Sport | 14:37 / 20.08.2020
32835
17 daqiqa o‘qiladi

Kuman va «Barselona». Savollar va javoblar

U yoki bu futbolchining yangi jamoada qanday o‘ynab ketishini yaxshi bilamiz. Chunki beriladigan vazifalar ham, futbolchining mahorati ham ma'lum. Lekin murabbiylik boshqa – har doim yangicha vazifa, mutlaqo yangi sharoit va yangi fazilatlar kerak bo‘ladi. Shuning uchun taxminlar o‘rinsiz. Ammo Ronald Kuman borasidagi ba'zi shubhalarni tilga olish va unga javob axtarishning zarari yo‘q.

Foto: EPA/Vostock-photo

Muvaffaqiyatsiz murabbiy

Ronald Kuman murabbiylik faoliyatini salkam 20 yil oldin boshlagan bo‘lsa-da, Yevropa miqyosida katta natijalar ko‘rsata olmagan. U ko‘pchilik o‘xshatayotgan Pep Gvardiola bilan shunisi bilan farq qiladi – Pep tajribasiz bo‘lsa-da, o‘zining yangi g‘oyalari bilan jamoa boshiga kelgan va ilk urinishdayoq hammasi o‘xshagandi. Kuman ham Pep kabi shu tizimdan chiqqan mutaxassis, ammo unda murabbiy sifatida o‘zini ko‘rsatish uchun 20 yil vaqt bor edi. Aytish mumkinki, Kuman agar futbolchi sifatida «Barselona» afsonasi bo‘lmaganida, jamoaga tayinlanmasdi.

Faqat Niderlandiya miqyosidagi sovrinlar, «Valensiya» va «Everton»dagi muvaffaqiyatsizliklar Kumanning yangi jamoadagi avtoritetiga soya solishi mumkin. Hatto Niderlandiya terma jamoasini «tiriltirgani» e'tirof etilayotgan bo‘lsa-da, bu davr van Deyk, Veynaldum, De Yong, Depay kabi futbolchilarning klub miqyosida ham yulduzga aylanayotgan paytlariga to‘g‘ri keldi.

U ko‘pchilik kutgan xaloskor emas, katta ehtimol bilan Bartomeuning shaxsiy tanlovi, demak, agar ilk oylarda o‘yin kuchaymasa, futbolchilarda yana ishonchsizlik paydo bo‘lishi, murabbiyga yanada qiyin bo‘lishi turgan gap?

To‘g‘ri, Kumanning murabbiylik faoliyatidagi yutuqlari u qadar katta emasdir, ammo u birinchidan, «Barselona» afsonasi – shuning o‘zi ham klub ichkarisida, futbolchilar va xodimlar oldida uni avtoritetga aylantiradi. Ikkinchidan, u niderlandiyalik, Yoxan Kroyf va Lui van Gaalning shogirdi hisoblanadi – ya'ni, uning g‘oyalari «Barselona» qadriyatlari bilan hamohang kelishi, yot unsur bo‘lib qolmasligi hozirdan tushunarli.

Masalan, Ole Gunnar Sulsher «MYu»ga kelguncha, bir qator muvaffaqiyatsizlikka uchragan murabbiy edi, Frenk Lempard faqat Chempionship tajribasiga ega bo‘lgan, ammo ularning klublardagi e'tibori muhim ahamiyat kasb etdi, hatto yulduz futbolchilar ham ularni avtoritet sifatida qabul qilishda og‘rinmadilar. Ya'ni Kumanning futbolchi sifatidagi e'tibori va aynan «Barselona» afsonasi ekani uning boshqa kamchiliklarini yopa oladi.   

Yana bir jihat, top-klublarga top-murabbiylar lozimligi, jamoa muhitidagi murabbiyning avtoriteti haqida gap borganda, doim Messi fenomeni o‘rtaga chiqadi. Go‘yoki, u «Barselona» yoki Argentina jamoalarining yashirin «prezidenti», murabbiylardan tortib, asosiy tarkibdagi sheriklarigacha o‘zi tanlaydigandek taassurotlar ham yo‘q emas.

Men bu fikrlarga qo‘shilmayman. Messi – maydondagi hokimlikdan boshqasiga qiziqmaydigan, sahna orqasidagi intrigalardan xoli bo‘lgan, xarakteri yosh bolanikiga o‘xshash futbolchi. Messiga yoqishga urinish, Messi bilan kelisha oladigan futbolchilarni asosiy tarkibga olish kabi holatlar asosan, o‘sha murabbiylarning ojiz xarakterga ega ekanidandir. Agar maydonda jamoa kuchli, tashabbuskor o‘ynasa, Messining atrofida uning darajasiga yaqin sheriklar bo‘lsa, «Barselona» o‘zi ishtirok etadigan musobaqalarda sovrinlar uchun kurashsa, Messi boshqa narsalarni o‘ylab ham o‘tirmay, murabbiyning ko‘rsatmalarini bajarishi, u aytgan pozitsiya va vazifalarga ko‘nishi shubhasiz.

Orzu va qurbonliklar

Kumanning ba'zi mantiqsizdek tuyulgan qarorlari uning har tomonlama muvozanatli shaxs ekanini ko‘rsatmayapti. Masalan, «Barselona»dagi bugungi holat qo‘rqinchli – xuddiki, avlodlar almashinuviga ochiq bo‘lsa-da, ajralish imkonsiz bo‘lgan (Messi) yoki katta maoshlar tufayli qiyin bo‘lgan (Grizmann) futbolchilar bor. Transferlar borasida mutlaq erkinlik berilmaydi, chaqirayotgan Bartomeu kelasi yildayoq saylovda yutqazishi mumkin. Aynan mana shunday mavhumliklar tufayli Xavi taklifni rad etdi. Kuman esa, o‘zi boshqatdan qurgan, salohiyati juda umidli bo‘lgan, loyihasi – Niderlandiya milliy jamoasini tashlab, «Barselona»ga ketib qoldi.

Shunga o‘xshash holat unda Angliyada ham bo‘lgan – yo‘q joydan ancha yuqoriga ko‘tarib, «kuchli oltilik»ka yaqinlashtirgan «Sauthempton» bilan shartnomani yakuniga yetkazmay turib, «Everton» taklifiga rozi bo‘lgandi va jamoasini yarim yo‘lda tashlab ketgandi. Albatta, «Barselona»dan voz kechish mumkin bo‘lgan taklif yo‘q, ammo mana shunday qarorlar Ronald Kumanning mulohazali, muvozanatli shaxsiyat ekaniga soya solmaydimi?

Bunga baho berish uchun Kumanni «Barselona»da ishlash orzusi doim ta'qib qilib kelganini ham e'tiborga olish kerak.

  • «Men murabbiylik faoliyatimni boshlaganimda ikkita katta orzum bor edi – Niderlandiya milliy jamoasi va «Barselona»ni boshqarish».

Aprel oyida ispan jurnalistlarning savollariga shunday javob bermagan bo‘lganida ham, hamma allaqachon Kuman Barselonaga qanchalik talpinishini bilib bo‘lgandi.

Hatto o‘z vaqtida bu orzu armonga aylanayozgani haqida ham aytgandi:

  • «Barselona»da ishlash orzusi menga tinchlik bermaydi. Men doim u yerda murabbiy bo‘lib ishlashni istayman, ammo u tomonda jimlik. Agar maqsadingga erisha olmasang, tabiiy ravishda, bori bilan kifoyalanishga majbur bo‘lar ekansan. Bugungi ishlarimni, vazifalarimni qadrlashni boshladim, «Barselona»ni miyamdan chiqarib tashlashga harakat qilyapman».

Shu darajada bir istak bilan yonayotgan odam hayotidagi balkim yagona imkoniyatni qo‘ldan chiqarishi mumkinligiga ishonish qiyin. Birinchidan, «Barselona»da murabbiylik kursisi hozir bo‘shadi, agar Kuman qabul qilmasa, boshqa murabbiy bilan bir necha yillik shartnoma imzolab qo‘yilishi mumkin edi. Ikkinchidan, kelasi yoz kutilgan taqdirda ham, Bartomeu saylovlarda yutqazishi va yangi rahbariyat butunlay boshqa reja va nomzodlar bilan kelishi mumkin.

Kumanning Niderlandiya milliy jamoasi bilan shartnomasida ham, Yevro-2020dan so‘ng, agar taklif bo‘lsa, «Barselona»ga ketishi mumkinligi qayd etilgan ekan. Pandemiya tufayli, Yevropa chempionatining surilishi vaziyatni qiyinlashtirdi, ammo Kataloniya klubi NFAga ma'lum miqdorda kompensatsiya to‘lab berishi orqali muammo hal bo‘ldi.

Balandparvozlikmi yoki reja?

«Biz niderlandiyaliklarmiz, to‘pni nazorat qilish, tashabbuskor bo‘lishni yoqtiramiz. To‘p orqasidan yugurish biz uchun emas. Men shu g‘oya asosida ulg‘aydim, tarbiya ko‘rdim va mana shu yo‘nalishda davom ettirmoqchiman. O‘zimni «Barselona»ni boshqara oladigan malaka va tajribaga ega, deb hisoblayman. Niderlandiyaliklar va «Barselona» o‘rtasida bog‘liqlik bor, o‘ylaymanki, yangi vazifaga tayyorman», – dedi Kuman «Kamp Nou»dagi tanishtiruv marosimida.  

Chiroyli gaplar, hammasi mos keladi, ammo Kike Setenning tayinlanishi ham xuddi shu kabi fikrlar bilan asoslantirilgandi – «Barselona» g‘oyasini biladi, shu yo‘nalishda ishlaydi, to‘pni nazorat qilish, qadriyatlar, «barsacha futbol» qabilidagi izohlar bilan murabbiydan ko‘p narsa kutilgandi. Natijada nima bo‘ldi?

Valverde haq ekani, bugungi tarkib bilan tashabbuskor o‘ynash qiyin ekani isbotlandi. To‘p nazorat qilishga urinish, tashabbuskorlik juda ko‘p harakatni, asosiysi yuqori pressingni talab qiladi. Buning uchun esa, maydondagi hamma futbolchi doim faol bo‘lishi kerak. Gvardiola aynan mana shu talab tufayli, Aguerodan Jyezusni ustun ko‘rishni boshlagandi. «Barselona»da esa, Messi va Suares deyarli to‘psiz harakat qilishmas, to‘pni qaytarib olish doim jamoaga qiyin bo‘lib qolgandi. Valverde shuning uchun vertikal futbolga urg‘u berib, bu kamchiliklarni yopdi, Seten esa, g‘oyalarini amaliyotga ko‘chira olmadi.

Niderlandiya futboli, to‘p nazorati haqida gapirish oson, ammo bugungi tarkib bilan Kuman buni eplay oladimi?

Kumanning bugungi boshlang‘ich nuqtasi Valverde yoki Setennikidan farq qiladi. Tabiiyki, bu murabbiylar ham yulduz futbolchilarga qanday harakatlanish, to‘psiz faol bo‘lish haqida boni urishgandir, ammo Messi yoki Suares uchun aynan ularga moslangan va qulay futbol samaraliroq tuyulgan bo‘lishi mumkin. Aytaylik, Messi hamma to‘pga yugurib, charchab qolgandan ko‘ra, uning ba'zi qora vazifalardan ozod qilinishi, aynan kerakli pallada Messidan to‘liq foydalanish imkonini beradi – bu ham o‘ziga xos amaliy qarash. Messining individual ko‘rsatkichlari, juda ko‘p o‘yinlarni qutqarib qolgani ham shunday izohlanishi mumkin.

Ammo endi, ayniqsa, 2:8 hisobidan keyin, futbolchilarning o‘zi ham o‘zgarish payti kelganini, yuqoridagi qarash bilan zamonaviy futbolda biror ish chiqmasligini anglagan bo‘lishlari tabiiy hol. Bundan tashqari, Luis Suaresning, undan tashqari, bir necha yoshi katta futbolchilarning transferga qo‘yilishi mumkinligi haqida xabarlar ham tarqaldi. Kuman «mana shu futbolchilar bilan shug‘ullanib, natija ko‘rsat» degan ko‘rsatma bilan cheklanmaydi, katta ehtimol bilan transferlar oynasida aynan Kuman uchun futbolchilar olib kelinadi. So‘nggi yillarda «Barselona» murabbiylari orzu qilgan pozitsiyada turibdi Kuman.

Bundan tashqari, Kumanning «Valensiya», «Benfika» yoki «Everton»dagi muvaffaqiyatsizliklariga qarasangiz, bir umumiylikni ko‘rasiz –Kumanning qaysarligi. Ya'ni u har qanday holatda ham, o‘z yo‘nalishini to‘g‘ri deb bilgan va bundan chetga chiqmaslikka tirishgan. Yuqoridagi jamoalarda bu zararga ishlagandir, ammo aynan «Barselona»da bu aksincha natija berishi mumkin. Chunki Valverde ham, Seten ham, ma'lum paytda natija yoki futbolchilarning munosabatini deb, o‘z g‘oyalaridan voz kechishga majbur bo‘lishdi. Mana shu xaraktersizlik oqibatda ushbu murabbiylarning jamoa ichida hurmati pasaydi. Kuman bilan unday bo‘lmaydi. 

Kumanning «Barselona»si qanday bo‘ladi?

Ronald Kuman uchun yana bir qulay holat shundan iboratki, u jamoa eng tubga tushgan holatda keldi. Ya'ni qaysidir muddat, u o‘z g‘oyalarini tatbiq qilish uchun vaqt, o‘ziga keraksiz futbolchilardan voz kechib, keraklilarini sotib olishga imkoniyat ham bo‘ladi. Dastlabki oylarda muxlislar darhol o‘zgarishni kutishmaydi – Ispaniya chempionatida o‘sha rejimda ham peshqadamlik qilish mumkin. Eng muhim pallalar esa bahorda – Seten kabi, jamoaga kelishi bilan YeChLni yutish vazifasi qo‘yilmagan. Rahbarlarning quvvatlashi va muxlislarning tushunishi Kumanga o‘z g‘oyalarini tatbiq qilish uchun yetarlicha sharoit yaratadi.

Shunga o‘xshash vaziyat Kuman uchun begona emas. 2011 yilda u «Feyyenord»ga kelganida, jamoa inqirozga tushib qolgan, «PSV»dan 0:10 hisobida yutqazgandi. Kuman asta-sekin jamoani o‘nglab bordi. «Feyyenord» sovrin yutmagan bo‘lsa-da, o‘rtamiyonalikdan butunlay chiqib, Kuman bilan ikki marta 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

«Suares 30 yoshda, Messi va Pike ham, Buskets ham», – degandi Kuman bir yil oldin, Esport3 telekanaliga bergan intervyusida – «albatta, ularda yana bir necha yil bor, lekin keyinchi? Jamoada o‘zgarish qilish kerak, ammo har bir chiziqdagi asosiy futbolchilarning yoshi o‘tib boryapti. Nima qilasiz? Shuning uchun menga mahalliy futbolchilar bilan o‘ynash yoqadi, chunki ular «Barselona» uslubini yaxshi o‘zlashtirishgan. Men yoshlarni maydonga tushirishga qo‘rqmayman. Agar ikki bir xil futbolchi, biri 30, ikkinchisi 22 yoshda bo‘lsa, ikkinchisini tanlayman, chunki kelajak ham muhim».

Bu fikrlar Bartomeuning Suares, Alba, Pike, Rakitich, Buskets kabi futbolchilarga bog‘liq rejalariga mos keladi. Bu yulduzlarning ba'zilari jamoani tark etishlari, qolganlari ham, yangi mavsumda asosiy planda bo‘lmasliklari mumkin – bu bir.

Jamoa tarkibidagi, kelajagi mavhum bo‘lgan bir qator futbolchilarning taqdiriga oydinlik kiritiladi. Todibo, Alenya, Miranda, Rafinya, Oriol Bustkets, Monchu kabi futbolchilar nihoyat, yana bir imkoniyatga ega bo‘lishlari mumkin – bu ikki.

Tabiiyki, Kuman ko‘z ostiga olgan ba'zi transferlar amalga oshiriladi. Bu asosan yosh niderlandiyalik yulduzlar bo‘lishi ehtimoli yuqori. Masalan, ilk kunlardan van Der Bekning «Kam Nou»da De Yongga sherik bo‘lib, ikki yil oldingi «Ayaks» markazi tashkil topishi mumkin. Shuningdek, «Yuventus»da u qadar ishonchli debyut qilmagan De Ligt - «Barselona» variantini o‘ylab ko‘rsa, Pikega munosib o‘rinbosar.

Alfred Sxroyder omili

Yuqorida aynan «Ayaks» variantiga urg‘u berilgani bejiz emas. Ushbu mutaxassis «Hoffenhaym»da Nagelsmannga, o‘sha Yevropada furror ko‘targan «Ayaks» – 2017-2019 yillarda Erik Ten Haagga yordamchi bo‘lgan. O‘tgan mavsumda Sxroyder «Hoffenhaym»ga bosh murabbiy sifatida qaytdi. Uning natijasi Nagelsmann darajasida bo‘lmadi, ammo yevrokubok o‘rinlaridan birini oldi. Lekin uning bosh murabbiy sifatidagi natijalari emas, Nagelsmann va Ten Haag yordamchi sifatida o‘zlariga aynan ushbu mutaxassisni tanlaganliklari e'tiborga molik. 

Sxroyder har ikki murabbiy shtabida bir xil vazifani bajargan – har bir futbolchi bilan individual shug‘ullanish orqali, uning kamchiliklarini baholab, ularni bartaraf etish ustida ishlash. Sodda qilib aytganda, murabbiy o‘z uslubini stol ustiga qo‘yadi, Sxroyder esa, amaliyotda bunga xalaqit berishi mumkin bo‘lgan illatlar ustida ishlaydi. Ya'ni futbolchilarga qarab, uslubni singdirmaydi, konkret uslubga futbolchilarni moslab beradi.

Ma'lum bo‘lishicha, u «Barselona»ning yana bir sobiq futbolchisi Henrik Larsson bilan birgalikda Kumanning murabbiylar shtabidan o‘rin oladi.

Buning eng foydali tomoni, «Barselona»ning asosiy muammolariga yechim berishidir. Ma'lumki, «Barselona» futbolchilari erkinlikni yaxshi ko‘rishadi va aynan shu jihat qaysidir ma'noda Valverde va Setenning muvaffaqiyatsizliklariga sabab bo‘ldi. Yulduz futbolchilarga mos tizim ishlab chiqish yo‘lida qiyinchiliklarga uchradilar.

Kuman esa o‘z g‘oyasi, uni amalga oshirish rejasi va kuchli yordamchilar bilan Barselonaga otlandi. Ko‘ramiz.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid