Light | 11:09 / 25.10.2020
47517
11 daqiqa o‘qiladi

Sovuq suvda cho‘milish demensiyaning oldini olishi mumkinmi?

Kembrij universiteti olimlarining aniqlashicha, sovuq suvda cho‘milish demensiya kabi miya degenerativ kasalliklarining oldini oladi.

Demensiya - bir qator kasalliklarning umumiy atalishi bo‘lib, unda miya to‘qimalarining o‘lishi ro‘y beradi. Kasallik miya to‘qimalarining bir-biriga uzviyligini ta'minlaydigan atsetilxolin moddasi yetishmasligidan kelib chiqadi. Bunda bemorlarning 60 foizida Alsgeymer kuzatiladi. Kasallik vaqt o‘tishi bilan kuchayib boradi va bemorning butunlay imkonsizligiga olib keladi. 

Uning birinchi belgisi sifatida eslash qobiliyati buziladi. Keksa odam nafaqat yangi xabarni eslay olmaydi, balki o‘zida ilgari mavjud xabarlarni ham esdan chiqaradi. U kecha, undan oldin, o‘tgan yil nima bo‘lganini xotirasidan yo‘qotadi. Bemorlar ko‘proq bolalik xotiralarini yodga ola boshlashadi. O‘zlarining xotiralari bilan vaqtlarni o‘zgartirib yuborishadi. Demensiyaga uchragan xastalarning kundalik hayotlari o‘zgaradi, ular endi o‘z-o‘zlariga xizmat qila olishmaydi. Kiyinish, shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, ovqatlanish qobiliyatlari unutiladi. Jamiyat tartiblari o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Oxir-oqibat bemor atrofdagilarga to‘liq tobe bo‘lib qoladi.

Olimlar Londonning Hempsted-Hit parki basseynida suzuvchi «morjlar» qonida ilk marta maxsus «sovuq shok» oqsilini aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi. 
Ushbu oqsil demensiya  rivojlanishini susaytiradi va sichqonlar ustida o‘tkazilgan tajribalarda isbotlanganidek, hatto ushbu kasallik natijasida zararlangan asab tolalarini qayta tiklashga qodir. 

Kembrij universitetining Demensiyani o‘rganish bo‘yicha tadqiqot markazi rahbari, professor Jovanna Malluchchining so‘zlariga ko‘ra, ushbu kashfiyot Alsgeymer kasalligi rivojlanishining oldini olishga yordam beruvchi yangi dori yaratilishiga turtki bo‘lishi mumkin. 

Olimlarni birinchi navbatda deyarli barcha sutemizuvchilarning past tashqi harorat ta'siri ostida karaxt holatga tushish qobiliyati qiziqtiradi. Bunday holatda tanadagi barcha hayotiy jarayonlar sekinlashadi.

Aniq yutuqlarga qaramay, ushbu tadqiqot hali boshlang‘ich bosqichda. 

Buyuk Britaniyada hozirgi kunda qarilik demensiyasining turli darajalaridan 1 milliondan ortiq bemor aziyat chekmoqda va bu raqam 2050 yilga kelib ikki baravarga ortadi. 

Ushbu kasallikdan samarali davolash usuli hali yaratilmagan. 

Ayiqlar va tipratikanlar
Inson tana harorati sovishining miyani muayyan holatlarda himoya qilishi mumkinligi shifokorlarga avvaldan ma'lum.

Miya jarohati olgan insonlarga yoki yurak jarrohlik amaliyoti oldidan tana haroratini pasaytirish orqali anabioz kiritiladi.

Biroq, olimlar sovuq nima uchun bunday himoya ta'siriga egaligini aniqlay olishmagan.

Ma'lum bo‘lishicha, bu sinapslar - miyaning asab hujayralari orasidagi aloqa joylarining paydo bo‘lishi va parchalanishi bilan bog‘liq.

Alsgeymer kasalligi va boshqa neyrodegenerativ xastaliklar rivojlanishining dastlabki bosqichlarida ushbu neyron aloqalar shikastlanadi.

Bu demensiyaga xos bo‘lgan unutuvchanlik, ong chalkashishi, kayfiyatning keskin o‘zgarishi va keyinchalik miyaning butun bir qismi halokatga uchrashi kabi bir qator alomatlarga sabab bo‘ladi.

Professor Malluchchini alohida qiziqtirgan jihat shundaki, miyadagi neyron hududlarning shunga o‘xshash qurib qolishi qish uyqusiga ketuvchi hayvonlar, masalan, ayiqlar, tipratikanlar va ko‘rshapalaklarda ham kuzatiladi.

Ulardagi sinapslarning taxminan 20-30 foizi qish uyqusidagi organizmning barcha hayotiy jarayonlari sekinlashishi bilan qurib qoladigandek tuyiladi.

Biroq sinapslar hayvonlarning bahor kelib qish uyqusidan uyg‘onishi bilan hayratlanarli ravishda qayta tiklanadi.

Sovuq nima sababli xavfli bo‘lishi mumkin?

Sovuq inson tanasiga juda kuchli ta'sir ko‘rsatadi. 

Sovuq suvga tushish shoki pulsning keskin tezlashishi va qon bosimi ko‘tarilishiga olib keladi, bu esa yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘rigan odamlarda miokard infarkti yoki insult xavfini orttirishi mumkin. 

Bu, shuningdek, konvulsiv nafas olish xurujiga (akashak) olib kelishi ehtimoli bor va odam oxir-oqibat bo‘g‘ilib, cho‘kib ketishi ham mumkin.

Odam suvda qancha ko‘p vaqt qolsa, uning reaksiyalari shunchalik sekinlashadi. Ba'zida odamlar bunday vaziyatda o‘z chaqqonligini yo‘qotadi, chalkashliklarni his qiladi va qirg‘oqqa chiqishda qiyinchiliklarga duch keladi. 

Porsmut universitetining Ekstremal sharoitlarni tadqiq qilish laboratoriyasi doktori Hezer Messining ta'kidlashicha, bir necha asosiy qoidani yodda tutish kerak: 

  • Sovuq suvga sho‘ng‘ishdan avval sog‘lig‘ingiz bunga imkon bera olishiga amin bo‘lishingiz kerak va agar shubhalansangiz, shifokor bilan maslahatlashing;
  • Qishki suzishga odatlangan va mahalliy havzalarni biladigan odamlar bilan suzing;
  • Sovqotishni boshlashingiz bilanoq suvdan chiqing;
  • Boshpana toping, ho‘l kiyimlaringizni yechib, quruq kiyimga o‘ting va iloji boricha ko‘proq kiyim kiying, jun qalpoq va qo‘lqoplarni unutmang;
  • Harakatlaning, yengil mashqlar bajaring, qo‘llaringizni silkiting va tanadagi titroqdan qo‘rqmang - aynan shu tezroq isinishga yordam beradi.

Ammo, doktor Messining ogohlantirishicha, issiq vanna yoki dush qabul qilmang. 

Tana isishi bilan qon bosimi keskin pasayishi mumkin, bu esa hushdan ketishga olib keladi.

«Sovuq shok» va uning kimyoviy tarkibiy qismi
Kembrij olimlari guruhi 2015 yildayoq organizmdagi sovuq shokka hamrohlik qiluvchi o‘ziga xos kimyoviy moddalarni topishgandi. 

Tajriba davomida ular odatiy sog‘lom sichqonlarni, shuningdek, Alsgeymer va prion (neyrodegenerativ tasnifga oid) kasalligiga chalingan sichqonlarni gipotermiya holatigacha sovutishdi - ya'ni sichqonlarning tana harorati Tselsiy bo‘yicha 35 darajadan pastga tushdi. 

Hayvonlar normal holatga qaytarilgandan so‘ng, faqat odatiy sichqonlar o‘zlarining barcha neyron aloqalarini yoki sinapslarini tiklay olishi, ammo Alsgeymer va prion kasalligi bilan og‘riganlar bunga qodir emasligi aniqlandi. 

Olimlar, shuningdek, «sovuq shok»ni boshdan kechirayotgan organizm tomonidan ishlab chiqarilgan RBM3 oqsilining darajasi sog‘lom sichqonlarda keskin ko‘tarilib tushgan, ammo bemorlarda esa - yo‘q. 

Bu shuni ko‘rsatdiki, aynan RBM3 oqsillari yangi neyron bog‘lanishlarning paydo bo‘lishi uchun javobgar bo‘lishi mumkin.

Kembrij universiteti olimlari o‘z kashfiyotlarini sichqonlarda RBM3 oqsili darajasini sun'iy oshirish usuli orqali Alsgeymer va prion kasalliklarida miya hujayralari halokatini oldini olish mumkinligini isbotlagan boshqa bir tajriba orqali isbotlashdi. 

Bu demensiyani tadqiq qilishda katta yutuq hisoblanadi. Olimlarning xulosalari Nature ilmiy jurnalida e'lon qilindi. 

Qishda cho‘miluvchilar
Endi professor Malluchchi tanadagi RBM3 oqsilini ishlab chiqarishni qo‘zg‘atishi mumkin bo‘lgan dori odamlarda neyrodegenerativ kasalliklar rivojlanishini pasaytirishga va hatto qisman davolashga yordam berishi mumkin deb hisoblamoqda.

RBM3 oqsili odam qonining odatiy tahlilida aniqlanmagani sababli, uning paydo bo‘lishini aniq tushunish mantiqiy qadam edi, ammo buning uchun tajribada ishtirok etuvchilarni gipotermiyaga duchor qilish kerak bo‘ldi.

Tibbiy etika qoidalariga ko‘ra, buni amalga oshirish unchalik oson bo‘lmagan, bu haqda  professor Malluchchi bir vaqtlar BBC radiosiga bergan intervyusida aytib o‘tgan. 

Keyinchalik Londonning Hempstid-Hit parkidagi ochiq hovuzda qishda suzishni yaxshi ko‘ruvchi ixlosmandlar kichik guruhidan bo‘lgan suzuvchi Martin Peyt yordamga keldi.
U professorga elektron pochta orqali xabar yuboradi va unda o‘zi singari bir necha kishi morjlar bilan muntazam ravishda - ilmiy maqsadlar uchun - sovuq suvda suzishga tayyorligini aytadi.

Professor Malluchchi 2016-2018 yillar oralig‘idagi uch qish davom etgan ushbu tajribaga rozi bo‘ladi va uning jamoasi ishtirokchilar qonidagi «sovuq shok» oqsilini muntazam ravishda o‘lchab turadi.

Nazorat guruhi sifatida olimlar basseyn yonida mashg‘ulot olib borgan, ammo qishda unda hech qachon suzmagan tay-chi klubi a'zolarini tanlashgan.

Asosiy guruh ishtirokchilarining aksariyatida tana harorati 34 darajagacha tushib, RBM3 oqsili miqdori oshgani ma'lum bo‘ldi.

Shu bilan birga, tay-chi guruhining hech bir a'zosida RBM3 oqsili topilmadi, ammo ular bu kabi keskin gipotermiyani boshdan kechirishmadi. 

Sovuq demensiya rivojlanishini sekinlashtirishi mumkinmi?
Qishki suzuvchilar guruhi bilan olib borilgan tadqiqotlarning borishini bir qator onlayn ma'ruzalarda ko‘rish mumkin, ammo bu borada hali ilmiy maqola yo‘q.

Boshqa bir qator tadqiqotlarda olimlar, masalan, infarkt yoki insultga uchragan va sun'iy gipotermiyani boshdan kechirgan chaqaloqlar yoki bemorlarda RBM3 oqsilining yuqori darajasini aniqlashdi.

Bularning barchasi odamlarning qish uyqusiga ketuvchi sutemizuvchilar singari «sovuq shok» oqsillarini mustaqil ishlab chiqarishi mumkinligini ko‘rsatadi, deydi professor Malluchchi.

Biroq, gipotermiya xavfi potensial foydadan ustundir, shuning uchun sovuq suvda suzish demensiyani davolash vositasi emas. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vazifa inson organizmida ushbu oqsilni ishlab chiqarishni rag‘batlantiradigan dori yaratishdir. Bu haqiqatan ham demensiya boshlanishini kechiktirishga yordam berishiga ishonch hosil qilish yanada muhimdir. 

Ma'lumki, bu keksa odamlarning kasalligi, shuning uchun ushbu kasallik rivojlanishining ozgina kechikishi ham shaxsning, ham butun jamiyatning hayot sifatiga ulkan ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

«Agar butun aholi o‘rtasidagi demensiya rivojlanishi xavfini atigi bir necha yilga sekinlashtirishning iloji topilsa, bu iqtisodiyot, qolaversa sog‘liqni saqlash sohasida juda katta ta'sirga olib keladi», deb hisoblaydi professor Malluchchi.

Mavzuga oid