O‘zbekiston | 15:43 / 22.07.2020
10086
9 daqiqa o‘qiladi

Maklerlar faoliyati bo‘yicha yangicha tartib joriy etilishi kutilmoqda

O‘zbekistonda rieltorlarni litsenziyalash bekor qilinishi mumkin. Malaka oshirish kurslarida o‘qish talabini ham bekor qilish, malaka sertifikatining amal qilish muddatini 5 yildan 10 yilga uzaytirish, advokatlarga ushbu sertifikatni olmay turib rieltorlik bilan shug‘ullanish huquqini berish rejalashtirilgan.

Foto: Getty Images

Adliya vazirligi «Lisenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni loyihasini jamoatchilik muhokamasiga chiqardi.

Loyihada inson sog‘lig‘iga va jamiyatga ziyon yetkazmaydigan faoliyat turlarini litsenziyalashdan chiqarib tashlash hamda xavflilik darajasi past bo‘lgan faoliyatlarni tartibga solishning muqobil usullariga o‘tkazish taklif qilinmoqda. Mazkur yo‘nalishda rieltorlik, ya'ni xalqimiz tilida «maklerlik» faoliyatini litsenziyalashni ham bekor qilish nazarda tutilmoqda.

Farmon loyihasida bu sohani takomillashtirish borasida quyidagilar taklif etilmoqda:

  • rieltorlik faoliyati turini litsenziyalashdan chiqarish;
  • ko‘chmas mulk bilan bog‘liq barcha rieltorlik xizmatlarini amalga oshirish imkoniyatini beruvchi yagona axborot tizimi joriy qilish va rieltorlik xizmatlarini ushbu tizim orqali bajarish tartibini belgilash;
  • rieltorlik tashkilotlarning jamoat birlashmalarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligidan akkreditatsiyadan o‘tkazish va o‘zini-o‘zi boshqarish mexanizmini joriy etish.

Bugungi kunda rieltorlik faoliyati qaysi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi?

Rieltorlik faoliyati sohasidagi munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining «Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida»gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 10 maydagi 129-son qarori bilan tasdiqlangan Rieltorlik faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risida Nizom

va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi.

Muammolar va yechim

Mazkur faoliyat turini litsenziyalash masalasida quyidagi jiddiy muammolar mavjud:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 11 apreldagi PF­­–5409-son Farmoni bilan, 2018 yil 1 iyundan ko‘chmas mulk bozorida axborot va maslahat xizmatlari ko‘rsatish faoliyati uchun litsenziyaning bekor qilinishi, rieltorlik faoliyatining boshqa yo‘nalishlari uchun litsenziyalash vakolati esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga berilishi belgilangan bo‘lsa-da, bugungi kungacha «Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida»gi Qonun va boshqa tegishli qonun hujatlariga ushbu Farmon talablaridan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmagan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 14 yanvardagi PF–5630-son Farmonida Davlat raqobat qo‘mitasi tugatilishi munosabati bilan rieltorlarni sertifikatlash bo‘yicha vakolatlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazilishi belgilangan bo‘lsa-da, bugungi kungacha rieltorlarning malaka sertifikatini berish tartibini belgilaydigan asosiy hujjatga (Adliya vazirligida 10.06.2011y. 2236-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan Nizom) mazkur Farmon talablaridan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmagan.

Oqibatda, hozirgi kunda rieltorlik faoliyatini litsenziyalash va rieltorlarga malaka sertifikatini berish hokimliklar tomonidan ham, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan ham amalga oshirilmayapti.

2. Amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq, rieltorlik faoliyatini quyidagi shaxslar amalga oshirishi mumkin:

  • litsenziyaga ega tijorat tashkilotlari;
  • malaka sertifikatiga va litsenziyaga ega, yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar.

Rieltorlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan har bir jismoniy shaxs, litsenziya va malaka sertifikatini olishdan tashqari, har uch yilda kamida bir marta malaka oshirish kurslarida o‘qishi shart.

Ya'ni, rieltorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ham malaka sertifikati, ham litsenziya olish va keyinchalik har uch yilda malaka oshirish kurslarida o‘qish talab qilinadi.

Ta'kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasining «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi Qonuni 7-moddasiga muvofiq, amalga oshirilishi fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, sog‘lig‘iga, jamoat xavfsizligiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan hamda tartibga solib turilishi litsenziyalashdan tashqari usullar bilan amalga oshirilishi mumkin bo‘lmagan faoliyat turlari uchungina litsenziyalash nazarda tutilgan.

Ushbu Qonundan kelib chiqqan holda rieltorlik faoliyatini litsenziyalanishi shart bo‘lmagan faoliyat deb hisoblasa bo‘ladi, chunki rieltorlik faoliyati litsenziyalashdan tashqari usullar bilan ham tartibga solib turilishi mumkin va ko‘pgina rivojlangan mamlakatlarda rieltorlik faoliyatini amalga oshirish uchun xabardor qilish tartibi joriy etilgan.

Lisenziya olgan rieltorlar va «noqonuniy maklerlar» o‘rtasidagi nosog‘lom raqobat

2019 yil 14 yanvar holatiga mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2 068 nafar shaxsga rieltorlik malaka sertifikati berilgan, 272ta yuridik va jismoniy shaxs rieltorlik faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya asosida faoliyat yuritgan.

Bu raqamlar juda kam. Taqqoslash uchun, 2018 yilda Qozog‘istonning birgina Olma-ota shahrida 1500dan ortiq ko‘chmas mulk agentliklari va 17 000 nafardan ortiq rieltorlar faoliyat yuritgan. Bugungi kunda Rossiya Federatsiyasida Rossiya Rieltorlar Gildiyasi a'zolari safiga kiruvchi 1 776 ta agentlik va 16 290 nafar attestatsiyadan o‘tkazilgan rieltorlar faoliyat olib bormoqda.

Demak, mamlakatimiz ko‘chmas mulk bozorida foliyat olib borayotgan rieltorlarning katta qismi litsenziyasiz faoliyat ko‘rsatmoqda (noqonuniy maklerlar). Bu esa o‘z navbatida litsenziya olgan rieltorlar va «noqonuniy maklerlar» o‘rtasida nosog‘lom raqobat bo‘lishiga sharoit yaratadi.

Xorijiy davlatlar tajribasi

Buyuk Britaniyada «Ko‘chmas mulk agentlari to‘g‘risida»gi va «Mulkchilik to‘g‘risida»gi qonunlarga muvofiq, rieltorlik faoliyati bilan ko‘chmas mulk agentliklari va yakka tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin hamda litsenziya talab etilmaydi. Ko‘chmas mulk agentligi faoliyatini amalga oshirish uchun talabgorlar Ko‘chmas mulk departamenti (yoki uning shaharlardagi ofislari) tomonidan yuritiladigan ko‘chmas mulk agentlari reyestriga kiritilishi lozim.

Ispaniya Qirolligining «Ko‘chmas mulk va transport sektoridagi shoshilinch liberalizatsiya chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq, yuridik va jismoniy shaxslar rieltorlik faoliyatini amalga oshirish uchun munitsipal hokimiyatlar tomonidan yuritiladigan ko‘chmas mulk agentlari reyestriga kiritilishi lozim, litsenziya yoki boshqa ruxsatnoma hujjat talab etilmaydi.

Daniya Qirolligida «Ko‘chmas mulkni sotish to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, rieltorlik faoliyatini amalga oshirish uchun jismoniy va yuridik shaxslar Daniya tijorat va kompaniyalar agentligining ko‘chmas mulk agentlari reyestriga kiritilishi yetarli va litsenziya yoki boshqa ruxsatnoma tusidagi hujjat talab etilmaydi. Shuningdek, ushbu mamlakatda rieltorlik faoliyati advokatlar, banklar hamda sug‘urta kompaniyalari tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.

Farmon loyihasidagi takliflarni qo‘llab-quvvatlagan holda, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasidan kelib chiqib, amaldagi qonun hujjatlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlarni ham kiritish taklif etiladi:

1. Rieltorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarning davlat reyestrini yaratish, rieltorlik faoliyatini amalga oshirish uchun majburiy tartibda ushbu reyestrga kirish tartibini hamda reyestrga kirishning xabardor qilish shaklini joriy qilish;

2. Rieltorlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan shaxslarning malaka oshirish kurslarida o‘qishi talabini bekor qilish. Bunda rieltorlarning malaka sertifikatini olish tartibi saqlab qolinadi;

3. Malaka sertifikatining amal qilish muddatini 5 yil muddatdan 10 yil muddatga uzaytirish;

4. Advokatlarga rieltorning malaka sertifikati olmagan holda rieltorlik faoliyatini amalga oshirish huquqini berish orqali rieltorlik faoliyati sub'yektlari doirasini kengaytirish;

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va respublika bo‘ysunuvidagi shaharlarda (Toshkent shahridan tashqari) rieltorlik faoliyatini amalga oshiruvchi YaTTlar uchun uncha katta bo‘lmagan, misol uchun, oyiga BHMning bir baravaridan oshmaydigan miqdorda qat'iy belgilangan soliq joriy etish. (Ma'lumot uchun: respublika bo‘yicha rasmiy faoliyat yurituvchi rieltorlik tashkilotlarining 50 foizidan ortig‘i Toshkent shahrida faoliyat yuritadi, ya'ni hududlarda bu faoliyat turi rivojlanmayapti).

Sardor Avezov,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i

Mavzuga oid