Jahon | 10:50 / 23.09.2020
68868
27 daqiqa o‘qiladi

«Beslan. Unutma»: Birinchi qo‘ng‘iroqning alamli xotiralari yoxud 333 qurbon berilgan xato

Bundan 19 yil muqaddam Rossiya tarkibidagi Shimoliy Kavkazning kichik bir shaharchasida sodir bo‘lgan dahshatli voqea hanuzgacha ko‘pchilikning qalbini larzaga solib keladi.

Foto: Reuters

Beslan shahri Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kiruvchi Shimoliy Osetiya respublikasining Pravoberejniy tumani markazi hisoblanadi. Shaharda asosan osetinlar, ozroq ruslar va yana boshqa ko‘plab millat vakillari yashaydi. Beslan shahri aholi soni bo‘yicha Shimoliy Osetiyada Vladikavkaz va Mozdokdan so‘ng uchinchi shahar hisoblanadi.

Beslan fojiasi

2004 yil 1 sentabr, Beslan shahridagi barcha maktablarda bayramona kayfiyat hukmron. O‘quvchilar qo‘llarida gul tutib «Bilimlar kuni» munosabati bilan o‘tkaziladigan bayramga oshiqishyapti. Shu jumladan, shahardagi 1-sonli maktab o‘quvchilari ham.

O‘sha kuni ertalab soat 9:00da shahardagi 1-sonli maktabda ham yangi o‘quv yilining ochilishi munosabati bilan bayram tadbiri boshlanadi. Tadbirda maktab o‘quvchilaridan tashqari ularning ota-onalari va boshqa mehmonlar ham qatnashayotgandi. Shu payt bir guruh qora niyatli shaxslar maktabga kirib keladi. Ularning bir qismi maktab hovlisining orqa tomoniga o‘tadi. Bir qismi esa to‘g‘ri maktab hovlisiga bostirib kirib, qurollardan havoga o‘q uzib, barchani maktab sportzaliga haydashadi. O‘qituvchilar, o‘quvchilar hamda ularning ota-onalari shok holatiga tushadi va maktabga terrorchilar hujum qilganini anglashadi.

Oradan 10 daqiqa o‘tib Pravoberejniy tuman ichki ishlar bo‘limiga taxminan 20 nafardan oshiq qurollangan shaxs Beslandagi 1-sonli maktabda odamlarni garovga olgani haqida xabar kelib tushadi.

Bu paytda terrorchilar garovga olinganlarni maktab sportzaliga qamab, hamma joyga bomba o‘rnata boshlaydi va garovdagilardan uyali telefonlar, fotoapparatlar hamda sumkalarni tortib olishadi. Ular o‘zlariga qarshi chiqqan uch kishidan ikki nafarini otib o‘ldirishadi, uchinchisi og‘ir jarohatlanadi.

Shundan so‘ng terrorchilar garovga olinganlar orasidagi erkaklar va yuqori sinflarda o‘qiydigan o‘g‘il bolalarni alohida ajatib sportzaldagi xonalardan biriga qamab qo‘yishadi. Ayollar va bolalarning bir qismini tirik nishon sifatida derazalar oldiga tik turg‘izib qo‘yishadi, qolganlar sportzal sahniga joylashadi.

Terrorchilar Moskvadagi «Nord-ost» teatridagi ish bu yerda ham qaytarilmasligi uchun derazalarning oynasini sindirib chiqishadi (2002 yilda bir guruh terrorchilar Moskvadagi «Nord-ost» teatrida tomoshabinlar va teatr jamoasini garovga olganda ularni zaharli gaz bilan zaharlab so‘ng bino shturm qilingan edi).

Bu orada Beslandagi hodisadan Shimoliy Osetiya ichki ishlar vaziri Kazbek Dzantiyev va respublika rahbari Aleksandr Dzasoxov xabar topadi. Shundan so‘ng butun respublika bo‘ylab huquqni himoya qilish organlari oyoqqa turadi. Maktabni Pravoberejniy tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari o‘rab oladi.

Terrorchilar maktabni egallaganidan yarim soat o‘tib bu hodisa haqida Moskvaga, Federal xavfsizlik xizmati bosh idorasiga xabar beriladi. FXXda zudlik bilan «Qo‘lga olish» rejasi ishlab chiqiladi va maxsus guruh Beslanga jo‘natiladi.

Bu paytga kelib maktab atrofiga yong‘in xavfsizligi va favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari ham maxsus texnikalar bilan yetib keladi.

Beslandagi hodisadan xabar topgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sochida ta’tilda bo‘lishiga qaramay Moskvaga qaytadi.

Shundan so‘ng Beslanga Shimoliy Osetiya rahbari Aleksandr Dzasoxov, respublika parlamenti raisi Taymuraz Mamsurov, FXXning Shimoliy Osetiya bo‘yicha rahbari Valeriy Andreyev, Shimoliy Kavkazdagi 58-armiya qo‘mondoni V. Sobolev va boshqa ko‘plab mutasaddilar yetib kelishadi.

Soat 11:00da terrorchilar bilan muzokara o‘tkazish uchun V.Zanginov va Shimoliy Osetiya muftiysi Ruslan Valgasov oq bayroq ko‘targan holda maktab binosi tomon harakatlana boshlaydi. Biroq terrorchilar o‘q uzib ularni binoga yaqinlashtirmaydi.

Oradan biroz o‘tib terrorchilar garovga olingan ayollardan birini xat bilan tashqariga chiqarishadi. Xatda ular o‘zlari bilan muzokara o‘tkazish uchun Shimoliy Osetiya rahbari Aleksandr Dzasoxov, Ingushetiya respublikasi rahbari Murat Zyazikov, Rossiya prezidenti maslahatchisi Aslanbek Aslaxanov va bolalar shifokori Leonid Roshal (Yana bir versiyaga ko‘ra Rossiya xavfsizlik kengashi kotibi, general-polkovnik Vladimir Rushaylo) maktab ichkarisiga kirishi lozimligini talab qilishgan edi.

Terrorchilar ularning har biri uchun 150 nafardan bolani qo‘yib yuborishga va’da berishadi. Bundan tashqari, terrorchilar, agar huquqni himoya qilish organlari tomonidan maktabga qurolli hujum qilinadigan bo‘lsa, har bir halok bo‘lgan terrorchi uchun garovdagilardan 50 nafarini, har bir yaralangan terrorchi uchun esa garovdagilardan 20 nafari o‘ldirilishini ma’lum qilishadi.

Tushga borib Shimoliy Osetiyadagi har bir obektda xavfsizlik choralari ko‘rila boshlanadi. Gruziya bilan chegara yopiladi. Ingushetiya bilan chegaralardagi nazorat punktlari kuchaytirilgan tartibda ishlashga o‘tadi. Rossiya bo‘ylab Vladikavkazga uchadigan barcha reyslar bekor qilinadi.

Soat 12:31da maktab hovlisidagi isitish inshooti ichidan 15 nafar odam chiqib keladi. Ular terrorchilardan yashirinishga ulgurib qolgan odamlar bo‘lib chiqadi.

Kechga borib butun Shimoliy Kavkaz mintaqasida, Ingushetiya, Dog‘iston, Kabardin-Bolqor, Qorachoy-Cherkass, Adigey respublikalari va Krasnodar hamda Stavropol o‘lkalarida terrorchilarning ehtimoliy hujumlariga qarshi xavfsizlik choralarini ko‘rish e’lon qilinadi.

Soat 16:00-16:30 oralig‘ida maktab binosi ichida otishma ovozlari eshitiladi. Keyinchalik terrorchilar orasidagi ayolning beliga taqilgan portlovchi qurilma ehtiyotsizlik oqibatida portlab ketgani ma’lum bo‘ladi. Oqibatda terrorchi ayol halok bo‘ladi, yonidagi terrorchi esa og‘ir jarohat oladi. Bu hodisa sodir bo‘lganda terrorchilar garovdagilar bosh ko‘tarmasin deb qo‘lidagi qurollardan havoga o‘q otishgan edi.

Bu orada farzandlari garovda qolayotgan ota-onalar maktab yaqiniga yig‘ilib, Shimoliy Osetiya rahbariyatidan har qanday holatda maktabga bostirib kirmaslikni va terrorchilar bilan kelishib garovdagilarni ozod qilish talabini qo‘yishadi.

Kechga borib FXXning Shimoliy Osetiya bo‘yicha rahbari Valeriy Andreyev terrorchilar bilan aloqa o‘rnatilganini ma’lum qiladi. Terrorchilar garovdagilarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun berilgan taklifni rad etadi va tibbiy anjomlar, dori-darmonlar va oziq-ovqatni qabul qilishmaydi. Ular ilk talabda qat’iy turib oladi.

Ikkinchi kun

Ikkinchi kunda ham terrorchilar garovdagilar uchun tibbiy anjomlar, dori-daromonlar va yeguliklarni qabul qilishmaydi.

Foto: Shutterstock / REX

Terrorchilar hech qanday muzokaraga ko‘nishmaydi va dastlab talab qilgan shartlarida turib olishadi. Ular bilan rasmiylar orasida Leonid Roshal aloqachi bo‘lib turadi. Bolalar shifokori bo‘lgan bu shaxs 2002 yilda «Nord-ost» teatrida bo‘lib o‘tgan hodisada ham mutasaddilar va terrorchilar o‘rtasida vositachilik qilgan edi.

Vladimir Putin Turkiyaga rejalashtirilgan tashrifni bekor qiladi. 2 sentabr kuni kechki payt u televideniye orqali rossiyaliklarga qilgan murojatida hukumat rasmiylari uchun birlamchi maqsad garovdagilarni terrorchilar qo‘lidan sog‘-omon qutqarib olish bo‘layotganini bildiradi.

Tushdan keyin Ingushetiyaning birinchi prezidenti Ruslan Aushev maktab binosiga kirib boradi va terrorchilar bilan yuzma-yuz muzokara o‘tkazadi. Aushev terrorchilar bilan kelisha olmaydi, ammo bu harakati ortidan ular yosh bolasi bor 26 nafar ayolni garovdan ozod qilishadi.

2 sentabr kuni Ingushetiya prezidenti Ruslan Aushev terrorchilar bilan muzokara o‘tkazib, garovdagilarning 26 nafari ozod etilishiga erishadi - bular emizikli chaqalog‘i bo‘lgan ayollar edi
Foto: Reuters

Shifokor Leonid Roshal terrorchilar bilan garovdagilarga tibbiy anjomlar, dori-darmonlar va oziq-ovqat yetkazib berish masalasida muzokalalarni davom ettiradi. Terrorchilar yana rad javobini berishadi.

Uchinchi kun

Uchinchi kunga o‘tib garovdagilarning aksariyatining sog‘lig‘i yomonlasha boshlaydi. Soat 11:00ga borib tadbirkor Mixail Gutseriyev terrorchilar bilan, birinchi kun maktabning ikkinchi qavatidan tashlab yuborilganlarning jasadlarini tashqariga olib chiqish masalasida muzokaralar o‘tkazadi. Terrorchilar usti ochiq avtomobillarda jasadlarni yig‘ib olishga ruxsat berishadi.

Soat 12:40 da FVVga qarashli usti ochiq yuk mashinasi 4 nafar xodim bilan maktab hovlisiga kiradi. Xodimlar jasadlarni yig‘ishtira boshlaydi. Oradan 20 daqiqa o‘tib, ular jasadlarni yig‘ishtirishga ulgurmasidan maktab sportzalida ikkita kuchli portlash eshitiladi. Shundan so‘ng terrorchilarning sarosimaga tushib qolganidan foydalanib garovdagilarning bir qismi qocha boshlaydi. Terrorchilar ularni o‘qqa tutadi. Ana shu yerda garovdan qochganlardan 29 nafari halok bo‘ladi.

Portlash natijasida oshxona devori o‘pirilib tushgani tufayli terrorchilar garovdagilarning qolganini aktivlar zaliga va oshxonaga haydab o‘tishadi.

Shu paytda Valeriy Andreyev FXX maxsus bo‘linmasiga maktab binosini shturm qilib olish buyrug‘ini beradi. Shundan so‘ng keng qamrovda maktabni egallash operatsiyasi boshlanadi. FXX maxsus bo‘linmasidan tashqari, 58-armiya desantchilari, ichki ishlar organlari, hamma birdaniga hujumga o‘tadi.

FXX direktori Nikolay Patrushev Beslanga maxsus topshiriqli markaz bo‘linmalarini yuborgandi. Operatsiyada 250dan oshiq maxsus jangchilar ishtirok etgan.
Foto: Reuters

Ikki o‘rtada otishma yuz berar ekan, garovdagilar o‘q yomg‘iri ostida qochib chiqa boshlaydi. Ularning aksariyati o‘sha paytda turli jarohatlar oladi. 1200 nafardan oshiq odam uch kun davomida garovda o‘tirganiga qaramasdan mutasaddilar tomonidan maktab yaqiniga yetarli darajada tez yordam mashinalari keltirilmagani ma’lum bo‘ladi. Garovdan qochib chiqishda jarohat olganlarni ko‘plab ko‘ngillilar shaxsiy avtomobilida kasalxonaga tashiydi.

Tushga borib maktab binosining ichiga 58-armiya harbiylari va FXX maxsus bo‘linmasi xodimlari kiradi. Bu paytda terrorchilar garovdagilarning qochib chiqishga imkoni bo‘lmaganlarini jonli to‘siq sifatida foydalanish uchun, ularni eshik va darazalar oldiga turg‘izib qo‘yishgandi.

Tushdan so‘ng bo‘lib o‘tgan janglarda «Alfa» va «Vimpel» guruhlari maxsus bo‘linmasi oshxonaga kirishga urinadi. Terroristlar ularni o‘qqa tutadi. Shundan so‘ng maktabning turli tomonlaridan shturm boshlanadi. Terrorchilar va maxsus bo‘linmalar o‘rtasida ayovsiz jang kechadi.

Terakt uchun javobgarlikni chechen jangarilari yetakchisi Shamil Basayev o‘z zimmasiga olgan, u 2006 yilda Ingushetiyada Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan yo‘q qilingan
Foto: Reuters

Kechki payt soat 18:00ga borib garovdagilarning tirik qolgan qismi qutqariladi. Shundan so‘ng maktab binosini terrorchilardan tozalash uchun jang davom ettiriladi va yarim kechaga borib bino batamom tozalanadi.

Fojia qurbonlari

Beslan fojiasi oqibatida jami 333 nafar inson halok bo‘ladi. Ulardan 186 nafari bolalar edi.

Halok bo‘lganlarning tarkibi quyidagicha bo‘lgan:

  • 1 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan bolalar – 186 nafar;
  • Ota-onalar, mehmonlar – 111 nafar;
  • O‘qituvchilar va maktab xodimlari – 17 nafar;
  • FXX xodimlari – 10 nafar;
  • Qutqaruv ishlarida qatnashgan fuqarolar – 6 nafar;
  • FVV xodimlari – 2 nafar;
  • Ichki ishlar xodimlari – 1 nafar.

Beslan fojiasi Rossiya tarixida FXX xodimlari eng ko‘p halok bo‘lgan operatsiyadir.

Foto: Scott Peterson / Getty Images
Garovdagilar uch kun davomida maktab sport zalida suv va oziq-ovqatsiz tutib turilgan Foto: Reuters
Foto: Ramazan Lagkuyev / RIA Novosti

Beslan fojiasida jami 783 nafar inson turli darajadagi jarohatlar oladi. Ulardan 728 nafari garovga olingan shaxslar bo‘lsa, 55 nafari FXX maxsus bo‘linmasi xodimlari bo‘lgan. Beslan shahrining rasmiy saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra o‘shanda jarohatlanganlar 800 nafardan oshgan va ulardan 72 nafar bola va 69 nafar katta yoshdagi odamlar keyinchalik nogiron bo‘lib qolgan.

Fojiadan keyingi voqealar

Teraktdan keyin qurbonlar va jabrlanuvchilarning ota-onalari «Beslan onalari» tashkilotini tuzishgan
Foto: Reuters

Terrorchilar yo‘q qilingandan bir kun o‘tib mamlakat prezidenti Vladimir Putin Beslanga tashrif buyuradi. U eng avval shifoxonaga borib, u yerdagi jarohatlangan bemorlar holidan xabar oladi. Undan so‘ng tezkor shtabda jurnalistlarga intervyu beradi. Putin Beslandagi maktabni shturm bilan egallash rejada bo‘lmaganini, barchasi tabiiy jarayonda sodir bo‘lganinini aytadi. Shuningdek, u tez kunlarda davlatning yaxlitligini saqlash uchun mamlakat qonunchiligidagi bir qancha moddalar o‘zgartirilishini aytadi. Oradan ko‘p o‘tmay, 13 sentabrda Putin hududlar gubernatorlarini saylash tizimini bekor qilib, ularni markazdan tayinlash tizimini joriy qilish haqidagi qarorni imzolaydi. Bundan tashqari, Putin Moskvaga qaytgandanoq Shimoliy Osetiya Ichki ishlar vaziri Kazbek Dzantiyev va FXXning mazkur respublikadagi rahbari Valeriy Andreyevni ishdan bo‘shatadi.

Fojiadan 3 kun o‘tib, 6-7 sentabr kunlari Rossiyada motam kunlari deb e’lon qilindi.

Beslandagi vayron bo‘lgan 1-sonli maktab o‘rniga 2005 yil yangi maktab qurib beriladi. 1-maktab esa o‘sha fojiadan yodgorlik sifatida hanuz vayron bo‘lgan holida turibdi. Fojiadan roppa-rosa 1 yil o‘tib, 2005 yil 3 sentabrda fojia qurbonlarining asosiy qismi qabrga qo‘yilgan Beslandagi qabristonlardan birida ularga yodgorlik o‘rnatiladi.

Beslan fojiasida Rossiya hukumatining ayblanishi

2004 yilning 1 sentabrida Beslandagi bolalar bog‘chalarining yarmi ta’mirlash ishlari kechikkani tufayli ishlamayotgandi.
Shu tufayli onalar yosh bolalarini ham maktabga olib chiqishgandi Foto: Reuters

Yuqorida Beslandagi maktab sport zalida ikkita qattiq portlash sodir bo‘lib, so‘ng shturm bilan qo‘lga kiritilgani haqida aytildi. O‘shanda farzandi garovda qolayotgan ota-onalar Shimoliy Osetiya rahbarlaridan va huquqni himoya qilish organlaridan maktabni shturm bilan qo‘lga olmaslikni, terrorchilar bilan muzokara olib borishni va farzandlarini sog‘-salomat qaytarishni talab qilib chiqishgan edi. Shuningdek, Putin ham maktab shturm bilan olinmasligini, balki terrorchilar bilan oxirgi umidgacha muzokara o‘tkazilishini va garovdagilar eson-omon oilalariga qaytarilishini ma’lum qilgan edi.

Amalda esa hammasi boshqacha bo‘ldi. Rossiya FXX maxsus bo‘linmasi va harbiylar maktabni shturm bilan egallaydi. Oqibatda 333 nafar inson halok bo‘ldi, qariyb 800 nafar kishi turli darajada tan jarohati oladi. O‘shanda shturm natijasida 333 kishi halok bo‘lishi nafaqat o‘z yaqinini yo‘qotganlarni, balki boshqalarni ham juda g‘azablantirib yuboradi. Kavkazning turli shaharlarida fojiadan bir necha kun o‘tib keng ko‘lamli namoyishlar boshlanib ketadi. Namoyishga chiqqanlar hukumat Beslandagi maktabda garovga olinganlarni muzokara yo‘li bilan ham ozod qilishi mumkin bo‘lgan holda, keskin yo‘lni tanlab ko‘pchilikning halok bo‘lishiga sabab bo‘lgani uchun tanqid qilar edi.

Shuningdek, aksariyat ota-onalar hukumat maktabda garovga olinganlar soni 1200 nafardan oshishini aniq bilgan holda ularning sonini 354 nafar deb ommani chalg‘itgani uchun ham ayblashadi. Ularning fikriga ko‘ra, hukumat boshdanoq garovdagilar sonini yashirmay, ularning 1200 nafardan oshiq ekanini e’lon qilganda odamlar maktab shturm bilan olinishiga qattiq qarshilik ko‘rsatar edi.

O‘sha paytda aholi orasida «terrorchilar katta partiyadagi qurol-yarog‘ni maktabga olib kirib yashirib qo‘ygan» degan gaplar ham tarqaladi. Bu taxminda ham asos bo‘lishi mumkin, terrorchilar maktabni egallayotgan paytda ularning qo‘lida uncha ko‘p qurol bo‘lmagan. O‘zaro janglarda esa ular haddan tashqari ko‘p qurol-yarog‘ va o‘q-dori ishlatadi. Ammo Rossiya bosh prokuraturasi Beslan fojiasi haqidagi xulosasida bu taxminni batamom rad etgan.

Fojiadagi yana bir muhim hodisa, maktab sport zalida ro‘y bergan ikkita portlash maxsus xizmat xodimlari tomonidan otilgan minomyot tufayli yuzaga kelgan degan taxminni ham bosh prokuratura rad etadi. Hisobotda portlashlar terrorchilar qo‘lidagi portlovchi uskunalarning portlashi deb berilgan. Ammo keyinchalik garovda bo‘lganlar tashqaridan otilgan snaryad ichkarida portlaganini ma’lum qilishgan. Ularning fikricha, maktabni shturm qilish boshlanishidan oldin ichkariga snaryad otishgan.

Maktab binosi qamali 3 sentabr kuni yakunlanadi. Operatsiya shafqatsiz otishmalar va bombalar portlashi bilan kechadi.
Foto: Reuters

Keyinchalik, Beslandagi fojiada farzandlari halok bo‘lgan onalar tomonidan «Beslan onalari» va «Beslan ovozi» nodavlat tashkilotlari tuzildi. Bu tashkilotlarga boshqa ayollar ham a’zo bo‘lib kirishdi. Ushbu tashkilotlar tuzilganidan beri Beslan fojiasida qurbonlar sonining oshib ketishida bir qator mutasaddi shaxslar aybdor deb biladi. Ular Rossiya bosh prokuraturasidan FXXning Shimoliy Osetiya bo‘yicha rahbari Valeriy Andreyev, IIV rahbari Kazbek Dzantiyev va respublika rahbari Aleksandr Dzasoxovni jinoiy javobgarlikka tortish talabini qo‘ygan.

Rossiya prokuraturasi Shimoliy Osetiya rahbarlari ustidan jinoiy ish ochishni rad etadi. Shundan so‘ng ular sudga murojat qilib Rossiya bosh prokuraturasi chiqargan xulosani bekor qilishni ham so‘rashadi. O‘sha paytda bu da’vo Vladikavkaz shahridagi Lenin tumani sudi tomonidan qanoatlantirilgan. Rossiya bosh prokuraturasi esa Shimoliy Osetiya Oliy sudiga Lenin tumani sudi qaror chiqarishda jinoyat-protsessual kodeks normalarini buzgani haqida protest kiritadi.

«Beslan ishi» bo‘yicha sudlanganlar

Beslandagi maktabga hujum qilganlardan faqat bir nafari, Nurpashi Kulayev tiriklayin qo‘lga tushirilgan. U dastlabki tergovda garovga olinganlarga zo‘rlik ishlatmaganini, maktab oshxonasida o‘tirganini aytadi. Keyinchalik, u bilan yuzlashtirilgan guvohlar Kulayev ham terrorchilar tomonidan amalga oshirilgan zo‘ravonliklarda faol ravishda qatnashganini, bolalar suv so‘raganda ularni turtib, haqorat qilganini, yoshi kattaroqlarni esa qo‘lidagi qurol qo‘ndog‘i bilan urgani va janglarda qatnashganini aytib berishadi.

Kulayev jinoyat kodeksining bir qancha moddalari bo‘yicha aybdor deb topiladi va unga umrbod qamoq jazosi beriladi.

Shuningdek, Beslan fojiasida ikkita tuman ichki ishlar xodimlari aybdor deb topilib sud qilinadi. Beslan shahri joylashgan Pravoberejniy tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari terrorchilarning maktab binosigacha to‘siqsiz yetib kelganiga e’tiborsizlik qilgani uchun javobgarlikka tortilgan.

Ikkinchisi, Ingushetiyaning Malgobekskiy tumani ichki ishlar xodimlari aynan shu tumanda Beslandagi maktabga hujum qilgan terrorchilarning dala lageri joylashganiga yetarlicha e’tibor bermaganlikda ayblangan. Shimoliy Osetiyadagi hamkasblaridan farqli o‘laroq ingushetiyalik ichki ishlar xodimlari sudda oqlanishadi. Shundan so‘ng «Beslan onalari» tashkiloti sudning qaroridan norozi bo‘lib apellyatsiya beradi. Ammo Rossiya Oliy sudi qarorni o‘zgarishsiz qoldiradi.

Yevropa sudiga da’vo arizalari

Beslandagi fojiada farzandlarini yo‘qotgan jabrdiyda ota-onalar Rossiyadagi sud jarayonlarida natijaga erisha olmagach, inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga murojat qilishadi. 2007 yildan 2011 yilgacha jami 400 nafar ota-ona Yevropa sudiga bir necha marta da’vo arizalari yo‘llashadi. Ularning da’vosiga ko‘ra, Beslan voqeasida rossiyalik mutasaddilar Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasini bir qator moddalarini buzgan.

Ko‘p yillik surishtiruvlardan so‘ng, 2017 yil 13 aprelda Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi mazkur ish bo‘yicha o‘z qarorini e’lon qiladi. Unga ko‘ra, Rossiya hukumatida terrorchilarning Shimoliy Kavkazdagi obektlarga hujum qilishi mumkinligi haqida ma’lumotlar bo‘lgan.

Shuningdek, Rossiya tomoni Beslandagi maktabni shturm qilishda tank pushkalari, granatomyot va ognemyotlardan foydalanishi qonunga zid bo‘lgan deb topiladi.

Shu tariqa, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi, Rossiya hukumati da’vogarlarga ma’naviy zarar uchun umumiy 2 955 000 yevro, ularning vakillariga 88 000 ming yevro to‘lab berishi haqida qaror chiqaradi.

Rossiya Adliya vazirligi Yevropa sudining qarorini «asosga ega emas» deb baholaydi. Rossiya hukumati esa sudning qarori bo‘yicha apellyatsiya beradi. 2017 yil 19 sentabrda Yevropa sudi o‘z qarorini o‘zgarishsiz qoldiradi.

Beslan fojiasi haqida komissiyalar xulosalari

2004 yil 22 sentabrda Beslan fojiasi bo‘yicha Parlament komissiyasi tuziladi. Shuningdek, Bosh prokuratura va Shimoliy Osetiya hukumatlarining xulosalari e’lon qilinadi. Ularning aksariyatida Shimoliy Osetiya mutasaddilari yo‘l qo‘ygan xatolar qayd etiladi. Ammo fojiadan jabrlanganlarning fikricha, ularning barchasi ishni juda yuzaki o‘rgangan va xulosa quruq gaplardan iborat bo‘lib qolgan. Masalan, o‘sha paytda «Beslan haqiqati» sayti parlament komissiyasi xulosasining aksar qismi tergov materiallaridan shundoq ko‘chirib qo‘ya qolingani haqida ham yozib chiqadi.

Oradan biroz o‘tib, parlament komissiyasi tarkibida bo‘lgan deputat Yuriy Savelev parlament komissiyasi tomonidan taqdim etigan xulosaga qo‘shilmaydi va o‘z xulosasini e’lon qiladi.

Savelevning xulosasiga ko‘ra, terrorchilar 25 nafar emas, balki bundan ikki baravar ko‘p bo‘lgan. Shuningdek, sportzalda sodir bo‘lgan dastlabki ikkita portlash terrorchilar qo‘lidagi bombalar tufayli emas, tashqaridan FXX maxsus bo‘linmasi tomonidan binoni shturm qilish uchun termobar granata otilishi natijasida kelib chiqqan. Bundan tashqari, Savelev sportzalda kelib chiqqan yong‘in paytida terrorchilarning bir qismi qochib chiqib ketgan va yashiringan deb hisoblaydi. O‘shanda garovda bo‘lganlarning ko‘pchiligi Savelevning xulosasi haqiqatdan yiroq deb topadi. Chunki, ular ichkarida terrorchilar sonini taxminan ko‘rishgan va bergan guvohliklarida ularning soni 20 nafardan oshiqroq bo‘lganini aytishgan. Savelev xulosasining qolgan qismini hukumat mutasaddilari ishonchsizga chiqaradi.

Hodisaning OAVda yoritilishi

Beslan fojiasi haqida omma xabar topishi bilan bu shaharga ko‘plab jurnalistlar va muxbirlar oshiqadi. Ammo huquqni himoya qilish organlari ko‘proq tanqidiy ruhda material beradigan OAV vakillarini Beslanga kiritishmaydi. Davlatga qarashli OAV vakillari ham maktab shturm bilan olinguncha hodisa joyiga yaqinlashtirilmaydi. Tanqidiy materiallar beradigan OAV xodimlari maktab shturm bilan olingandan keyin ham hodisa joyiga kiritilmaydi.

Keyinchalik, davlat nashrlarida ishlagan ayrim jurnalistlar o‘shanda Beslanda ishlagan paytlarida har bir olingan kadr hisobotini FXXga berib turishganini, maktabning holatini to‘liq ko‘rsatishga ruxsat berilmaganini aytishgan.

Umumiy xulosalar

Beslan fojiasida qurbonlar soni kamroq bo‘lishi mumkinmidi? Ko‘pchilik mutaxassislar Beslandagi hodisani kam qurbon evaziga bartaraf etsa ham bo‘lardi deb hisoblaydi. Ularning fikricha, Rossiya hukumati va huquqni himoya qilish organlari eng oson yo‘lni tanlaydi hamda bir hovuch terrorchilarni yo‘q qilish uchun yuzlab fuqarolar halok bo‘lishiga sabab bo‘lishadi. Keyinchalik garovda bo‘lganlarning hikoya qilishicha, o‘sha kuni maktabda halok bo‘lgan va jarohat olganlarning qariyb barchasi shturmchilar tomonidan otilgan o‘qlardan halok bo‘lgan, yaralangan.

Maktabni qo‘lga olgan terrorchilar Shimoliy Osetiya rahbari Aleksandr Dzasoxov, Ingushetiya respublikasi rahbari Murat Zyazikov, Rossiya prezidenti maslahatchisi Aslanbek Aslaxanov va bolalar shifokori Leonid Roshal (Boshqa versiyaga ko‘ra Rossiya xavfsizlik kengashi kotibi, general-polkovnik Vladimir Rushaylo)ni talab qilib ularning har biri uchun 150 nafardan o‘quvchini ozod qilishini bildiradi. O‘sha paytda terrorchilarning va’dasiga ishonib bo‘larmidi? Ko‘pchilikning fikriga ko‘ra o‘shanda terrorchilarning talabiga ko‘nish va tavakkal qilib bo‘lsada, 333 nafar qurbon berguncha to‘rt nafar shaxsni terrorchilarga topshirish kerak edi.

Beslan haqida hujjatli film

2019 yilda rossiyalik jurnalist Yuriy Dud «Beslan. Unutma» hujjatli filmini omma e’tiboriga havola qildi. Uch soatdan oshiq davom etadigan ushbu filmda u Beslan hodisasida bevosita ishtirok etgan jabrdiydalar, sobiq mutasaddilar va boshqalar bilan suhbatlashib ulardan voqealar tafsilotini surishtiradi. Dud bilan suhbatlashganlar o‘shanda Beslanda sodir bo‘lgan voqealarda o‘zi guvohi bo‘lgan hodisalarni qanday ro‘y bergani haqida gapirib berishadi. Filmda terrorchilar tomonidan suratga olingan videotasvirlardan ham foydalanilgan. Shuningdek, filmda o‘sha paytda Rossiya telekanallarida Beslandan uzatilgan lavhalar ham bor.

Rossiyada 1 sentabr kuni «Bilimlar kuni» sifatida nishonlanadi. Ota-onalar farzandlarini xursand bo‘lib maktabga olib borishadi. O‘z tarixini unutmaydigan osetiyaliklar esa birinchi qo‘ng‘iroq kuni Beslanda nima bo‘lganini qayg‘u bilan eslashadi.

Fojia qurbonlari dafn etilgan «Farishtalar shahri» qabristonida 
Foto: Reuters

Bugun Beslandagi 1-sonli maktab binosi o‘sha paytda qanday vayron qilingan bo‘lsa, o‘sha holatda turibdi. Har yil 1-3 sentabr kunlari u yerga minglab insonlar tashrif buyurib fojia oqibatida halok bo‘lganlarni eslashadi va gullar hamda o‘yinchoqlar qo‘yib ketishadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Mavzuga oid