Jamiyat | 14:15 / 24.08.2020
23288
2 daqiqa o‘qiladi

Nikohdan ajrashishni qayd etish uchun qanday hujjatlar kerakligi ma'lum qilindi

Bugun, 24 avgust kuni Davlat xizmatlari agentligi brifingida nikohdan ajrashishni qayd etish uchun qanday hujjatlar kerakligi ma'lum qilindi.

DXA bo‘lim boshlig‘i Kamoliddin Xo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 218-moddasiga asosan er-xotinning o‘zaro roziligi bo‘lganda hamda o‘rtada voyaga yetmagan bolalari va mulkiy nizolari yo‘qligi tasdiqlangan holatda nikohdan ajralish fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga bergan arizalariga asosan qayd etiladi.

Er-xotindan birining arizasi bo‘yicha nikohdan ajralishni qayd etish uchun fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga quyidagilar taqdim etiladi:

  • er (xotin)ning muomalaga layoqatsiz yoxud bedarak yo‘qolgan deb topilgani to‘g‘risida sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluvchi qarori;
  • er (xotin) uch yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingani to‘g‘risida sudning qonuniy kuchga kirgan hukmidan ko‘chirma, shuningdek, sudlangan er (xotin)ning o‘rtadagi bolalari va mol-mulki yuzasidan nizosi yo‘qligi to‘g‘risidagi tilxat.

«Nikohdan ajralish ariza beruvchilarning yashash joyidagi FHDYo organiga ariza berilgan kundan boshlab uch oy muddat o‘tgach qayd etiladi», dedi DXA bo‘lim boshlig‘i.

Mavzuga oid