Iqtisodiyot | 00:16 / 18.04.2020
34703
6 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus Xitoy iqtisodiyotidan «haqqini oldi». Navbat dunyoning qolgan qismiga

Xitoyda paydo bo‘lgan koronavirus mamlakatni chuqur inqirozga boshlamoqda. Bu shunchaki gap emas, tadqiqotlar shuni ko‘rsatgan. Axir butun dunyoga zarba bergan koronavirusdan u «tug‘ilgan» Xitoy qanchalik zarar ko‘rishini tasavvur qilish qiyin emas.

Foto: Reuters

Xitoy dunyo yetakchilari orasida birinchi bo‘lib koronavirus zarbasini qabul qildi va qat'iy karantin joriy etib, yirik shaharlarini yopib qo‘ydi.

Juma kuni Xitoyda iqtisodiy zarar miqdori hisoblab chiqildi. Unga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyotining yillik ko‘rsatkichi 6,8 foizga kamayishi prognoz qilingan. Bu Xitoy uchun dahshatning o‘zginasi. Chin o‘lkasida yillik ko‘rsatkichlar har yili 15 foizlab o‘sishiga o‘rganishgan. Hatto jahon iqtisodiy inqirozi vaqtida ham Xitoyda iqtisodiyot o‘sishdan to‘xtamagan.

Xitoy iqtisodi 1970-yillardagi Mao Tszedun o‘tkazgan «ma'naviy inqilob»dan buyon bunday qiyinchiliklarni ko‘rmagandi. Ishonavering, dunyo Xitoyga shunchalik bog‘lanib qolganki, bu mamlakatning iqtisodiy zararini sayyoradagi har bir fuqaro o‘z tanasida his qiladi.

2002-03 yillarda ham dunyoda SARS epidemiyasi tarqalgandi. O‘shanda Xitoy YaIMi dunyo iqtisodiyotining 4 foizini tashkil qilardi. Hozir esa dunyo iqtisodiyotining 17 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi va mamlakat YaIM bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi. Qolaversa, 18 yil oldingi epidemiya hozirgi kabi dahshatli ko‘rinish olmagan. 26 mamlakatda 8 ming kishi noma'lum pnevmoniyaga chalingan, qurbonlar soni 800dan oshmagandi. Taqqoslash uchun, koronavirus yuqtirganlar soni 2,2 milliondan oshdi, 150 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi.

Xitoyning tag‘in omadi keldi

Xitoy zarar ko‘rishi boshqa boy mamlakatlarni ham hushyor bo‘lishga chaqirdi va ular ham zarardan qocha olmasliklarini his qilishdi. Kambag‘al davlatlar esa ular uchun ahvol yanada yomon bo‘lishini taxmin qilishlari mumkin. Iqtisodiyoti kuchli bo‘lmagan mamlakatlar katta davlatlar kiritadigan kapitallarga umid qilib, biznesni rivojlantirishadi. Pandemiya vaqtida esa hech kim boshqalarga pul berish haqida o‘ylamaydi. 2008 yilgi inqiroz vaqtida ham shunday bo‘lgan.

Xalqaro moliya instituti (IFF) hisob-kitoblariga ko‘ra, virus tarqalishi boshlangan yanvar oyi o‘rtalarida rivojlanayotgan bozorlardan 100 milliard dollardan ortiq kapital chiqib ketishi ma'lum bo‘ldi. Bu 2008 yildagi inqiroz vaqtidagidan ham ko‘proq edi. Bu ko‘rsatkichlar pasaymayapti. Mart oyining o‘zida o‘sha 100 milliardning 80 milliardi bozorlardan chiqib ketgan.

Xitoy portlari avvaliga karantin tufayli bo‘shab qoldi, endi G‘arbdagi vaziyat tufayli talab kamaygan
GETTY IMAGES

Biroq Xitoy – istisno. Xitoydan kapital chiqib ketayotgani yo‘q, chunki virusga aloqasi bo‘lmagan iqtisodiy liberallik bunga yo‘l qo‘ymaydi. Shunday bo‘lsa-da, Xitoy zarar ko‘rmoqda. Xitoyki zarar ko‘rsa, G‘arb kapitali evaziga rivojlanayotgan boshqa mamlakatlarning ahvoli nima kechishini tasavvur qilish qiyin.

Katta mamlakatlarning kapitalidan quruq qolgan davlatlarda devalvatsiya boshlanadi, hayot darajasi pasayadi, xarajatlar ko‘paygan hozirgi pallada eski qarzlarni ham to‘lash kerak bo‘ladi. Bularning hammasi xazinaning pullari koronavirusga sarflanayotgan, daromadlar kamayib xomashyo arzonlayotgan pandemiya sharoitida sodir bo‘ladi.

Neft va metall arzonlashi esa Xitoyga aksincha qo‘l keladi. Chunki bu mamlakat dunyodagi eng yirik xomashyo iste'molchisi hisoblanadi. Neft arzonlagan bir vaqtda uni katta miqdorda sotib olib zaxirani arzonga to‘ldirish mumkin.

Yuqorida ko‘rsatkichlarning 6,8 foiz pastlashi haqida aytilgandi, ammo birinchi chorak yakuniga ko‘ra amalga oshirilgan bu hisob-kitoblar iqtisodga bo‘ladigan bosimning «ikkinchi to‘lqini»ni o‘z ichiga olmagan. Ular Xitoy ichki bozoridagi yo‘qotishlarning yig‘indisi, xolos. Ammo hali xorijga mahsulot sotadigan o‘ziga xos «dunyo fabrikasi»ning zarari endi bo‘y ko‘rsatadi. Axir Xitoy dunyoga ozmuncha mahsulot eksport qiladimi?

Dunyodagi kompaniyalar ishlab chiqaradigan mahsulotlar uchun tarkibiy qismlarning yarmi aynan Xitoyda yasaladi. Ya'ni, dunyoda «ayfon» hamda mashinalarga bo‘lgan ehtiyoj pasayishi ham Xitoy iqtisodiyotiga salbiy ta'sir qiladi. Ammo bu zararlar hozir emas, keyingi chorakda (aprel-iyun) seziladi.

Virus yomon vaqtda keldi

Xitoy qo‘pol qilib aytganda, «virusning kelishini intizorlik bilan kutmagandi». Chunki mamlakat iqtisodiyoti shundog‘am eng yaxshi kunlarini boshdan kechirmayotgandi. O‘tgan yil Xitoy iqtisodiyotidagi o‘sish 6,1 foizni tashkil qildi. Bu o‘tgan asr oxiridan buyon eng past o‘sish edi.

Ha, AQShning sanksiyalari besamar ketmagani aniq. AQSh bilan savdo urushi va Hongkongdagi namoyishlar Xitoyga jiddiy zarba bo‘ldi.

Bloomberg va Reuters joriy yilda Xitoy YaIMi 2,5 foiz o‘sishini taxmin qilmoqda. Hatto 1990 yil Pekindagi qonli namoyishlar vaqtida ham Xitoy YaIM bundan yaxshiroq o‘sishga (4 foiz) erishgandi.

Mavzuga oid