O‘zbekiston | 09:36 / 30.06.2020
4904
4 daqiqa o‘qiladi

«Noshirlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi yangi tahrirda e'lon qilindi

Qonunning maqsadi noshirlik faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida yangi tahrirdagi "Noshirlik faoliyati to‘g‘risida"gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan ishlab chiqilgan hujjatga ko‘ra, noshirlik faoliyatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

noshirlik faoliyatining erkinligi;

kitobxonlik madaniyatini ommalashtirish va oshirish;

mualliflik huquqlarini himoya qilish;

noshirlik faoliyati erkinligini suiiste'mol qilishga yo‘l qo‘ymaslik.

Noshirlik faoliyati sub'yektlari o‘z faoliyatida, shu jumladan mavzuni, ixtisoslashuvini, ishlab chiqarish kooperatsiyasini aniqlashda, mualliflarni tanlashda, adadlarni, noshirlik mahsulotining narxini belgilashda, o‘zaro aloqalarning, ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar, shuningdek boshqa tashkilotlar bilan aloqalarning shakllarini belgilashda mustaqildir.

Davlat organlari va jamoat birlashmalari mansabdor shaxslari tomonidan, agar ular nashr muallifi bo‘lmasa, noshirlardan materiallarning oldindan kelishib olinishini, matnni olib tashlashni yoki uning ayrim qismlarini tuzatishni talab qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Nashrga tayyorlangan qo‘lyozmalarni va materiallarni senzuradan o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Davlat, noshirlar, noshirlik mahsulotini tayyorlovchilar hamda tarqatuvchilar kitobxonlik madaniyatini ommalashtirishga va oshirishga ko‘maklashadi.

Kitobxonlik madaniyatini ommalashtirish va oshirish quyidagilar orqali amalga oshiriladi:

kitobxonlikni targ‘ib qilish uchun qulay axborot makonini shakllantirishga ko‘maklashish va ijtimoiy ahamiyatga molik adabiyotdan foydalanishni ta'minlash;

milliy va jahon adabiyoti klassiklarining eng yaxshi asarlarini chop etish va tarqatish, shuningdek ulardan kitobxonlarning foydalanishini ta'minlash;

jamoatchilik ongida kitobning qimmati va ahamiyati to‘g‘risida barqaror tasavvurlarni shakllantirish;

aholining barcha qatlamlarini, avvalo yoshlarni kitobxonlikka jalb etish.

Noshirlik faoliyatida mualliflik huquqlarini himoya qilishning asosiy vazifalari mualliflik huquqlariga rioya etilishini ta'minlashdan, shuningdek kontrafakt mahsulotni ishlab chiqarish va tarqatishga qarshi kurashishdan iboratdir.

Quyidagilarni o‘z ichiga olgan nashrlarni va noshirlik mahsulotini ishlab chiqarish hamda tarqatishga yo‘l qo‘yilmaydi:

O‘zbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga doir da'vatlarni;

urush, zo‘ravonlik va terrorizm, shuningdek ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari targ‘ibotini;

davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma'lumotlarni;

milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni qo‘zg‘atuvchi axborotni;

agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar targ‘ibotini;

pornografiya targ‘ibotini;

tayyorlanishi va tarqatilishi qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo‘ladigan boshqa axborotni.

Fuqarolarning sha'ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, mazmuniga ko‘ra ularning shaxsiy hayotiga aralashuv deb qaralishi mumkin bo‘lgan nashrlarni hamda noshirlik mahsulotini chiqarish va tarqatish taqiqlanadi.

Noshirlik faoliyati sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

fuqarolarning axborot olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish;

noshirlik faoliyatini tartibga solish va rivojlantirish;

milliy noshirlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, noshirlik mahsulotini sotish bozorlarini kengaytirish;

noshirlik faoliyatining moddiy-texnika bazasini, huquqiy va ilmiy asoslarini mustahkamlash;

noshirlar va mualliflarning huquqlariga rioya etilishini hamda ularning o‘z majburiyatlarini bajarishini ta'minlash;

noshirlik faoliyati sohasidagi davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, mazkur sohada tadbirkorlikni rivojlantirish uchun raqobatga asoslangan bozor sharoitlarini yaratish;

noshirlik faoliyati sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish.

Mavzuga oid