Jahon | 08:09 / 25.04.2020
24001
4 daqiqa o‘qiladi

«Uyimiz olov ichida» - Greta Tunberg insoniyatni ogohlikka chorlashda davom etmoqda

Shvetsiyalik yosh ekofaol Greta Tunberg asos solgan iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash tashkiloti 22 aprel – Xalqaro Yer kuni munosabati bilan kichik film sur'atga oldi. Filmda uyida alangalanayotgan gulxanga e'tiborsiz tarzda odatiy hayot kechirayotgan, tongda bolalarini o‘qishga kuzatayotgan oila tasvirlanadi.

Film pandemiya tufayli boshqa muammolarga chalg‘igan insonlar e'tiborini iqlim o‘zgarishi muammolariga qaratish uchun tayyorlangan.

Jahon iqtisodiy forumi filmga Greta Tunbergning 2019 yilgi Davos forumidagi nutqini qo‘shdi.

«– Uyimiz olov ichida. Va men shu yerda turib, uyimiz yonayotganini aytyapman. Iqlim o‘zgarishi muammosini hal qilish – insoniyat yuz tutgan eng muhim va eng qiyin muammo.

Kattalar yosh avlodga umid berishayotganini aytishmoqda. Biroq menga sizning umidingiz kerak emas. Men umidvor bo‘lishni emas, sizning ham xavotir olishingizni xohlayman. Men o‘zim har kuni his qilayotgan qo‘rquvni siz ham his qilishingizni xohlayman.

Va harakat qilishingizni xohlayman. O‘zingizni xuddi inqirozdan chiqish uchun harakat qilganday tutishingizni istayman. Uyingiz olov ichida qolgandek harakat qilishingizni xohlayman», – deya Davosda nutq so‘zlagan Gretaning mazkur murojaati filmga qo‘shilgan.

Xalqaro Yer kunida 17 yoshli Greta Tunberg barqaror taraqqiyot masalalari bo‘yicha xalqaro darajada tan olingan professor Johan Rokstrum bilan onlayn tarzda suhbatlashgan.

The Guardian nashrining yozishicha, bu suhbatda Greta koronavirus pandemiyasidan so‘ng odamlar «yangi yo‘l»dan yurishi kerakligini aytib, o‘zi avvalroq aytganidek, jamiyat barqaror emasligini ta'kidlagan.

Shvetsariyalik yosh iqlim faolining so‘zlariga ko‘ra, COVID-19`ga nisbatan global miqyosda ko‘rsatilayotgan reaksiya agar odamzod birlashsa va olimlarning so‘ziga kirsa, o‘zgarishlar qanday tez sodir bo‘lishini ko‘rsatib berdi.

Greta iqlim o‘zgarishi muammolariga ham xuddi mana shunday prinsipda kurashilishi kerak, deb hisoblaydi.

«Biz xohlaymizmi yoki yo‘q, yashab turgan dunyomiz bundan atigi bir necha oy oldingidan ham farq qiladi. Balki endi hech qachon oldingiday bo‘lmasligi ham mumkin. Shuning uchun biz o‘zimizga yangi yo‘l tanlashimiz kerak.

Agar kichik bir virus bir necha haftada iqtisodiyotlarimizni izdan chiqarib yuborgan ekan, demak, bu bizning uzoq kelajakka doir xavflarni hisobga olmasligimizni ko‘rsatadi», – deydi Greta Yer kunining 50 yillik yubileyidagi onlayn muloqotda.

Uning suhbatdoshi, yer sistemasi bo‘yicha olim – Postdam universiteti direktori Johan Rokstrumning fikriga qaraganda, pandemiya va ekologik inqiroz o‘rtasida kuchli bog‘liqlik bor.

Masalan, o‘rmonlar kesilishi va yovvoyi hayvonlar savdosi viruslarning tur chegarasidan chiqib ketishi ehtimolini kuchaytirgan, havo ifloslanishi esa nafas respiratorlarining kuchsizlashiga, oqibatda esa, insoniyatning zaiflashishiga sabab bo‘lgan. Havo yo‘llari orqali sayohatga keng miqyosda ruxsat berilishi esa virusning tezroq tarqalishiga yo‘l ochib bergan.

«Ilmiy faktlar bularning bir narsa ekanligini va bir xil inqiroz qismlari ekanligini ko‘rsatdi», – deydi Johan.

Ikkala ekolog – Johan Rokstrum va Greta Tunberg ham pandemiyadan dars olgan hukumatlar olimlarning so‘zlariga ko‘proq quloq solishlari kerak, deb hisoblaydi.

Eslatib o‘tamiz, shvetsiyalik 17 yashar ekologiya faoli Greta Tunberg 2019 yilda Time jurnali tomonidan jahonda «Yil odami» sifatida tan olingan edi. Bundan tashqari, shvetsiyalik qiz Time jurnali tuzgan 1920 yildan keyingi davrda tarix silsilasiga sezilarli ta'sir ko‘rsatgan 100 nafar xotin-qizlar ro‘yxatiga ham kiritilgandi.

Mavzuga oid