O‘zbekiston | 11:38 / 11.08.2020
39087
3 daqiqa o‘qiladi

«Odamning ustiga xlor sepishning foydasi yo‘q» – virusolog

«Hoshimov iqtisodiyoti» dasturi doirasida Behzod Hoshimov San-Fransiskodagi Kaliforniya universiteti professori, virusolog olim Sharof Tugizov bilan «Covid-19’ning kelib chiqishi, tarqalishi va davosi» mavzusida suhbat uyushtirdi.

- Binolarning kirish qismida xlorli tunnellar qilinyapti. Uning chekkasidan xlorli suv tushyapti. Men o‘qigan ma'lumotlarga ko‘ra, xlor virusni o‘ldirmaydi. Shu yerda men adashyapmanmi? Yoki O‘zbekistonda hamma yerga xlor sepilishi maqsadga muvofiqmi?

- Xlor virusni o‘ldiradi. Lekin [odamning] ustiga xlor sepishning foydasi yo‘q, chunki virus og‘iz burundan tashqariga chiqadi, tashqariga chiqqanidan keyin u tarqalib ketadi. Faqat bir metr atrofidagi masofadagi odam bilan kontakt bo‘lsa, virus yuqish ehtimoli yuqori, ikki metrdan keyin yuqish ehtimoli juda ham kam. 4-5 metrdan keyin yuqish ehtimoli umuman yo‘q.

Kiyim-boshning ustiga xlor qilingani bilan bu qanchalik samarali ekanini bilmadim. Ayniqsa mashinaning ustiga. Mashina shinasining ustiga xlor bilan ishlov berish mumkin. Asfaltda yurgan vaqtingizda asfaltning yuzasiga odamlarning so‘lagi tushgan bo‘lishi, unda katta konsentratsiyadagi virus bo‘lishi mumkin. O‘shanda balki yordam berishi mumkin.

- Yana bir savol. Antivirus, xlorli konsentratli narsani taqib yurishibdi. Ana shunday narsani ko‘rdingizmi, yo‘qmi?

- Ko‘rganim yo‘q. Lekin uning foydasi yo‘q. Uni taqib yurganingiz bilan xlor o‘zidan o‘zi aerozol bo‘lmaydi. Yana bir marta aytyapman, niqob juda katta ahamiyatga ega.

- Virusning asoratlari haqida gapiradigan bo‘lsak. Virusga chalingan odamning o‘pkasida qandaydir yomon narsa surunkali qolib ketishi ehtimoli bor deyishadi. Shu rostmi?

- Rost. Bu virus ko‘p o‘pkada fibroz chaqiradi. O‘pkada bronxlarning o‘rniga fibroplastlarga o‘xshagan biriktiruvchi to‘qimalar paydo bo‘ladida, tuzalib ketgandan keyin ham o‘pkaning hajmi kichkina bo‘lib qoladi. O‘pka yaxshi ishlamagani uchun kalta nafas oladigan bo‘lib qoladi odam. Bu katta muammoni keltirib chiqaradi. Qon tomirlarining ichida endoteliy hujayralar bor, o‘shalar yallig‘lanadi. Bu boshqa organlar – yurak, buyrakda ham muammolar keltirib chiqaradi. Xullas, asoratlari qolishi mumkin.

To‘liq suhbatni Hoshimov iqtisodiyoti’ning Youtube’dagi kanali orqali ko‘rish mumkin.

Mavzuga oid