Jahon | 07:42 / 02.08.2020
7717
2 daqiqa o‘qiladi

Crew Dragon ikki fazogir bilan Yerga qaytmoqda

AQShning Crew Dragon kemasi Xalqaro koinot stansiyasidan avtomatik rejimda ajralib, o‘z bortida astronavtlar Duglas Xerli va Robert Benken bilan Yerga qaytmoqda. Bu haqda NASA xabar berdi. 
        
Astronavtlar XKSga 2 oy oldin yetkazilgandi. Ularni Yerga qaytarayotgan fazoviy kema Toshkent vaqti bilan 2 avgust soat 23:42da Florida shtati sohillari yaqinida Atlantika okeanida qo‘nishi belgilangan. 

Ayni vaqtda XKSda rossiyalik fazogirlar Anatoliy Ivanishin va Ivan Vagner hamda amerikalik Kris Kessidi qolmoqda. NASA joriy yilda stansiyaga ayol astronavt Ketlin Rubinsni jo‘natishni rejalashtirgan. Rubins oktyabrda fazoga uchirilishi rejalashtirilgan “Soyuz MS-17” kemasi ekipaji tarkibida XKSga yo‘l oladi. 2020 yilda NASA “Soyuz”dagi bir o‘rin uchun Roskosmosga 90 mln dollar atrofida pul to‘laydi. 

Crew Dragon kemasi SpaceX kompaniyasining Falcon 9 raketasi yordamida 30 may kuni Floridadagi kosmodromdan XKS tomon uchirilgandi. Bu xususiy kompaniyaning ilk bor koinotga fazogirlarni olib chiqishi bo‘lgan. Shuningdek, NASA’ning Space Shuttle dasturi 2011 yilda tugatilgandan keyin amerikalik astronavtlar birinchi marta XKSga Rossiyaning “Soyuz” kemasidan boshqa kemada jo‘natilgan. Kema XKSga Duglas Xerli va Robert Benkenni yetkazgandi.  

Mavzuga oid