Jamiyat | 16:33 / 27.08.2020
49363
3 daqiqa o‘qiladi

«Murodboy ishi» bo‘yicha sud hukmi e'lon qilindi

2015 yilga qadar chinozlik Ahmadboyning yordamchilaridan bo‘lgan va xalq orasida Murodboy nomi bilan tanilgan Mirzamurod Yunusaliyev va uning jinoiy sheriklariga nisbatan sud hukmi o‘qildi.

U 27 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tuman sudi tomonidan JK 168-moddasi 3-qismining "a", "v" bandlari, 184-moddasining 3-qismi, 228-moddasining 3-qismi va 243-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

Sud jinoiy guruh rahbari bo‘lgan Mirzamurod Yunusaliyev – 9 yil, uning sheriklari G‘ofurjon Murodjonov – 8 yil, Amiran Qudratov – 8 yil, Erkin Sharipov – 8 yil, Sirojiddin Yo‘lchiyev – 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Guruhning qolgan 8 nafar a'zosi JKning 72-moddasiga asosan, ularning guruhdagi ishtirokchilik darajasi inobatga olinib, tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosidan shartli ravishda ozod qilinib, 3 yil sinov muddati belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil may oyidan qidiruvda bo‘lgan M.Yunusaliyev 2019 yil 27 aprel kuni qo‘lga olingan. U qidiruvdaligi bois harakatdan to‘xtatib qo‘yilgan jinoyat ishi qayta tiklangandi.

DXX Tergov boshqarmasi tomonidan tergov qilingan Ahmadjon Tursunboyevga nisbatan jinoyat ishidan alohida ish yurituviga ajratib olingan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergov harakatlari shu yilning boshida nihoyasiga yetgani haqida xabar berilgan edi.

Tergov harakatlari davomida M.Yunusaliyev 2016 yil yanvar oyida «ERKIN AVTO DILLER» nomli MChJ zamirida «moliyaviy piramida» tashkil etib, bu ishga o‘zining o‘nga yaqin jinoiy sheriklarini jalb qilgani, ular yordamida 6636ta holatda 4000 nafarga yaqin fuqaroning 26 mln 870 ming 51 AQSh dollari va 18 milliard so‘m miqdordagi pul va boshqa mol-mulklarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.

Jinoyat ishi bo‘yicha qariyb 8 milliard so‘mlik 18ta ko‘chmas mulk obektlari (uy, choyxona, do‘kon binosi, noturar bino va inshootlar) xatlangan. Fuqarolarga tegishli 85ta yengil avtomashinalar ashyoviy dalil tariqasida olingan. Ushbu avtomashinalarning barchasi belgilangan tartibda baholanib, o‘z egalariga qaytarilgan.

Mavzuga oid