O‘zbekiston | 18:26 / 06.08.2020
34167
3 daqiqa o‘qiladi

«Milliy tiklanish» partiyasi «tonirovka»ni bepul qilishni taklif qildi

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi avtomobillar oynalarini qoraytirish uchun to‘lov undirishni bekor qilib, buni bepul etib belgilash taklifi bilan chiqdi.

O‘zbekistonda avtomobili oynalarini qoraytirmoqchi bo‘lgan fuqarolar orqa va old yon oynalar uchun BHMning 50 baravari (11 150 000 so‘m), orqa yon oynalar uchun BHMning 10 baravari (2 230 000 so‘m) miqdorida to‘lovni amalga oshirishlari zarur. Shunda haydovchi bir yil muddatga «tonirovka»da yurish uchun ruxsat oladi.

«Milliy tiklanish» partiyasi bayonotiga ko‘ra, to‘lov miqdorining yuqoriligi bois faqat ayrim fuqarolargina avtomobil oynalari tusini o‘zgartirgan: 2019 yil statistikasiga ko‘ra, ular jami avtomobillar sonining 0,1 foizini ham tashkil qilmagan.

«O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi yurtdoshlarimizga qulaylik yaratish hamda mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra fuqarolarning quyoshning ultrabinafsha nurlaridan teri saratoni kasaliga chalinishlarining oldini olish, avtomobil konditsionerlarini kamroq ishlatilishiga va buning natijasida yonilg‘i kamroq sarflanib, atrof-muhitga zararli moddalarning kamroq chiqishiga, pirovardida ekologiyani asrashga erishish maqsadida avtomobil oynalari tusini o‘zgartirish uchun belgilangan to‘lovlarni bekor qilish, zarur deb hisoblaydi», – deyiladi Xalq deputatlari Mirzo Ulug‘bek tumani kengashi deputati Jahongir Ziyayev nomidan e'lon qilingan bayonotda.

Ta'kidlanishicha, buning uchun partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi va xalq deputatlari Mirzo Ulug‘bek tuman kengashidagi O‘zMTDP guruhi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga hukumatning 2020 yil 2 avgustdagi «Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 646-sonli qaroriga tegishli o‘zgartirish kiritish bo‘yicha taklif tayyorlangan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP vakili Doniyor G‘aniyev tonirovka uchun to‘lovlarni arzonlashtirish lozimligini aytgan, tegishli taklif hukumatga kiritilganini bildirgan edi.

Iyul oyida parlament quyi palatasining taniqli deputatlaridan hisoblanuvchi Rasul Kusherbayev deputatlarning barcha takliflari ham inobatga olinmayotgani haqida gapirgandi.

«Ayrim takliflarimiz inobatga olinyapti, ayrimlari esa yo‘q. Taklif inobatga olinishi uchun ovoz beruvchilar ko‘pchilik bo‘lishi kerak. Bitta deputatning ovozi bu bitta ovoz. Taklif qilinayotgan qonunni deputatlar sonining yarmidan ko‘pi ma'qullasa, u o‘tadi. Bu masalada («tonirovka» nazarda tutilmoqda - tahr.) har kimda har xil fikr bo‘ladi. Shuning uchun nimaniki birgalashib qilolgan bo‘lsak, shular amalga oshgan»,degandi Kusherbayev.

Mavzuga oid