O‘zbekiston | 16:37 / 20.07.2020
56189
2 daqiqa o‘qiladi

Pnevmoniya kuzatilsa-da, test javobi manfiy chiqayotgan holatlarga izoh berildi

O‘pka yallig‘lanishi kuzatilayotgan ayrim fuqarolar koronavirusga test topshirganda tahlil natijasi manfiy chiqmoqda. Bunda test tahlilining to‘g‘riligiga shubha uyg‘onmoqda. Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Habibullo Oqilov bu borada izoh berdi.

Foto: iStock

«Shuni aytish mumkinki, hozirgi kunda shamollash yoki o‘tkir respirator kasallik alomatlari bor ko‘pchilik fuqarolar o‘zlari xususiy klinikalarga yoki tuman SESlariga murojaat qilishib test topshiryaptilar. Test natijasi manfiy chiqsa ham, kasallik simptomlari bor-ku, deb shubhaga tushyaptilar. Shuning uchun test topshirishdan oldin infeksionist ko‘rigidan o‘tish kerak.

Terapevt-infeksionist ko‘rigidan o‘tgan kishida kasallik alomatlari bo‘lsa va epidemiologik ko‘rsatma berilsa, uni koronavirusda gumon qilib tekshirish mumkin. Koronavirus pandemiyasidan oldin xam aholi o‘rtasida oddiy shamollash holatlari ko‘p bo‘lgan, shu jumladan, pnevmoniya ham.

Karantin davrida aksariyat fuqarolar uyda o‘tirishibdi, ko‘chada harorat baland, uyda esa xonani sovutish uchun konditsionerlardan foydalanishadi – o‘zlari bilmagan xolda sovuq xavo ta'sirida shamollash holati boshlanadi yoki surunkali kasalliklarning qo‘zishiga olib keladi. Shuning uchun pnevmoniya bilan kasallansa ham, virus yuqtirmagani uchun test natijasi manfiy chiqadi.

Bunday holatda asosiy kasallikni davolash va virusdan ehtiyot bo‘lish zarur. Agar virus yuqtirsa, kasallik asoratlanib, og‘ir kechadi», – dedi Oqilov 20 iyul kuni AOKAdagi shtabda bo‘lib o‘tgan brifingda.

Mavzuga oid