Jahon | 08:42 / 16.06.2020
9253
5 daqiqa o‘qiladi

Pandemiya umumbashar taraqqiyotni 6 yilga ortga surishi mumkin - BMT hisoboti

Koronavirus pandemiyasi tibbiy inqirozdan ko‘ra kattaroq muammo ekani tobora jiddiyroq anglashilib bormoqda. Global inqiroz oxirgi 6 yil davomida insoniyat taraqqiyoti uchun qilingan barcha harakatlarni ko‘kka sovurishi mumkin, deyiladi BMT e'lon qilgan yangi hisobotda.

Foto: AP

BMTning «SOVID-19 va inson taraqqiyoti: inqirozni baholash, qayta tiklanishni rejalashtirish» dasturida aytilishicha, pandemiya inson taraqqiyotining ayrim jabhalarida 40 yildan buyon ko‘rilmagan yo‘qotishlarga sabab bo‘lmoqda.

2020 yil Insoniyat taraqqiyoti indeksida u ishlab chiqilgan 1990 yildan beri birinchi katta pasayish qayd etilishi kutilmoqda. Bunga ta'lim, tibbiyot va turmush darajasida kuzatiladigan o‘zgarishlar sabab bo‘ladi. Bunda ayniqsa rivojlanayotgan davlatlar ko‘proq zarar ko‘radi, deb yozmoqda Jahon iqtisodiy forumi BMT tahlillariga tayanib.

«Bu dunyo oxirgi 30 yilda ko‘p inqirozlarni ko‘rdi. Har biri insoniyat taraqqiyotiga qattiq zarar yetkazdi. Biroq baribir insoniyat taraqqiyoti to‘xtamagan, yildan yilga rivojlanib boravergan. COVID-19 esa trendni o‘zgartirib yubordi», – deydi BMT Taraqqiyot dasturi direktori Axim Shtayner.

Virus tufayli dunyo iqtisodiyotida 1930 yillardagi Buyuk depressiyadan keyingi davrdagi eng keskin qulash ro‘y bermoqda.

Pandemiya oqibatida keyingi 6 oyda kuniga 6 mingtadan oldini olish mumkin bo‘lgan bolalar o‘limi ro‘y berishi mumkin.

Maktablar yopilishi bilan ta'limga qamrab olingan bolalar ulushi 1980 yillardagidan ham kamroq darajaga tushib qoldi. Karantin tufayli internetga ulanish imkoni yo‘q odamlar jamiyatdan ajralib qoldi, ijtimoiy tengsizlik kuchaydi.

Shunday bo‘lsa-da, BMT mazkur inqiroz hozirgidan yaxshiroq kelajak qurish mumkinligini dunyoga ko‘rsatib berdi, degan fikrda. Bu kelajakning ayrim effektlari ko‘p o‘tmay sezila boshlaydi. Jumladan, maktablar ochilishi bilan ta'lim darajasi yana tezda avvalgi holiga qaytadi.

Ta'kidlanishicha, pandemiya sharoitida to‘g‘ri qarorlar qabul qilingan taqdirda, insoniyat kelajakda o‘z taraqqiyotiga zarar yetkazmasdan inqirozlar bilan yuzma-yuz kelishga tayyor bo‘lishi mumkin.

Milliardlab odamlarning ko‘ngilli tarzda ijtimoiy masofa saqlashga harakat qilayotgani barcha birlashib o‘zgarishlarga erishishi mumkinligini ko‘rsatdi.

«Agar bashariyat global miqyosdagi muammoga hamjihatlik bilan yechim topa olishiga isbot kerak bo‘lsa, biz hozir shu damlarni boshdan kechiryapmiz», – deyiladi BMT bayonida.

Shundan kelib chiqqan holda, tashkilot pandemiyadan keyingi ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishning 5ta ustuvor yo‘nalishini ma'lum qildi:

1. Tibbiyot va tibbiy xizmat tizimini himoyalash;

2. Ijtimoiy himoya tizimini yaxshilash;

3. Ishga joylashtirish mexanizmini, kichik va o‘rta biznes, norasmiy sektor xodimlarini himoyalash;

4. Hamma uchun foydali makroiqtisodiy siyosat yuritish;

5. Ijtimoiy uyushqoqlikka erishish uchun tinchlikni, adolatli hukumat tizimini rag‘batlantirish.

BMTning pandemiyadan so‘ng ijtimoiy-iqtisodiy tiklanish rejasidagi 5ta tayanch nuqta:

·       Sog‘liqni saqlash birinchi o‘rinda;

·       Makroiqtisodiy choralar va ko‘p tomonlama hamkorlik;

·       Odamlarni himoyalash;

·       Ijtimoiy uyushqoqlik va bardoshlilik;

·       Iqtisodiy choralar va tiklanish.

Har kim o‘z potensialini to‘liq namoyon qila oladigan kelajak haqida

BMT inqirozni dunyoni yaxshiroq qilib o‘zgartirish uchun imkoniyat deb atashi Jahon iqtisodiy forumining «Buyuk qayta qurish» chaqirig‘ini ham o‘zida aks ettiradi.

«Buyuk qayta qurish» – Jahon iqtisodiy forumining navbatdagi 2021 yil yanvarda o‘tkaziladigan 51-umumiy sammiti uchun shior sifatida tanlab olingan. Bu g‘oya kelajakni adolatli va «yashil» holatda yaratishni maqsad qiladi.

Bu chaqiriqni qo‘llab-quvvatlovchilar uni xuddi Ikkinchi jahon urushidan keyin dunyo liderlari tengsizlikni tugatish, iqlim o‘zgarishi muammosini to‘xtatish va har bir inson o‘z potensialini to‘liq namoyon qila olish imkoniga ega bo‘lishi uchun birlashgan harakatga qiyoslamoqdalar.

«Pandemiya bizga dunyoga qayta nazar solish va uni o‘zgartirish uchun nigoh tashlashimizga imkon berdi. Buning bilan hozirgidan adolatliroq, tenglik ta'minlangan va sog‘lom kelajak qurilishi kerak», – deydi Jahon iqtisodiy forumi asoschisi va direktori Klaus Shvab.

Mavzuga oid