O‘zbekiston | 17:13 / 29.03.2020
21069
1 daqiqa o‘qiladi

Yuzni mato bilan o‘rash niqob o‘rnida qabul qilinmaydi - IIV

Karantin davrida niqobsiz jamoat joyida bo‘lish ma'muriy javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi. Ichki ishlar vazirligi yuzni mato bilan o‘rab olish himoya niqobi sifatida qabul qilinmasligini ma'lum qildi.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov yuzni mato va shunga o‘xshash material bilan o‘rab olish tibbiy niqob sifatida qabul qilinmasligini aytdi. Agar muayyan shaxs qayd etilgan holatda jamoat joyida bo‘lsa, ma'muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.

«Jamoat joyida niqobsiz bo‘lish umuman mumkin emas. Agar holat IIB xodimlari tomonidan aniqlansa, jarimaga tortishi mumkin. Shaxsni tasdiqlovchi hujjat bo‘lmasa, yaqin oradagi ichki ishlar bo‘limiga olib boriladi», - deya ma'lumot berdi u.

G‘iyosovning aytishicha, uy sharoitida sakkiz qavat dokadan tayyorlangan niqobdan tashqari, turli matolarni yuzga o‘rab olish niqob o‘rnida qabul qilinmaydi hamda ushbu shaxs jamoat joyida bo‘lganda jarimaga tortilishi mumkin.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasidan zararlanish holatlari 133taga yetdi, 7 bemor sog‘aydi.

Mavzuga oid