Jahon | 08:56 / 13.05.2020
9225
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh vitse-prezidenti o‘zini Trampdan izolyatsiyalashga qaror qildi

AQSh vitse-prezidenti Maykl Pens qo‘l ostidagi xodimlardan biri koronavirusga chalingani ma'lum bo‘lgach, prezident Donald Tramp bilan uchrashmay turishga qaror qildi.

Foto: AP Photo/Robert F. Bukaty

Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Keyli Makinani ma'lum qildi. 

“Vitse-prezident bir necha kun Trampga yaqinlashmay turishga qaror qildi. Buning uning shaxsiy qarori”, deb aytgan Makinani.

9 may kuni Tramp Pensning matbuot kotibi Keti Miller koronavirusga chalinganini ma'lum qilgandi. Uning ta'kidlashicha, Millerning 7 mayda topshirgan testi manfiy, biroq 8 maydagisi musbat chiqqan.

AQSh prezidentining aytishicha, u Miller bilan bevosita aloqada bo‘lmagan, biroq Miller Pens bilan, vitse-prezident esa o‘z navbatida prezident bilan muloqot qilgan.

Keyinroq Pensning rasmiy vakili Devin O’Melli vitse-prezident matbuot kotibida koronavirus aniqlangandan keyin karantinga ketmaganini ma'lum qilgan.

“Vitse-prezident Oq uy tibbiy xizmati tavsiyalariga amal qilmoqda va karantinga ketmagan”, deb aytgan O’Melli va Pens Oq uydagi tadbirlarda shaxsan ishtirok etmoqchiligini qo‘shimcha qilgan. 

Mavzuga oid