Iqtisodiyot | 15:08 / 23.10.2020
6681
3 daqiqa o‘qiladi

«Barcha harakatlarimiz inflatsiyani ushlab turishga qaratilgan» – MB raisi

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov inflatsiya ko‘rsatkichi o‘smasligi, uni ushlab turish uchun pul siyosati qat'iylashtirilishi ehtimoli haqidagi savolga javob qaytardi.

«Barcha harakatlarimiz inflatsiyani ushlab turishga qaratilgan. Agar e'tibor qilgan bo‘lsangiz, ko‘plab mamlakatlar, savdo hamkorlarimiz qayta moliyalashtirish stavkasini keskin pasaytirishdi. Biz ikki marta pasaytirdik, biroq nisbatan kamroq hajmda. Bu ham instrumentlardan biri.

Boshqa instrumentlardan ham foydalanyapmiz. Biz uchun inflatsiya eng muhim masala. Likvidlik, likvidlik absorbatsiyasi, pul massasini tartibga solishning boshqa instrumentlari, pul sharoitlarini o‘zgartirish bo‘yicha boshqa tasavvurlarimiz bor. Biz ulardan foydalanyapmiz.

Misol uchun, biz bu oyda tijorat banklariga 2 trillion so‘m miqdorida likvidlik taqdim etdik. Bu inflatsiya darajasiga qanday ta'sir ko‘rsatdi? Aytishim kerakki, uning ta'siri minimal darajada.

Nima uchun? Biz tijorat banklariga likvidlikni joriy hisob-kitob, to‘lovlarni amalga oshirish, ularning likvidligini qo‘llab-quvvatlash uchun taqdim etamiz. Bu yerda uning inflyatsion omili minimal. Agar bizning tijorat banklariga taqdim etilgan kreditlarimiz iqtisodiyotga kreditlar ko‘rinishida qo‘yilganida, ha bu yerda his qilgan bo‘lardik.

Biz bu richagdan hozir minimal darajada foydalanyapmiz. Har safar har bir bankka individual yondashamiz», deya Markaziy bank raisi so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

U foiz stavkasining pasaytirilishi kapitalning mamlakatdan chiqib ketishi va milliy valuta kursining xorijiy valuta nisbatan pasayishiga olib kelishi ehtimoli haqidagi savolga javob qaytardi.

«Foizlarning maqbul chegarasi borasida qaror qabul qilayotganimizda uzoq vaqt davomida bahslashdik. Bizda ham tijorat banklaridan mablag‘ chiqib ketishi va valuta kursining o‘zgarishi borasida qo‘rquvlar bo‘ldi.

Bu borada shuni aytishim kerakki, biz bu siyosatning tijorat banklari depozitlariga ta'sirini sezmadik. Joriy yilning 9 oyini ko‘zdan kechiradigan bo‘lsak, jami pul massasi 16,7 foizga o‘sdi. Milliy valutadagi depozitlar esa 18,7 foizga o‘sdi.

Bu bilan aytishimiz mumkinki, maqbul foiz siyosati tijorat banklari depozitlarining kamayishi yoki o‘zgarishiga sezilarli darajada ta'sir qilmadi», deya Markaziy bank raisining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mamarizo Nurmuratov foiz stavkasining pasaytirilishi milliy valuta kursiga ham ta'sir qilmaganini aytdi.

«Aytishim kerakki, kursning volatilligi mart-aprel oylarida kuchli sezildi. Undan keyin milliy valuta kursi xotirjam holatda ushlanib turibdi. Bozorning bu segmentida ham foiz stavkalarining pasaytirilishi borasidagi choralar ta'sirini sezmadik», dedi u.

Avvalroq, Markaziy bank sentabr oyida yillik inflatsiya darajasi 11,7 foizni tashkil qilgani haqida ma'lumot bergan edi.

Mavzuga oid