O‘zbekiston | 16:49 / 27.07.2020
59183
6 daqiqa o‘qiladi

Nega hokim majlisiga telefonsiz kirish majburiy? Bilmasvoy bilan suhbat

Hech tushunib bo‘lmayapti. Islohot deymiz, oshkoralik dedik, kamchiliklarni gapirish foydamizga deyapmiz-u, biroq bu gaplarni o‘zida tatbiq etib, boshqalarga o‘rnak bo‘lishi lozim va lobud bo‘lgan ba'zi rahbarlar buning g‘irt teskarisini qilishadi. Nima, bu chaqiriqlar teppa-teskarisini qilish uchun yangradimi? Masalan...

Telefon

Stol ustida turadigan, teshikchalariga barmoq tiqib aylantiradigan, faqat telefonligini qilgan telefon 20-asrda qoldi. Hozir telefon bu faqat telefon emas – bir dunyo foydali imkoniyatlarni egasiga tuhfa etuvchi, xususan bir lahzada kerakli ma'lumotni dunyoning narigi chekkasidan bo‘lsa-da topib, oldingizga keltiradigan, yo‘lingizda uchraydigan har qanday ma'lumotni asrab qo‘yadigan, hamma joyda – bo‘lsin u xoh majlis yoki safar – kerak bo‘ladigan nodir qurilma. U insonning imkoniyatlarini kengaytirdi.

Masalan deng, siz maktab direktorisiz va sizni viloyat hokimi majlisga chaqirib qoldi. Belgilangan vaqtda yetib borish uchun yo‘lga otlandingiz va albatta telefoningizni olvoldingiz. Majlisga kirishda esa... telefoningizni topshirish talab qilindi... Nega?

Mazkur «nega»ga javob topishga urinib ko‘ramiz.

Balki, majlis paytida telefon o‘ynab o‘tirishingizning oldini olish uchundir. «Yo‘g‘-e, yosh bolamasman-ku, shu maqsadda telefonimni tortib olishsa!» Unda ne sabab?

«Tirik o‘rnaklar»

Ha, sabab o‘sha – ko‘nglingizdan o‘tgani – telefon qurg‘urning zamonaviy turi ovoz va hatto tasvirni jonli qilib yozib olish qudratiga ega. Ana shunisi «chatoq» bu qurilmaning. «Nega endi buni «chatoq» dedingiz» deysizmi? Gap shundaki...

Birinchi manzara. Deylik, majlisda hokimning og‘zidan... axloqsiz so‘z chiqdi... Majlis ishtirokchilaridan biri buni telefoniga yozib oldi, yozganini do‘stiga ulashdi, do‘sti esa yana biron do‘stiga...

«Voy, to‘xtang, qanaqa qilib viloyat hokimi axloqsiz so‘z aytishi mumkin? Viloyatning ulug‘i, donosi, yaxshi o‘rnak berib boshqalarni o‘ziga ergashtirishi kerak bo‘lgan odam-a? Yana deng, majlisda, viloyatning yuzi – ahli donish oldida-ya? Bo‘lmagan gap!» deysiz va mutlaqo haq bo‘lasiz – hokim bunaqa qilishi mumkin emas! Mumkin emas, tamom-vassalom!

Bu gapingizga javoban sizga nima ham derdim, xabarlarni kuzatmaydigan «baxtli» bilmasvoy ekansiz. Hoynahoy, chet elda yashasangiz kerak.

Sabablarni izlashda davom etamiz.

Kamchiliklar

Ikkinchi manzara. Deylik, mazkur viloyatda tumonat kamchiliklar bor va ularni majlislarda muhokama qilish kerak bo‘lyapti. Shuning uchun majlis davomida telefoningiz qo‘lingizda bo‘lmasligi kerak...

«E, shoshmang-shoshmang, viloyat muammolari bilan maktab direktorining telefoni orasida nima aloqa bor? Nega endi majlisda muammolar gapirilsa, majlis ishtirokchilarining telefonlari olib qo‘yilishi kerak?!» deysiz siz va yana haqli e'tiroz bildirgan bo‘lasiz. Biroq, bilmasvoyligingiz yana bir marta bilindi.

Tushuntiraman: gap yana o‘sha zamonaviy telefon qurg‘urning haligi imkoniyatlari – ovoz va tasvir yozishi. Kamchiliklar gapirilgan majlisdan, deylik, ovoz yozib olindi. Zamonaning yana bir «noming o‘chkur» imkoniyati – internet sabab hammayoqqa tarqaladi. Nima bo‘ladi?

«E-e-e, umuman tushunmayapman, kamchiliklarni yashiradigan zamonmi hozir, rivojlangan mamlakatlar muammolarni keng oshkor qilish, keyin esa ularga ko‘pchilik bo‘lib yechim izlash asnosida rivojlandi-ku, buni yosh bola ham biladi hozir, qaysi aqli raso rahbar hozir muammolarni yashirishga urinadi, nimalar deb yotibsiz?» deysiz bu gapimga javoban, axiri asabingiz buzilib.

Men esa sizni tushundim – siz dunyo ishlarida mantiq hukmron, aql ustuvor bo‘lgan joylardagi vaziyatni menga aytyapsiz. Men esa sizga... o‘zimizdagi, ba'zi majlislarda yuz berayotgan manzarani chizib beryapman.

Oyog‘i osmonda bo‘lgan mantiq  

Ha, ba'zi hokimlar muvaffaqiyat muammoni yashirishda deb o‘ylashyapti. Yashirsa, muammo o‘z-o‘zidan «so‘rilib» ketadigandek. Kuf-suf – muammo yo‘q. Avvalida og‘ir vaziyatda bo‘lgan, hozirda esa «rivojlangan» nomini olgan mamlakatlar bunga og‘ir mehnat orqali, oshkoralik, har bir katta-yu mayda muammoni ochiq e'tirof etib, o‘rtaga tashlab, omma o‘laroq bosh qotirish asnosida yetishishganini ba'zi hokimlarimiz bilishmaydi. Yoki bilishadimi?

Balki gap bilmaslikda emas, bilib turib teskari qilishdadir? Balki bu hokimlarning tashvishi muammolarni kamaytirish emas, shunchaki ularni yashirib, «yuqoriga» yoqish, maqtovini eshitish, ko‘proq lavozim kursisida o‘tirib qolishdir?

«Yo‘q, unday emas», deysizmi? Unda ne sabab?

Shokir Sharipov

Mavzuga oid