Jahon | 20:24 / 24.09.2020
10442
1 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Belarusga safarini bekor qildi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Belarusga safari bekor qilindi. Bu haqda uning matbuot kotibi Yuliya Mendel ma'lum qildi.

Foto: amp.znaj.ua

Ta'kidlanishicha, Zelenskiy Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning taklifi bilan oktyabrda Belarusning Grodno shahriga tashrif buyurishni rejalashtirgandi.  

Grodnoda Belarus va Ukraina hududlarining iqtisodiy forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lgan. Forumga Zelenskiy tashrif buyurishi kutilgan. 21 sentyabrda Belarusning Kiyevdagi elchisi Igor Sokol Ukraina tomoni Minskga forumni bir yil keyinga ko‘chirish taklifi bilan murojaat qilganini ma'lum qilgan.
 
Avgust oxirida Ukraina tashqi ishlar vazirligi Belarusdagi noroziliklar ortida Minsk bilan barcha aloqalar to‘xtatilganini ma'lum qilgan. Ukraina rasmiylari Belarusdagi namoyishlarning kuch bilan bostirilishini bir necha marotaba tanqid qilishgan hamda o‘z davlatida tahqirlanayotgan belaruslarga Ukrainada himoya taklif qilishgan. Zelenskiy va Lukashenko oxirgi marta Belarusda 9 avgustda o‘tgan saylovlar oldidan muloqot qilishgan.

Mavzuga oid