma zonasidagi yerlar ushbu zonalarda joylashgan yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar ixtiyorida qoladi;

qo‘riqxona hududidan uning qo‘riqlanma zonasiga o‘tkaziladigan obektlar mazkur qo‘riqxonaning doimiy foydalanishida qoldiriladi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Hazrati Sulton platosi, Suvtushar sharsharasi, dinozavr izlari va Amir Temur g‘ori obektlarida ziyorat turizmi va ekologik turizmni tashkil qilish uchun zarur infratuzilmani yaratishga investorlarni, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik loyihalari asosida jalb qilish choralarini ko‘radi.

Mavzuga oid