O‘zbekiston | 18:26 / 17.06.2020
31383
2 daqiqa o‘qiladi

To‘yxonalar faoliyati nima uchun qayta tiklanmayotganiga izoh berildi

Ovqatlanish obektlarida oraliq masofani saqlagan holda stol-stullarni joylashtirish va ovqatlanish vaqtini cheklash mumkin. To‘yxonalarda esa odamlar 2-3 soat vaqt mobaynida o‘rin almashtirmasdan bir yerda turib qoladi va muloqot qiladi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori o‘rinbosari Botir Qurbonov AOKAda o‘tkazilgan brifingda nima uchun to‘yxonalar faoliyati qayta tiklanmaganiga izoh berdi.

«To‘yxonalar faoliyatiga ruxsat berilmagan bo‘lsa-da, hovlilarda to‘y o‘tkazishga ham ruxsat berildi. To‘yxonalarga ruxsat berilmaganining sabablari bor.

To‘yxona va oshxonalarda vaziyat bir-biridan farq qiladi. Ovqatlanish obektlarida oraliq masofani saqlagan holda stol-stullarni joylashtirish va ovqatlanish vaqtini cheklash mumkin. To‘yxonalarda esa odamlar 2-3 soat vaqt mobaynida o‘rin almashtirmasdan bir yerda turib qoladi va muloqot qiladi», dedi agentlik vakili.

U ovqatlanish joylarida uzog‘i bilan 40 daqiqa ichida ovqatlanib bo‘lish va hududni tark etish mumkinligi, shundan so‘ng sanitariya holatini yangilash imkoni borligini, to‘yxonalarda esa 40-45 daqiqadan so‘ng odamlarni chiqarib yuborib, xonalarni shamollatib bo‘lmasligini qayd etib o‘tdi.

Shuningdek, umumiy ovqatlanish korxonalariga mijozlarni qat'iy tekshiruvdan o‘tkazgan holda ichkariga kirishga ruxsat berish tartibiga amal qilish, karantin qoidalariga qat'iy rioya qilish zarurligini yana bir bor eslatib o‘tildi.

Mavzuga oid