O‘zbekiston | 17:46 / 29.06.2020
67112
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilmoqda.

Agentlik O‘zbekiston prezidentiga bo‘ysunadi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari oldida hisobdor bo‘ladi.

Agentlikning asosiy vazifalaridan biri korrupsiya yuqori bo‘lgan sohalarni chuqur tahlil qilish hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish hisoblanadi.

Budjet mablag‘laridan foydalanish, davlat aktivlarini realizatsiya qilish va davlat xaridlari sohasida korrupsiyaga qarshi nazorat qilish masalalari ham Agentlikning vakolatlar doirasiga kiradi.

Bundan tashqari, Agentlikka davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi hamda deklaratsiyadagi ma’lumotlarning haqqoniyligi tekshirilishini tashkil etish vazifasi yuklanadi.

Agentlikka xalqaro standartlarga muvofiq korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha boshqa bir qator vazifa va funksiyalar yuklanadi hamda ularni amalga oshirishda yuqori natijadorlikka erishi maqsadida Agentlik ta’sirchan vakolatlarga ega bo‘ladi.

Agentlik har yili ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinishi lozim bo‘lgan Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida milliy ma’ruzani shakllantiradi hamda uni O‘zbekiston prezidenti va Oliy Majlis palatalariga kiritadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishda parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida Parlament boshchiligida faoliyat yuritadigan O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tashkil etilmoqda.

Mavzuga oid