Sport | 16:50 / 21.04.2020
7876
12 daqiqa o‘qiladi

Sharhlovchi xolis bo‘lishi kerakmi?

Foto: Getty Images

Biror-bir futbol o‘yinidan keyin eng ko‘p «gap eshitadigan taraf» kim bilasizmi? Futbolchilar? Yo‘q, ular ham kelasi safar vaziyatni o‘nglab, olqish olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Murabbiylar ham shu. Vaziyatdan doim yutqazishda chiqadigan qatlam bu sharhlovchilardir. Telegram kanalida «Karantindagi sharhlovchi» rukni ostida aynan shu mavzuda Stanislav Mininning fikrlari chiqdi. U o‘z tajribasi asosida, bunday vaziyatlarda qanday qilib, tanqidlardan qutulib qolish borasida mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

«Sharhlovchi neytral bo‘lishi kerakmi? Yoki savolni boshqacha qo‘ysak: u qaysidir klubga muxlis bo‘lib, yana o‘sha klub o‘yinlarida ishlashi mumkinmi?

Ko‘pincha, mendan qaysi jamoaga muxlislik qilishimni so‘rashganida, efir vaqtida sharhni yaxshi o‘tkazib olish haqida o‘ylayman, qolgani muhim emas, deb javob beraman. Aksariyat sharhlovchilarda allaqachon professional deformatsiya ro‘y berib bo‘lgan va aslida ular hech qaysi jamoaga muxlislik qilmay qo‘yishgan. Juda ko‘p sharhlovchilar bilan shaxsan tanishman, faqat ba'zilarida aniq bilinib turadigan muxlislik bor – ularni shundog‘am hamma biladi.

Lekin baribir, muxlislar doim sharhlovchi efirda qaysidir klubga muxlislik qilyapti, deb hisoblaydilar va qizig‘i, odatda, sharhlovchi aynan ularning jamoalariga qarshidek tuyuladi. El-Klasikoda keyin aynan bir sharhlovchini ham «realchi», ham «barsachi» deydiganlar topiladi. Ayniqsa, Rossiya chempionatida ishlaydigan hamkasblarimga havas qilib bo‘lmaydi – bir mavsumda ular «Spartak», TsSKA, «Dinamo» va «Krasnodar»ning «ashaddiy muxlisi» bo‘lib ulguradilar.

Nima qilish kerak? O‘zi biror narsani o‘zgartirish shartmi?

Oldindan aytish mumkin, agar sharhlovchi o‘z terma jamoasi yoki klublarning xalqaro o‘yinlarini sharhlasa, muxlislik qilish mumkin va lozim. O‘sha klub senga yoqadimi yoki yo‘q, murabbiyini yaxshi ko‘rasanmi yoki yo‘q, farqi yo‘q. Mahalliy televideniyeda o‘sha jamoaning muxlisi rolini o‘ynashing shart, chunki tomoshabin ham sen bilan birga muxlislik qiladi. Bu yerda sharhlovchiga qiyinchilik tug‘ilmaydi, aksariyat hollarda bu vazifani yaxshi eplaydilar.

Asosiy muammo chet el chempionatlari, yevrokuboklar yoki terma jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlarda ro‘y beradi. Bu yerda eng muhimi – o‘zini yashirishga haddan ziyod urinmaslik. Ya'ni agar sharhlovchi «Real» muxlisi bo‘lsa, bilintirib qo‘ymay deb, o‘zini uni yomon ko‘radigandek tutmasligi kerak. Sizga ishonishmaydi. Yoki ishonishadi – bu undanam battar.

Agar sharhlovchiga bir jamoaning o‘yini boshqasiga nisbatan ko‘proq yoqsa, buning yomon tomoni yo‘q. Aslida Gvardiola shaydosi bo‘lib turib, o‘zini Mourinocha futbol tarafdoridek tutish yarashmaydi. Bunday vaziyatlarda, «neytral» degan o‘lchovga ham tupurib qo‘yib, nimani yaxshi ko‘rsangiz, shundan zavq olish lozim bo‘ladi. Sharhlovchi hech qachon robot bo‘lmasligi kerak. Bu kasb hissiyotni, shaxsiyatni talab qiladi, gapiruvchi mashinani emas. Mikrofon qarshisida o‘tirib, o‘z tuyg‘ularini va simpatiyalarini berkitmaslik kerak. Daxlsizlik emas, xolislik eng muhimi.

Ba'zi faylasuflar bu fikrlarni o‘qib, xolislik hech qayerda, ayniqsa, futbolda mavjud emasligini aytishlari aniq. Qat'iy baholaganda, ular haq, lekin shu bilan birga, unaqa o‘lchovlarda sharhlovchilarning u yoki bu klubga muhabbatini ham hech kim xolis baholamaydi. Men shartli xolislik haqida fikr yurityapman. Xo‘sh, buni qanday tushunish kerak?

Birinchisi, o‘yinni tushunishga harakat qilish. Agar o‘yinni tushunsangiz, kim vazifani uddalayotgani va kim buni eplay olmayotganini aniq ko‘ra olasiz. «Barselona» bugun ajoyib, chunki mana bu, mana bularni yaxshi amalga oshiryapti. «Spartak» bugun juda yomon o‘ynayapti, chunki mana bu, mana bu vazifalarni eplay olmayapti. Siz o‘z nuqtayi nazaringizni bildirasiz. Uslub, til va boshqasi o‘zingizga havola.

Ikkinchisi. Siz tomoshabinni hech narsana da'vat qilmaysiz, ularga aql o‘rgatmaysiz. Siz shunchaki, mikrofonda u emas, siz o‘tirganingizdan foydalanib, o‘z qarashingizni oliy haqiqatdek, boshqalarga singdirishga urinmaysiz. Siz tomoshabin bilan birgalikda tomosha qilyapsiz, u nimani ko‘rsa, siz ham shunday. Sizda dialog shakllanishi kerak. Ha, ba'zida bu munozara ham bo‘lishi mumkin. Lekin munozarada boshqacha fikrlovchi tarafga e'tiroz bo‘lmasligi kerak. Aslida, tomoshabinlar tomonidan eng ko‘p tanqidlarning asosi shu, sharhlovchining haddan ziyod bosimi tufayli, ular dialogni his qilishmaydi.

Uchinchisi. Bir jamoaning hujumini tahlil qilayotib, avval maqtaysiz, ana undan keyin kamchiliklarni tilga olib, tanqid qilish lozim. Bu ham bir mashq. Avval qaysi harakat yo kombinatsiya yaxshi bajarilganini e'tirof etib, maqtaysiz. Keyin xatolarni tilga olasiz. Qaysi jamoa hujum qilib, qaysinisi himoya qilayotganidan qat'i nazar.

To‘rtinchisi. O‘yin qoidalarini bilish. Takrorlab, izlanib turing.

Beshinchisi. Menimcha, eng muhimi. Eng katta e'tirozlar sharhlovchi hakamning qarorlarini o‘zicha talqin qilish holatlaridan kelib chiqadi. Golni hisobladi. Yoki hisoblamadi. Penalti berdi yoki bermadi. Futbolchini maydondan chetlatdi. Hakamda ham, sharhlovchi uchun ham bunday vaziyatlar lose – lose hisoblanadi.

Nima qilish kerak? Aniq retsept yo‘q, lekin shaxsiy tajribadan aytish mumkin. O‘zim uchun bir qoida ishlab olganman – hali takroriy namoyish bo‘lmaguncha, hech qanday baho bermaslik kerak. Faqat faktlar. Masalan, hakam penalti belgiladi. Futbolchilar penalti talab qilishmoqda, qo‘l bilan o‘ynalganini ishora qilishmoqda. Hakam hushtak chalmadi. Yordamchilari bilan maslahatlashmoqda. Hakam takroriy vaziyatni ko‘rgani ketdi. Va hokazo. Faqat ekranda ko‘rinib turgan hodisalar, tamom.

Keyin, takroriy lavhalar ko‘rsatiladi. Vaziyatda hakamning ko‘zi bilan qarashga urinib ko‘ring. Siz ko‘rib turganingizni emas, hakam nimalarni ko‘rib, shu qarorga kelayotganini tushunishga harakat qiling. Uning fikrlash jarayonini ochiqlashni boshlang. U aynan qaysi nuqtalarga e'tibor qaratdi, urg‘u berdi? Go‘yoki siz tomoshabin bilan birga hakamlar laboratoriyasidasiz va ular bilan birga epizodni o‘rganmoqdasiz.

Bu juda oddiy va tushunarli pozitsiya. Siz hakamning professional ekani va siz bilan bizdan yaxshiroq bilimga egaligidan kelib chiqib fikr yuritasiz. Uning qachondir «Atletiko»ning o‘yinini boshqarib, Diyego Kostani maydondan chetlatganidan kelib chiqmaysiz. Hakamning bobosi Madridning bir chekka qishlog‘ida tug‘ilgani uchun, «Real» muxlisi bo‘lishi mumkinligidan kelib chiqmaysiz. Hakam vaziyatni talqin qiladi, siz esa, nega aynan shunday traktovka yuzaga kelganini anglashga, anglanishga urinasiz, xolos.

Agar bu qoidalarga rioya qilsangiz, qaysi jamoa muxlisi ekaningizning ahamiyati qolmaydi».

Iqtibos tugadi.

Haqiqatan ham, futbol sharhlovchilarimizning eng ko‘p tanqid qilinadigan jihati u yoki bu jamoaga yon bosishdir. Men taniydigan sharhlovchilarning qisman qaysi jamoaga muxlis ekanlarini bilsam ham, aslida, ayblovlar biroz noo‘rin, menimcha.

O‘tgan yili «Qo‘qon 1912» jamoasi o‘z maydonida «Paxtakor»ni qabul qilgandi. Hisobni mehmonlar ochgan, ikkinchi bo‘lim oxirlarida qo‘qonliklar hisobni tenglashtirgandi. O‘shanda sharhlovchi Xayrulla Hamidovdan ko‘p «paxtakorchi» muxlislar xafa bo‘lgandilar – Xayrulla aka «Paxtakor»ning golidan ko‘ra, mezbonlarning goliga ehtirosliroq reaksiya bergan, balandroq ovoz bilan «gol» deb aytgan. Xo‘sh, bu noxolis sharhmi?

Xolislikni har kim turlicha tushunadi. Sharhlovchi uchun xolislik bu – futbolni xolis muxlisdek tomosha qilish va sharhlash. Tasavvur qiling, «Paxtakor»ga ham, «Qo‘qon»ga ham muxlis bo‘lmagan, xolis tomoshabin televizorda bu uchrashuvni kuzayatpti. Xo‘sh, uning qaysi jamoa goliga reaksiyasi kuchliroq bo‘ladi? Beixtiyor qaysi jamoaga muxlislik qiladi? Tabiiy ravishda, kuchsizroq jamoaga, chunki «Qo‘qon»ning goli o‘yinni yanada qizitib yuborishi mumkin.

«Liverpul» – «Siti» uchrashuvida mezbonlar Manening golidan keyin 3:0 hisobida oldinga chiqib olishdi. O‘yin oxirlarida esa, Silva bir gol urib, hisobni tenglashtirdi. O‘shanda sharhlovchilar tandemi «Liverpul»ning uchinchi golidan ko‘ra, «Manchester Siti»ning birinchi goliga ko‘proq xursand bo‘lishganida, ayniqsa, ko‘p «Liverpul» muxlislari ularni noxolislikda ayblagandilar. Xo‘sh, gap ularning noxolis ekanliklaridami, ya'ni ular «Siti» muxlisimi? Yo‘q, sharhlovchi o‘yin ssenariysidan, yanada qizib ketishidan manfaatdor – Manening goli o‘yinni sovitgan bo‘lsa, Silvaning goli yana jonlantirdi, so‘nggi 10 daqiqa yanada qiziqroq o‘tishini ta'minladi.

Umuman, agar mavsum davom etadigan bo‘lsa, «Liverpul»ning har bir mag‘lubiyati uning chempionligini shunchaga kechiktiradi va turnirdagi intrigani ushlab turadi. Shuning uchun ham butun dunyo ularning (yoki boshqa ligadagi peshqadamlarning) mag‘lubiyatidan alohida sevinishlari normal holat. Sharhlovchi ham ba'zida o‘sha kayfiyatni e'tiborga olib, tomoshabin bilan ayni to‘lqinda bo‘lishida yomon taraf ko‘rmayapman.

Umuman, «Barselona» darvozasiga «Levante»ning golini baqirib nishonlagan sharhlovchi bu ishni «Real» muxlisi ekani uchun qilmaydi. Shunchaki, bu gol o‘yindagi intrigaga ijobiy ta'sir qilishini, bu esa, sharhlanayotgan o‘yinning yanada qiziqroq, shiddatliroq o‘tishiga zamin yaratishini bilgani uchun xursand bo‘ladi. Albatta, gap bahsli vaziyatlarni, hakamning qarorlarini bir tomonlama baholash, bir tomonni ortiqcha maqtab yoki yomonlab yuborishning mavzuga aloqasi yo‘q. 

Sharhlovchining shu shaklda o‘yin kayfiyati bilan hamohang bo‘lishi, ssenariy bilan mos ravishda emotsiya ko‘rsatishi mutlaqo tabiiy va juda kerakli jarayon. Xolis baho berish ilinjida doimiy ravishda muvozanat haqida o‘ylash, har ikki tarafning tengligi borasida qayg‘urish sharhni jonsiz, zerikarli qilib qo‘yadi.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid