Jahon | 01:36 / 21.05.2020
32974
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh sudi ilk bor “Titanik” kemasi korpusini ochishga ruxsat berdi 

AQSh sudi 1912 yil aprelda Atlantika okeani tubiga g‘arq bo‘lgan afsonaviy “Titanik” kemasi korpusini ilk bor ochishga ruxsat berdi. Bu avvalambor kema bilan birga cho‘kib ketgan Marconi firmasining simsiz radiouzatgichini sirtga chiqarish uchun amalga oshiriladi.

Foto: Instagram /Reprodução

Fojiadan 100 yil o‘tib, 2012 yil aprelda kema suv osti madaniy merosini muhofaza qilish haqidagi konvensiyaga muvofiq YuNeSKO muhofazasiga olingandi.

Kema korpusini ochishga ruxsatni cho‘kib ketgan kemalarni suv sirtiga chiqarish bilan shug‘ullanuvchi RMS Titanic kompaniyasi olgan. Aynan shu kompaniya kemani 1994 yilda birinchi bo‘lib aniqlagan. 

Afsonaviy “Titanik” korpusini ochish, birinchi navbatda, u bilan birga cho‘kib ketgan Marconi firmasining simsiz telegrafini sirtga chiqarish uchun amalga oshirilmoqchi. Aynan shu telegrafdan kema cho‘kayotgan vaqtda falokat signali jo‘natilgan. Ta'kidlanishicha, ushbu qurilma kema cho‘kishining ba'zi tafsilotlariga oydinlik kiritishi mumkin. Misol uchun, nima uchun kema u tomon yaqinlashib kelayotgan aysberglar haqidagi ogohlantiruvchi xabarlar olganiga qaramay, maksimal tezlikda harakatlanishni davom ettirgani hanuzgacha sir bo‘lib qolmoqda. 

Tadqiqotchilar hozirgacha kemani faqat tashqi tomonidan ko‘zdan kechirishgan. RMS Titanic 30 yil davomida kemadan turli buyumlarni sirtga chiqarib kelgan. Sudya Rebekka Bich Smitning ta'kidlashicha, telegraf tarixiy va ilmiy qiymatga ega. Agar u chiqarib olinmasa, kema bo‘laklari ostida abadiy qolib ketishi mumkin.

2019 yilda AQSh va Britaniya o‘rtasida ikki davlatga qarashli kompaniyalarga “Titanik” cho‘kkan joyda mutasaddi idoralarning maxsus ruxsatlari bilan ishlar olib borish huquqini beruvchi kelishuv kuchga kirgan. 

Kema dengiz organizmlari tomonidan shikast yetkazilayotgani sababli tobora yemirilib bormoqda. Olimlarning fikricha, kech bo‘lmasdan, tarixiy ahamiyatga ega buyumlarni kemadan yaqin 10-15 yil ichida chiqarib olish lozim.

1912 yil 10 aprelda Britaniyaning Sautgempton shahridan AQShning Nyu-York shahriga yo‘l olgan “Titanik” o‘zining ilk va oxirgi reysi vaqtida 14 apreldan 15 aprelga o‘tar kechasi aysberg bilan to‘qnashuvdan keyin okean tubiga g‘arq bo‘lgan. Fojia 1,5 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan.

Mavzuga oid