Jahon | 21:00 / 05.03.2020
24321
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar ozon qatlami kuchli yemirilganidan ogohlantirishdi

Arktika ustidagi ozon qatlami qalinligi ayni vaqtda o‘rtacha qiymatlardan kamayib, xavfli darajaga yetgan. Bu haqda Rosgidromet tarkibiga kiruvchi Markaziy aerologik observatoriyada ma'lum qilingan.

Foto: Global Look Press/Oleksiy Maksymenko

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, fevralda ozon qatlamining umumiy miqdori xavfli past qiymatga yetgan. Joriy yil mart-aprelida ozon qatlamining yanada kuchli yemirilishi kutilmoqda.

Quyoshning ultrabinafsha nurlaridan saqlovchi ozon qatlamining kritik qiymati 220 Dobson birligidan past ko‘rsatkich hisoblanadi. Ayni vaqtda bu qiymat 260 birlikka yetgan.

Ma'lum qilinishicha, ozon qatlamining yemirilishiga joriy yilda Arktikada ekstremal past haroratli (minus 78 darajadan past), kuchli barqaror stratosfera qutb quyunlarining shakllangani sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, rekord hajmdagi qutb stratosfera bulutlari kuzatilmoqda.  

Olimlarning ta'kidlashicha, stratosfera ozonining yanada yemirilishi odam salomatligi uchun xavfli bo‘lgan ultrabinafsha radiatsiyasi darajasining oshishiga olib kelishi mumkin.

Mutaxassislar quyosh radiatsiyasining yomon ta'siri bulutlilik bilan kuchsizlanishi mumkinligini qo‘shimcha qilishgan.  

Olimlarning eslatishicha, ozon qatlamining 2011 yil bahoridagi yemirilishi Shimoliy yarimsharning ko‘plab hududlarida ultrabinafsha radiatsiyasi darajasining oshishiga olib kelgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, Arktika ustida ozon qatlamining kuchli yemirilishi 2011 yildan tashqari, 1996, 1997, 2005 va 2016 yillarda kuzatilgan.

Mavzuga oid