Sport | 11:08 / 30.06.2020
13235
12 daqiqa o‘qiladi

«Endi barcha kabi oddiy». Utkin «Liverpul» va uning muxlislari haqida

O‘tgan hafta Yevropada so‘nggi o‘ttiz yilda kuzatilmagan voqea sodir bo‘ldi. «Liverpul» Angliya chempioniga aylandi. Rossiyalik mashhur sharhlovchi va jurnalist Vasiliy Utkin yutubdagi kanalida «Liverpul» muxlislariga bag‘ishlab o‘ziga xos video joylashtirdi. Qizig‘i, videoning mazmuni ham aynan o‘ziga xoslik haqida. Xo‘sh, endi bu jamoa muxlislari nimani topdilar-u, nimani yo‘qotdilar. Utkinning fikrlari juda qiziqarli bo‘lgani uchun video tekstga o‘girilib, tarjima qilindi.

Foto: Getty Images

«Liverpul» o‘ttiz yildan keyin, nihoyat chempion bo‘ldi va bu albatta, juda zo‘r, ayniqsa, jamoa muxlislari uchun katta voqelik. Nega aynan muxlislar?

To‘g‘ri, futbolchilar uchun ham Angliyada chempion bo‘lish katta muvaffaqiyat, ayniqsa, «Liverpul» tarkibida, buning ustiga o‘ttiz yil o‘tib g‘olib chiqish ajoyib natija. Ha, ammo bilasizmi, hech bir futbolchi bu g‘alabani o‘ttiz yil kutgani yo‘q. Va hech qaysi futbolchi tanlovsiz qolmaydi, chempion bo‘lish uchun boshqa yo‘llari ham bo‘ladi. Masalan, boshqa jamoaga o‘tib, ham bunga erishish mumkin, to‘g‘rimi? Ha, hamma ham bunday foydalanmaydi, lekin eslasangiz, bu tarkibdan avvalgi buyuk «Liverpul»ning ramzi bo‘mish Luis Suares, «Barselona»ga o‘tdi va hamma sovrinlarni yutdi.

Faqat muxlis o‘ttiz yil kutishi mumkin. Kutib, umid qilib, ishonib... Umuman, har qanday muxlis ham ishonishi mumkin, axir muxlislik bu sevgining bir turi...

O‘ttiz yil o‘ziga xos muddat. Bu davrda bemalol otangizdan qolgan meros sifatida «liverpulchi»ga aylanishga ham ulgurish mumkin. Yoki bolalikdan afsonaviy qandaydir futbolchini yoqtirib qolib, jamoa muxlisi bo‘lib qolish. Ana undan keyin sabr qilish va kutish qoladi. Shuning uchun ham bu avvalo muxlislarning buyuk g‘alabasidir.

Bu g‘alabaning asosiy qahramoni bormi, nima deb o‘ylaysiz? Albatta, bor. Bu – Yurgen Klopp. Gap shundaki, odatda «Liverpul» muvaffaqiyatlarini kimdir bilan bog‘lashga urinsangiz, albatta, bir muammoga duch kelasiz. Bu haqida avval ham, Virjiyl van Deyk haqli ravishda «Oltin to‘p»ga da'vogarlar safidan joy olganida, aytgandim. Agar himoyachilar 1996 yildagi Zammerdan buyon bunday sovrin yutmaganini ham e'tiborga olsak, qiziq, to‘g‘rimi? Ha, o‘rtada Fabio Kannavaroda ham «Oltin to‘p» bor, ammo hammamiz yaxshi eslaymizki, Kannavaro – eng zo‘r o‘yinchi, eng zo‘r himoyachi emas, o‘sha chempion Italiyaning ramzi o‘laroq bunga loyiq ko‘rilgandi. O‘sha turnirda, albatta, eng yaxshi Zidan edi, ammo finaldagi ishidan keyin qanday qilib unga «Oltin to‘p» berish mumkin edi?

Xullas, Virjiyl van Deyk. Ajoyib himoyachi, balki o‘z davrining eng yaxshisi. Ammo yana bir bor shu sovringa da'vogar bo‘la oladigan darajada, tarixdagi eng zo‘rlardan birimi? Albatta, yo‘q. Xo‘p, bu holatda yana kim «Liverpul» nomidan chiqa oladi? Saloh? U esa, yilning eng muhim o‘yinida, «Barselona» ustidan qozonilgan tarixiy g‘alabada ishtirok etmagandi. Yana kim?

«Liverpul» g‘alabasini bog‘lash kerak bo‘lsa, yagona inson – Yurgen Klopp. Odatda, jamoa yutadi, murabbiy yutqazadi, deymiz, bu holatda esa, teskarisi, aynan Kloppda barchasi o‘z o‘rniga tushadi.

Bugun «Liverpul» muxlislaridan biri eslatdi, Yurgen Klopp Liverpulga ilk kelgan kuni o‘zini «oddiy» sifatida tanitgan (Undan Joze Mourino ilk bor Angliyaga kelganida o‘zini «speyshl uan» deb atagandi, siz o‘zingizni qanday tanitasiz, deb so‘rashganda, «normal uan» deb javob bergan) va bu qisman uning laqabiga aylangandi.

Bu yerda go‘yoki Klopp o‘zini Jozega qarshi qo‘ygan bo‘lsa-da, aynan shu jihat ularni o‘xshashga aylantiradi. Axir Klopp aynan Joze o‘zini «speyshl» degani uchun «normal» laqabini oldi. Go‘yoki, o‘sha vaziyatda «normal» bo‘lish o‘ziga xoslik edi. Xuddi bir paytlar Joze Angliyaga kelganida, «speyshl» bo‘lish o‘ziga xoslik bo‘lgani tufayli. Tushunyapsizmi?

Bir qaraganda, Klopp «normal o‘lchovlar»ni olib kiradi. Lekin yana aytish kerakki, u juda talantli va eng muhimi, vaziyatga real va aqlli baholar bilan kirib keladi. Klopp qandaydir metodlar yoki ideallar ortidan quvmaydi – uslub va g‘oyalar tarixiy nuqtayi nazardan insonni kattalashtirishi mumkin, ammo bugun bilan o‘ylaganda, doim ham faylasuflar, inqilobchilar g‘olib bo‘lavermaydi. Amaliyotchilar ko‘pincha g‘olibdirlar va Klopp ham ulardan biri. Shu jihatdan olganda, u «oddiy», shu jihatdan u Mourinoga o‘xshash, aslida Gvardiolaning teskarisidir.

Klopp Liverpulga aqlli, amaliy mohiyat bilan kirib keldi va shuning ustiga barchasi qurildi. Aynan qurildi deganda, ayniqsa, Timo Verner bilan bog‘liq holat juda e'tiborli, menga yoqadi. Klub ushbu hujumchidan voz kechdi.

Juda ko‘p sabablarni topish mumkin bunga, lekin mening nazarimda, bu holat «Liverpul»ning juda muhim xarakterini ochib beradi. «Liverpul» – qisqa umrli jamoa. To‘g‘ri, muxlislar bilan buyuklik haqida bahslashish mantiqsiz, jamoa muxlislari uchun mana shu chempionliksiz ham «Liverpul» buyuk bo‘lib qolaveradi.

Jamoaning buyukligi shundaki, mana shu lahza ushlandi, kerakli muvozanat topildi va erishildi, lekin bu muvozanat, bu mukammallik konkret futbolchilar orasidadir. Verner «Liverpul»ga sal qimmatroq ekani yoki pandemiya tufayli mablag‘ni tejash lozim bo‘lib qolgani uchun kerak bo‘lmay qolmadi, yo‘q. Gap shundaki, bugungi holatdagi «Liverpul»ning umrini uzaytirish, ya'ni, o‘zgartirish mumkin emas. Bir kuni umrini tugatishini kutish mumkin, xolos. U shunchalik mukammalki, aynan shu lahza jamoaning eng yuqori nuqtasidir balki...

Ha, balki kimdir ketar, masalan Maneni «Real» bilan bog‘lashyapti, to‘g‘ri, bugungi moliyaviy sharoitda bu ish sodir bo‘lmas ham. Xullas, yaqin yillarda mana shu «Liverpul», balki plyus-minus ikki-uch futbolchi bilan o‘ynashda, g‘alaba qozonishda, ko‘zni quvontirishda davom etadi. Va mana shu holatda bir kun so‘nadi.

Esingizda bo‘lsa, Yurgen Klopp YeChL finalidan so‘ng, «agar g‘alaba qozonmaganimizda, ketishim ham mumkin edi» degandi. Hozir men tomondan, biroz oshirib yuborilayotgandir, ammo aynan mana shu jihat meni ko‘proq hayratlantiradi – bu insonlar mana shu g‘alabalarga erishishlari uchun uchrashishlari kerak edi. O‘ttiz yil o‘tib. Millionlab muxlislarga baxt ulashib. Bu jihatdan, «Liverpul» voqeasi muhabbat filmlarini yodga soladi. Axir tushuntirib bo‘lmaydi-ku, to‘g‘rimi, nega aynan shu insonlar bir-biri bilan uchrashdi?

Nega aynan hozir, shu lahzada? Axir yigit shunchaki, samolyotga kechga qolishi ham mumkin edi. Qizning esa, rejalari butunlay boshqa bo‘lishi ham mumkin edi, balki bir kun oldin boshqa yigitni uchratib qolsachi? Nega uchratmadi? Qisqasi, mana shu «Liverpul» bilan xuddi shu voqea bo‘lishi yoki umuman bo‘lmasligi ham mumkin edi balki.

Klopp kelmaganda, masalan. Yoki Salohdan «Roma» zerikib qolmaganda? O‘ylab ko‘ringda? Axir Salohni rimliklar mablag‘ uchun sotib yuborganlar, xo‘sh, agar o‘shanda «Roma»da pul yetarli bo‘lganda-chi? Qisqasi, mana shunday lahzada yulduzlarning birlashishi barchasini hal qilgandek.

Axir, ko‘pni ko‘rib qo‘ygan bu futbolchilar, yaxshilab o‘ylab qarasak, mana shu uchrashuvsiz, Liverpuldan tashqarida ham shunday yutuqlarga erisharmidilar? Shunday buyuk futbolchi bo‘larmidilar? O‘ylamayman. Alohida olganda, ularning har biridan kamchiliklar topish mumkin. O‘sha van Deykdan ham. Endryu Robersonni olaylik, axir unda tinib-tinchimaslik bilan yaxshi o‘zlashtirilgan pasdan boshqa, ko‘p narsa yo‘q-ku? Yoki Trent Aleksandr Arnold. Yaxshilab qaralsa, juda ko‘p minuslarga ega bo‘lgan himoyachi hisoblanadi. Aynan himoya borasida.

Lekin asosiysi shu – mana shu kamchiliklar birlashib, shunday chiroyli tasvir hosil qiladilarki, shunday muvozanat topilganki, hatto o‘sha Roberson ham dahoga aylanadi. Mukammal bo‘lmagan Arnold esa, o‘z ortidan boshqa qanot himoyachilarini ergashtirayotgan yo‘lboshchidek ko‘rina boshlaydi.

Mana shunday turli shakllardan balki boshqa hech kim yasay olmaydigan ajoyib mozaikani esa, albatta, Yurgen Klopp yaratdi. Murabbiyning yutug‘i mana shu yerda. Shunda ham bilmaymizki, o‘sha uchrashuv, o‘sha birlashuv bo‘lmaganida, mana shu xislatlarini boshqa yerda, boshqalar bilan namoyish qila olarmidi?

Nima bo‘lgandayam, bu muxlislarning g‘alabasi. Futbolchilarning umri qisqa va yuqorida aytganimdek, ertaga boshqa jamoaga ham o‘tib ketishi mumkin. Muxlislar esa, yo‘q. «Liverpul» muxlislarining sadoqatiga qoyil, demoqchi emasman, axir ularning boshqa variantlari ham bo‘lmagan. Ular baribir, har qanday holatda sodiq qolardilar, yanada ko‘proq yillardan beri sovrin yuta olmagan jamoalarda ham muxlis borku, to‘g‘rimi?

Eng muhimi, bunday voqeadan keyin keladigan hissiyot. Bu qandaydir bo‘shliq. Bu shunday ajoyib kunki, hayotingizda balki boshqa bo‘lmaydi. Ha, «Liverpul» muxlislari, shu kungacha sizlar o‘ziga xos, o‘xshashi yo‘q edinglar. Sizlarda drama, hikoya bor edi. Sizlarda his-tuyg‘u bor edi o‘zgacha. Shunaqa asabiy holatki, shuncha yillar beri nimadir yetishmas, hatto Chempionlar Ligasidagi g‘alaba ham taskin bermasdi. Balki nega shunday ekan, deb boshlaringni devorga urgandirsizlar? Balki, o‘sha 1985 yildagi «Eyzel» fojiasi uchun qandaydir qarg‘ish tekkan-u, hech qachon sodir bo‘lmaydigan orzudek tushkunlikda ham bo‘lgandirsizlar?

Endi esa... Endi «Liverpul»da yana chempionlik bor. «Liverpul» muxlislari, sizlar ham bizga o‘xshab qoldinglar. Hamma qatori bo‘lib qoldinglar. O‘zlaringga xos edinglar, o‘xshashlaring yo‘q edi, sizlarda drama bor edi...

Endi esa, xuddi Lev Tolstoy «Baxtli oilalarning barchasi bir-biriga o‘xshaydi...» deganidek, boshqalarga o‘xshaysizlar. Shu bilan baxt tuyinglar. Endi sizlar ham oddiysizlar.

Xuddi murabbiylaring Yurgen Klopp kabi.

Vasiliy Utkin

Mavzuga oid