DXX korrupsiya va firibgarlik bilan bog‘liq qator holatlarga chek qo‘ydi
Aniqlangan barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining sirtqi bo‘limi uslubchisi fuqaroga o‘zini mazkur universitet dekani o‘rinbosari deya tanishtirib, uning ishonchiga kirgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, u agar 1300 AQSh dollari bersa, tanishini universitetda yuqori lavozimda ishlovchi yaqin aloqalari orqali ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha sirtqi bo‘limga o‘qishga kiritib qo‘yishi mumkinligini aytadi. DXX hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida universitet uslubchisi kelishilgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Andijon davlat universiteti o‘qituvchisi ham abituriyentni ushbu oliy ta'lim muassasasining jismoniy madaniyat fakultetining sirtqi bo‘limiga o‘qishga kirishiga yordam berishni va'da qilib, undan 4000 AQSh dollari olgan vaqtida DXX Andijon viloyati boshqarmasi va Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Navoiy davlat pedagogika institutining marketing bo‘limi boshlig‘i ham mahalliy fuqarodan uning tanishini mazkur institutning musiqa fakultetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va'da qilib, 3000 AQSh dollari talab qiladi. DXX Navoiy viloyati boshqarmasi hamda Departamentning viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida marketing bo‘limi boshlig‘i so‘ralgan pulning yarmini, ya'ni 1500 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Sirdaryo viloyati boshqarmasining qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslari va yerlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi bosh inspektori Sayxunobod tumanidagi MChJni 1,5 gektar sug‘oriladigan yer maydonini go‘yoki o‘zboshimchalik bilan egallab olishi natijasida, davlatga 779 mln. 559 ming so‘m miqdorda zarar yetkazganlikda ayblab, mazkur holat yuzasidan Iqtisodiy sudga da'vo arizasini kiritmaslik va zararni yopish evaziga ushbu MChJ bosh hisobchisidan 500 AQSh dollari va 4 mln. so‘m talab qiladi. U mazkur pulni olgan vaqtida DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi hamda Departamentning viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
DXX Andijon viloyati boshqarmasi va Prokuratura xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bo‘ston tumani adliya bo‘limi bosh maslahatchisi fuqarodan 3000 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi. U muqaddam sud tizimida ishlaganligi bois, ushbu pul evaziga fuqaroga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudi tomonidan ko‘rilayotgan apellyatsiya ishini uning foydasiga ijobiy hal qilib berishni va'da qilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumani tibbiyot birlashmasining bosh shifokori o‘rinbosari o‘zi faoliyat yuritayotgan birlashmaga ishga qabul qilish uchun fuqarodan 1000 AQSh dollari so‘raydi. DXX hamda Prokuratura xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida bosh shifokor o‘rinbosari kelishilgan mablag‘dan 700 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda aniqlangan barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari doirasida ushbu noqonuniy ishlarga aloqador bo‘lgan shaxslarni aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Mavzuga oid
17:38 / 23.12.2024
O‘zbekiston jinoiy daromadlarni legallashtirish reytingida 81-o‘rinni egalladi
16:45 / 22.12.2024
Jizzaxda tadbirkorning binosi uchun foydalanishga ruxsatnoma olib bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
12:20 / 19.12.2024
Fransiya kassatsiya sudi Sarkoziga hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi
09:50 / 18.12.2024