O‘zbekiston | 21:54 / 25.03.2020
20637
3 daqiqa o‘qiladi

Maktab bitiruvchilariga attestat berish kechikishi mumkin

 Karantin davrida maktablar yopilib, ta'lim jarayonidagi uzilish sababli maktab bitiruvchilariga attestat berish kechikishi mumkin.

 Karantin muddati kuzgacha cho‘zilib ketsa, maktab bitiruvchilariga attestat imtihonlarsiz beriladimi? Onlayn va video darslar qachon boshlanadi? O‘qituvchi o‘quvchini qanday nazorat qiladi? Shu va shu kabi savollar yuzasidan Xalq ta'limi vazirligi matbuot kotibi Anvar Umarov bilan suhbatlashdik.

Anvar Umarov

 - Karantin muddati kuzgacha cho‘zilib ketsa, maktab bitiruvchilariga attestat imtihonlarsiz beriladimi va bu jarayon oliy ta'lim imtihonlariga qanchalik ta'sir qiladi?

 - Bu masala bo‘yicha Oliy ta'lim vazirligi va Davlat test markazi bilan hamkorlikda ishlamoqdamiz. Bu vaziyat karantin tugashi bilan bog‘liq. Agarda karantin ertaroq tugasa darslarni boshlaymiz va imtihonlar ham o‘z vaqtida bo‘ladi. Bundan tashqari o‘quvchilar uchun video darslar tayyorlanmoqda. Bitiruvchilarga imtihon o‘tkazilganidan so‘ng attestat beriladi. Tavsiyamiz shuki, darslarni qoldirmanglar

 - Onlayn va video darslar qachon boshlanadi?

 - Hozirda Xalq ta'limi vazirligi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda video darslar tayyorlashmoqda. Ayni vaqtga kelib 1 sinfdan 11 sinfgacha 350ga yaqin video darslar tayyorlandi. Joriy yilning 26 mart kunidan anonslari berib boriladi. To‘liq darslar 30 mart kunidan boshlab efirga chiqadi. Hozirda qaysi telekanallardan ko‘rsatilishi muhokama qilinmoqda. Bu haqida Xalq ta'limi vazirligining veb-saytida xabar qilinadi.

 - Onlayn va video darslar davomiyligi 15-20 daqiqa etib belgilanibdi. Bu kam vaqt emasmi?

 - Darslikning davomiyligiga keladigan bo‘lsak, har bir dars 15-20 daqiqa deb belgilangan. Bunda asosan o‘qituvchilar nazariy tomondan dars berishadi. Bundan tashqari televideniyening ham vaqti cheklanganligi sababli 15-20 daqiqani tashkil qiladi.

 - Onlayn va video darsliklar o‘zbek va rus tillarida efirga uzatiladimi?

 - Hozirda Milliy teleradiokompaniyasida har bir sinf va fan kesimida o‘zbek va rus tillarida suratga olinmoqda.

 - O‘quvchilarning o‘zlashtirishi qanday nazoratga olinadi. O‘qituvchilar o‘quvchilar bilan onlayn shug‘ullanadimi?

 - Bu jarayon uchun alohida platforma yaratilgan. Asosan Toshkent shahrida qo‘llanilishi rejalashtirilmoqda. Bunda internet tezligi, elektr yetishmovchiligi kabi muammolar bo‘lganligi sababli viloyat hududlarida keyinroq amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Hozircha televideniye orqali efirga uzatilmoqchi bo‘lgan darsliklarni o‘rganishlari maqsadga muvofiq. Shuningdek, o‘qish boshlanganidan keyin oraliq imtihonlari olinadi. Agarda o‘zlashtirishi past bo‘lgan o‘quvchilar aniqlansa, ular bilan alohida shug‘ullanishadi.

Bekjon Jo‘raqulov suhbatlashdi,
tasvirchi Otaxon Yusupov.

Mavzuga oid