O‘zbekiston | 00:23 / 28.06.2020
176382
4 daqiqa o‘qiladi

Aholi orasida aniqlangan kasallanish holatlari bo‘yicha rekord qayd etildi

27 iyun kuni O‘zbekistonda 255ta yangi zararlanish holati tasdiqlandi (jami 7551 holat) va 202 nafar bemor sog‘aydi. Shu vaqtgacha 5240 bemorga javob berilgan, 20 kishi vafot etgan, shifoxonalarda 2422 nafar bemor davolanmoqda.

Bugun 7 hududda - Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida yangi holatlar qayd etildi. SSV matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev telegramdagi kanalida bemorlar qayd etilishi va sog‘ayishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar jadvalini keltirdi.

Bugungi 255 holatdan 169tasi karantin muassasalarida, 54tasi aholi orasida aniqlangan, xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari bo‘lgan 32 kishiga ham virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Aholi orasida (+54)
Bugun aholi orasida aniqlangan kasallar soni bo‘yicha rekord natija qayd etildi - 54 bemor. Bungacha bir kunda aholi orasida yangi holatlar aniqlanishi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich 11 iyun kuni qayd etilgandi - 39 holat. So‘nggi 10 kunda esa bu boradagi eng yuqori ko‘rsatkich 24 iyun kuni qayd etilgan - 31 holat.

Bugun aholi orasidagi yangi holatlarning eng ko‘p qismi Toshkent shahrida qayd etildi - 39 holat. Bir kun oldin poytaxtning Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod va Chilonzor tumanlarida aholi orasida yangi kasallanish holatlari qayd etilgan, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ xodimida, ichki ishlar tizimi xodimi va avtosaroy konduktorida virus chiqqan. Poytaxtda so‘nggi marta 3 iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanmagandi.

Toshkent viloyatida aholi orasida yana 6 kishida virus aniqlangan. Viloyatda so‘nggi haftalarda uzluksiz ravishda aholi orasida yangi holatlar aniqlanmoqda, bir kun oldin Qibray va Parkent tumanlarida, shuningdek, «G‘ishtko‘prik» chegara posti navbatchi epidemiologida virus aniqlangan.

Bugun Surxondaryo va Sirdaryoda aholi orasida 4tadan holat aniqlandi, Buxoroda ham bir kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi.

Karantin (+169)
Xorijdan kelgach Toshkent viloyatidagi O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasida 104 holat aniqlandi.

Toshkent shahrida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida 25 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi.

Toshkent viloyatida bemorlar bilan aloqasi tufayli karantinga olingan 8 kishida virus chiqdi.

Surxondaryo viloyatida karantinga olinganlar orasida 22 kishi virus yuqtirib olgani aniqlangan, viloyatda bugun jami 26 holat qayd etilib, shu vaqtgacha kasallik tasdiqlanishi holatlari soni 100dan oshdi.

Shuningdek, karantindagilardan Sirdaryo va Navoiyda 3 nafardan, Qoraqalpog‘iston va Buxoroda 2 nafardan kishi virusga chalingani ma'lum bo‘lgan.

Haydovchilar (+32)
Toshkent viloyatida 32 nafar xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisiga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Tuzalganlar (202)
Bugun Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida jami 184 nafar bemor tuzalib chiqdi, shuningdek, Xorazmda 18 nafar bemorga javob berilgan. Kun davomida 202 kishi tuzalib chiqdi va bu rekord hisoblanadi. Ayni vaqtgacha jami 5240 bemor koronavirus infeksiyasidan forig‘ bo‘lgan.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 2422 nafar bemordan 19 nafari og‘ir, 7 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. 

‼️Hozirda mamlakatimizda uy karantinida 39 673 nafar, statsionar karantinda esa 23 991 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi. 

Mavzuga oid